Jahon | 00:43 / 04.03.2025
24303
3 daqiqa o‘qiladi

«Bu Zelenskiyning eng yomon bayonoti» - Tramp Ukraina prezidentining tinchlik bitimi to‘g‘risidagi so‘zlari haqida

Donald Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Amerika qo‘llab-quvvatlovi bor ekan urushni to‘xtatishni xohlamasligini ma’lum qildi. 

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp Volodimir Zelenskiyning tinchlik bitimiga hali «juda, juda uzoq» ekani borasidagi so‘zlarini Ukraina prezidentining «eng yomon bayonoti», deb atadi.

«Bu Zelenskiy bergan eng yomon bayonotdir va Amerika bunga uzoq vaqt chidab turmaydi! Aytganimdek, bu yigit Amerika qo‘llab-quvvatlovi bor ekan tinchlik bo‘lishini xohlamaydi, Yevropa esa Zelenskiy bilan uchrashuvda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ular bu ishni AQShsiz qila olmasliklarini bildirdi — ehtimol, bu Rossiyaga qarshi kuchlarni namoyish etish maqsadida qilingan eng yaxshi bayonot emasdir. Ular nimani o‘ylayapti?», — deb yozadi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘iga. 

U o‘z postiga Associated Press’ning 3 martdagi «Zelenskiy Rossiya bilan urush tugashiga «hali juda, juda uzoq» ekanini ma’lum qildi», sarlavhasi ostidagi materiali havolasini qoldirgan. Unda agentlik Zelenskiyning Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urushning to‘xtatilishiga «hali juda, juda uzoq» ekani haqida aytgan gapidan iqtibos keltirgan va u Oq uyda Donald Tramp bilan yuz bergan tortishuvga qaramay, Amerika qo‘llab-quvvatlovini olishni davom etish niyatida ekanini qo‘shimcha qilgan.

«O‘ylaymanki, AQSh bilan munosabatlarimiz davom etadi, chunki bu tasodifiy munosabatlardan kattaroq narsa», — deya AP Zelenskiy so‘zlarini keltiradi.

Volodimir Zelenskiy 28 fevral kuni Oq uyda Donald Tramp va uning vitse-prezidenti Jyey Di Vens bilan uchrashdi. Muzokaralar ikki mamlakat yetakchilarining tortishuvi bilan yakunlandi. Zelenskiy Trampning so‘roviga ko‘ra, Oq uyni muddatidan oldin tark etdi. Tomonlar Ukrainada nodir metallarni qazib olish bo‘yicha bitimni imzolamadi. 

Shundan so‘ng, Ukraina prezidenti Londonga uchib, bosh vazir Kir Starmer bilan uchrashdi. Ertasi kuni esa Yevropa yetakchilari ishtirokida Ukrainani qo‘llab-quvvatlash masalasiga bag‘ishlangan sammit bo‘lib o‘tdi. Sammit yakunida Starmer Buyuk Britaniya va Fransiya Ukraina bilan birga o‘t ochishni to‘xtatish rejasi ustida ish olib borishi, keyin esa uni AQShga taqdim etishini ma’lum qildi.

Mavzuga oid