Jahon | 14:45 / 02.03.2025
10442
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy va Tramp o‘rtasidagi tortishuv AQShning Ukrainaga butun yordamini xavf ostida qoldirdi

Oq uydagilar AQSh harbiy harakatlarni to‘xtatishda vositachi bo‘lib qolishiga shubha qilishmoqda.

Andrew Harnik / Getty Images

28 fevral kuni Oq uyda AQSh va Ukraina prezidentlari Donald Tramp va Volodimir Zelenskiy o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, unda tabiiy resurslar bo‘yicha kelishuv imzolanishi kutilgan edi.

Uchrashuv davomida Tramp, Zelenskiy va vitse-prezident Jyey Di Vens jurnalistlar ko‘z o‘ngida dahanaki bahsga kirishdi. Shundan so‘ng uchrashuv to‘xtatildi va kelishuv imzolanmadi. Tramp Zelenskiyga «tinchlikka tayyor bo‘lganida qaytish»ni taklif qildi.

Amerika nashlari uchrashuvdan so‘ng darhol bu bahslashuv AQSh tomonidan Ukrainaga yordam ko‘rsatilishini shubha ostiga qo‘ygani haqida yozishni boshladi.

The Washington Post nashri shaxsi sir qolishini istagan yuqori martabali mulozimga tayanib, Oq uy hozirgi harbiy ta’minotni to‘xtatish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini yozdi. Agar tegishli qaror qabul qilinsa, u umumiy qiymati milliardlab dollar bo‘lgan radarlar, transport vositalari, o‘q-dorilar va raketalarga taalluqli bo‘ladi.

Nashr suhbatdoshi ta’kidlashicha, bu variant Zelenskiyning Oq uydagi bayonotlari va «tinchlik jarayonidagi murosasizligi»ga javob sifatida ko‘rib chiqilmoqda.

The News York Times manbalari xabar berishicha, AQSh Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni, jumladan, razvedka ma’lumotlarini almashish, ukrainalik harbiylar va uchuvchilarni tayyorlash kabi bilvosita yordamni butunlay to‘xtatishi mumkin. «Tramp har qanday keyingi yordamni bosim dastagi sifatida ko‘radi», — deb yozadi nashr.

NYT suhbatdoshlaridan biri ta’kidlashicha, yaqin kelajakda Jo Bayden ma’muriyati tomonidan ruxsat berilgan va to‘langan o‘q-dorilar va jihozlarning so‘nggi paketlari ham bekor qilinishi mumkin.

O‘z navbatida, CBS News manbalari endi Oq uydagilar AQSh harbiy harakatlarni to‘xtatishda vositachi bo‘lib qolishiga shubha qilishayotganini aytdi. Shu bilan birga, telekanal suhbatdoshlari ta’kidlashicha, Tramp «Ukrainadagi rejimni o‘zgartirishga intilmayapti» va Vashingtondagilar AQSh uchun Zelenskiydan ko‘ra afzalroq prezident kim bo‘lishi mumkinligini muhokama qilishmayapti.

Tramp Zelenskiyni «jang qilish, jang qilish va jang qilish»ni davom ettirish istashda aybladi

Donald Tramp 28 fevral kuni kechqurun Oq uyda jurnalistlar oldida nutq so‘zlab, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni sulh tuzishni istamaganlikda aybladi.

«U yana jang qilishni, jang qilishni, jang qilishni istaydi. Biz esa o‘limni to‘xtatmoqchimiz», — dedi Tramp.

AQSh prezidenti fikricha, u zudlik bilan tinchlik o‘rnatilishini istaydi va Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham «urushga chek qo‘ymoqchi». «Zelenskiy Putin haqida unday demasligi, Putin haqida bunday salbiy gaplarni aytmasligi kerak», — degan u.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSh urushni tugatmoqchi yoki Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatib, «nima bo‘lishini ko‘rmoqchi».

Mavzuga oid