O‘zbekiston | 16:07 / 28.02.2025
3124
2 daqiqa o‘qiladi

Qaysi soha vakillari daromadlari oshishini ko‘proq kutyapti?

Markaziy bank so‘rovnomasiga ko‘ra, 2024 yilning to‘rtinchi choragida respondentlarning ko‘pchiligi pulining katta qismini ta’lim (26 foiz), uy-joy ta’miri (21,6 foiz) va davolanish (19 foiz) uchun sarflashganini qayd etgan. Shuningdek, jamg‘armasi mavjud bo‘lmaganlar ulushi 40 foizga yaqinlashgan.

Foto: Kun.uz

Markaziy bank 2024 yil IV choragi bo‘yicha aholining iste’mol kayfiyati sharhini e’lon qildi. Unda bir qancha ahamiyatli jihatni ko‘rish mumkin.

Daromad subindeksi

Joriy yil IV chorakda daromad subindeksi avvalgi chorakka nisbatan 0,4 bandga yaxshilanib, 71,1 bandga teng bo‘lgan.

Kelgusida daromadlar oshishini kutayotganlar ulushi 2,3 foiz bandga oshib, 66,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, daromadlari kamayishini ta’kidlaganlar ulushi 0,3 foiz bandga qisqarib, 10,2 foiz doirasida shakllangan. Daromadlari o‘zgarmasligini qayd etganlar ulushi 2 foiz bandga kamayib, umumiy respondentlarning 23,2 foiziga teng bo‘lgan.

Kelgusida daromadi oshishini kutayotgan respondentlarning aksariyat ko‘pchiligi 10-15 mln so‘m va 15 mln so‘mdan yuqori oylik daromadga ega bo‘lgan guruhlarga to‘g‘ri kelmoqda. Daromadi nisbatan pastroq (3 mln so‘mgacha) bo‘lgan aholi vakillarining kelgusida daromadi ortishi bo‘yicha kutilmalari qolgan daromad guruhlariga nisbatan pastroq shakllangan.

Respondentlarning 68 foizi (o‘tgan chorakda 67 foiz) rasmiy ish xaqidan daromad olishini ta’kidlagan.

So‘rovda kafe-restoran, savdo va ishlab chiqarish sohalarida faoliyat yurituvchilar daromadlarining oshishi bo‘yicha optimistik kutilmalarni qayd etgan bo‘lsa, aksincha, AT va OAV, davlat boshqaruvi va tibbiyot sohasidagilarning kutilmalari nisbatan pessimistik bo‘lgan.

Xarajat subindeksi

To‘rtinchi chorakda respondentlarning ko‘pchiligi pulning katta qismini ta’lim (26 foiz), uy-joy ta’miri (21,6 foiz) va davolanish (19 foiz) uchun sarflashganini qayd etgan.

Jamg‘arish subindeksi

Tahlillarga ko‘ra, aksariyat respondentlar (jamiga nisbatan taxminan 40 foiz) jamg‘armalari mavjud emasligini ta’kidlagan. Shuningdek jamg‘armalari 1 oygacha yetadigan respondentlar ulushi taxminan 32 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 1−3 oygacha bo‘lgan davr uchun ushbu ko‘rsatkich taxminan 17 foizga teng bo‘lgan.

Mavzuga oid