Jahon | 15:28 / 28.02.2025
2078
3 daqiqa o‘qiladi

NATO bosh kotibi Ryutte Ukrainaga yordam oshirilishini ma’lum qildi

Mark Ryutte AQSh prezidenti Donald Tramp bilan suhbatdan so‘ng Kiyevga yordam ko‘payishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, NATO davlatlari Ukraina uchun yangi qo‘llab-quvvatlash paketini, jumladan «milliardlab yevro»ni shakllantirmoqda.

Foto: AP

NATO davlatlari Ukrainaga yangi yordam paketini tayyorlamoqda, u, jumladan, «milliardlab yevro» va xavfsizlik kafolatlari uchun badallardan iborat, dedi NATO bosh kotibi Mark Ryutte 27 fevral, payshanba kuni kechqurun AQSh prezidenti Donald Tramp bilan telefon suhbatidan so‘ng X platformasidagi mikroblogida. Ryutte muzokaralarni «a’lo» deb ta’rifladi, ammo NATOning qaysi davlatlari moliyalashtirishga tayyorligini aniqlashtirmadi.

Tramp inauguratsiyasidan beri AQSh Kiyevga yangi harbiy yordam paketlarini e’lon qilmagan, deya eslatadi The Moscow Times. 26 fevral kuni Tramp Ukrainaga qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar yetkazib berish vaqtinchalik to‘xtatilganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, uning qayd etishicha, avval o‘tkazilgan resurslar Kiyevga Moskva va Vashington mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha kelishuvga kelguniga qadar harbiy amaliyotlarni davom ettirish imkoniyatini taqdim etishi kerak. Shu bilan birga, Tramp urushni tugatish bo‘yicha diplomatik sa’y-harakatlar muvaffaqiyatsizlikka uchragan taqdirda Kiyevga harbiy yordamni qayta tiklashga ruxsat berdi.

«Ko‘ramiz. Hozir muzokaralar jarayonidamiz. Biz jiddiy muzokaralar olib bormoqdamiz, jumladan, nodir metallar va boshqa muhim masalalarda», — dedi u.

Noyob metallar to‘g‘risidagi shartnoma

Vashington va Kiyev o‘rtasidagi munosabatlar Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy nodir metallarni qazib olish bo‘yicha kelishuvni imzolashdan bosh tortganidan so‘ng yomonlashdi. Rad etish Trampning keskin javobiga sabab bo‘ldi, u Ukraina prezidentini G‘arbdan moliyaviy yordam olishda davom etish uchun mojaroni cho‘zayotganlikda aybladi.

Biroq 24 fevral kuni Kiyev va Vashington mineral resurslarni o‘zlashtirish bo‘yicha kelajakdagi kelishuv shartlarini kelishib olishga muvaffaq bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Keyinroq Tramp hujjat imzolanishi 28 fevral, juma kuniga belgilanganini ma’lum qildi. Shu fonda Amerika prezidenti Ukrainada tinchlik o‘rnatilmaguncha, AQSh Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilmasligini ochiq aytgan. Bundan tashqari, u Moskva bilan muzokaralar chog‘ida Vashington bosib olingan hududlarning bir qismini Ukrainaga qaytarishni talab qilishini ma’lum qildi.

Mavzuga oid