O‘zbekiston | 11:32 / 28.02.2025
16325
4 daqiqa o‘qiladi

“Ishni bosdi-bosdi qilishyapti” – tarbiyalanuvchilari kaltaklangan bog‘cha egasi amaldorning qarindoshi ekani aytilmoqda

Toshkentdagi “Tanzilandiya” nomli xususiy bog‘cha bilan bog‘liq ish ortidan Senat Maktab vaziriga holatni tushuntirishi uchun so‘rov jo‘natdi, vazirlik vaziyat o‘rganilayotganini ma’lum qildi. Ota-onalar esa ishlar bosdi-bosdi qilinishidan xavotirda. “U hamma [kamera yozuvlarini] yashirib, ko‘rsatmayapti, [ishni] bosdi-bosdi qilishyapti”, – deydi tahririyatga murojaat qilgan ayollardan biri.

Xususiy bog‘chada bolalar kaltaklandi

Kuni kecha Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan “Tanzilandiya” nomli xususiy bog‘chada bolalar muntazam ravishda kaltaklab kelingani xabar qilingandi. Holat maktabgacha tashkilotning videokameralari orqali emas, tarbiyalanuvchilarning o‘yinchog‘iga o‘rnatilgan ovozni yozib oluvchi moslama orqali aniqlangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ota-onalardan biri farzandining xulq-atvoridagi o‘zgarishlarni sezgan. Nima bo‘layotganini tushunish maqsadida farzandining o‘yinchog‘iga ovozni yozib oluvchi moslamani o‘rnatib, bolani bog‘chaga yuborgan. Sakkiz soatlik audioyozuvda bog‘cha tarbiyachilari noxush so‘zlar bilan bolalarni haqoratlab, ularni bir necha bor kaltaklagani eshitilgan.

Shundan so‘ng ota-onalar bog‘cha direktoridan ololmagan kamera yozuvlarini IIBga borgach ko‘rishgan. Unda tarbiyachilar bolalarni sport zali, kiyinish xonalari va faollar zalida kaltaklagani, ammo ota-onalar uchun videokuzatuv mavjud bo‘lgan xonalarda tinch va xushmuomalalik bilan muomalada bo‘lgani ko‘rsatilgan.

Ishlar bosdi-bosdi qilinayotgani aytilmoqda

Tahririyatga murojaat qilgan onalardan biri “Tanzilandiya” bog‘chasining egalari hukumatda ishlovchi amaldorlardan biriga qarindosh ekani, shu sababli ham shikoyatlar bosdi-bosdi qilinayotgani haqida aytmoqda.

“Tanzilandiya”ning rahbari kimningdir ayolimi, kimningdir qizimi, bilmayman. “U hamma [kamera yozuvlarini] yashirib, ko‘rsatmayapti, [ishni] bosdi-bosdi qilishyapti. Hozir 1,5-2 yosh, tili yo‘q [chiqmagan] bolalarning ustidan shunday kulishdiki, videoda ko‘rganda bolani otib yuborgani ham bor-da”, – deydi u Kun.uz botiga yuborgan audiosida.

Ochiq manbalarga ko‘ra, bog‘chani Tursunova Dilrabo Davlatboy qizi boshqaradi. Shuningdek u “Yuksalish Construction” nodavlat ta’lim muassasasining 7 foiz ulushiga egalik qiladi. Jamiyatning qolgan ulushi Qarshiyeva Muhiba (27 foiz) hamda Kudbiyeva Maqsuda (66 foiz)ga tegishli.

Holatga chora ko‘riladimi?

Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani Kun.uzʼga rasmiy munosabat bildirgandi. Unga ko‘ra, shu yil 12 fevral kuni 7 nafar ota-ona tomonidan xususiy maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyalanayotgan farzandlarga nisbatan tarbiyachilar qo‘pol munosabatda bo‘layotgani bildirilib, qonuniy chora ko‘rish bo‘yicha murojaat qilingan.

Hozirda holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Bolalarga nisbatan tan jarohati yetkazilganlik holatini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan”, – deyiladi izohda.

Ta’kidlanishicha, maktabgacha ta’lim muassasasi ma’muriyati tomonidan 3 nafar tarbiyachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda, bu borada qo‘shimcha ma’lumot berilishi aytildi.

Bundan tashqari, Senat 27 fevral kuni bog‘chalarda bolalarga nisbatan sodir etilayotgan zo‘ravonlik holatlarining sabablari va ularning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida tushuntirish berishni so‘rab, maktabgacha va maktab ta’limi vaziriga xat yuborgan. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rasmiylari esa Kun.uzʼga bu borada o‘rganish ketayotganini ma’lum qildi.

Mavzuga oid