Amerika kompaniyasi tasodifan mijozning hisobiga 81 trln dollar o‘tkazib yubordi
Citigroup moliyaviy konglomerati xodimlari xatolik yuz bergan tranzaksiyani oradan 1,5 soat o‘tib aniqlagan. Financial Times manbasiga ko‘ra, bu «noqulay foydalanuvchi interfeysiga ega bo‘lgan zaxira tizimi» sabab yuz bergan.

Foto: Graeme Sloan
Amerikaning Citigroup moliyaviy konglomerati mijozlardan birining hisobiga tasodifan 81 trillion dollar o‘tkazib yubordi, deb yozmoqda Financial Times. Aslida ushbu hisobraqamga 280 dollar o‘tkazilishi kerak bo‘lgan.
Bank ichidagi noto‘g‘ri to‘lov 2024 yil aprelda amalga oshirilgan, ammo bu haqida oradan qariyb bir yil o‘tib ma’lum bo‘lmoqda. Nashrning qayd etishicha, to‘lovni amalga oshirgan xodim ham, tranzaksiyani tekshirishi lozim bo‘lgan ikkinchi rasmiy shaxs ham xatolikni payqamagan. Shubhali to‘lovni bankning uchinchi xodimi tranzaksiyalar qayta ishlanganidan 1,5 soat o‘tib aniqlagan va bir necha soatdan keyin o‘tkazma bekor qilingan.
Jurnalistlarning ma’lumotlariga ko‘ra, Citigroup sodir bo‘lgan holat yuzasidan Federal zaxira tizimi va Valuta muomalasi nazorati boshqarmasini xabardor qilgan. Ta’kidlanishicha, mablag‘lar yechib olinmagan.
Citigroupʼga ko‘ra, xatolik bankning ichki jarayonlari sabab aniqlangan va qayd etilishicha, mablag‘lar bankni tark etishiga baribir yo‘l qo‘yilmagan bo‘lardi. Sodir bo‘lgan holat na bankka va na mijozga ta’sir ko‘rsatgan.
Citigroup mazkur voqeaga bog‘liq boshqa tafsilotlarni ochiqlamagan. FT manbasiga ko‘ra, sodir bo‘lgan holat «kiritishdagi xatolik va noqulay foydalanuvchi interfeysiga ega bo‘lgan zaxira tizimi bilan bog‘liq».
Ularning aytishicha, mart o‘rtalarida Braziliyadagi mijozning eskrou hisobiga o‘tkazilgan jami 280 dollar miqdoridagi to‘rtta tranzaksiya sanksiyalar buzilishini kuzatib boradigan tizim tomonidan bloklangan. To‘lov tezda tozalangan, ammo bank tizimi qotib qolgan va uni avtomatik rejimda amalga oshirishning imkoni bo‘lmagan. Xodimlardan biriga to‘lov ma’lumotlarini kamdan kam holatlarda foydalaniladigan zaxira tizimi orqali kiritish topshirilgan. Ushbu tizimning o‘ziga xos jihatlaridan biri — summa kiritiladigan maydonda avtomatik ravishda 15 ta nol turadi. To‘lovni amalga oshirgan xodim nollarni o‘chirmagan va 81 trillion dollarlik tranzaksiyaning amalga oshishiga sababchi bo‘lgan.
FT’ning qayd etishicha, bu mazkur moliyaviy konglomerat bilan bog‘liq xato tranzaksiyalar bo‘yicha birinchi holat emas. Citigroup’ning ichki hisobotiga ko‘ra, 2024 yilda xato o‘tkazmalar bilan bog‘liq umumiy qiymati 1 milliard dollardan oshadigan o‘nta holat sodir bo‘lgan va ular aniqlanib, to‘xtatilgan. Bir yil oldin esa bu kabi holatlar soni 13 tani tashkil etgan.
Mavzuga oid

22:19 / 20.09.2023
O‘zbekistonda Citibank ofisi ochilishi mumkin

08:47 / 24.06.2021
Banklararo tranzaksiyalar summasi 911 trln so‘mni tashkil etdi

21:42 / 15.08.2020
«Katta xato»: Citigroup qariyb 1 mlrd dollarni Revlon kreditorlariga adashib o‘tkazib yubordi

11:41 / 25.01.2019