Amaldorlar daraxtlarni kesayotganda yoshlarni daraxt ekishga ilhomlantirish mumkinmi? – mas’ullarning javobi
Yoshlar ishlari agentligi mas’ullari yoshlarni daraxt ekishga ilhomlantirish tadbirlari faol o‘tayotganini aytdi. O‘zbekistonda amaldorlar daraxtlarga shafqatsizlik qilayotgan bir paytda, yoshlarni daraxt ekishga ilhomlantirish qanchalik samara beradi degan savol berildi agentlik vakillariga.
Bugun, 27 fevral kuni Yoshlar ishlari agentligi mas’ullari ommaviy axborot vositalari bilan matbuot anjumani o‘tkazdi. Unda agentlik vakillari yoshlarni daraxt ekish, tabiatni asrashga ilhomlantirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar qilyapti.
Yoshlar ishlari agentligi xodimi Elyor Norpo‘latovga ko‘ra, 2024 yilning kuzida agentlik tashabbusi bilan yoshlar 1,5 million daraxt ekkan va bu tadbirlar davom etyapti. Bu ma’lumotdan keyin Kun.uz muxbiri O‘zbekistonda amaldorlarning daraxtlarni kesib, ko‘chirayotgani voqealarini esga oldi. Quvasoy hokimining 300 daraxtni kesib tashlashga bosh-qosh bo‘lgani, Buxoro shahrida minglab daraxtlarning ko‘chirib ketilayotgani, sobiq MXX binosi hududidagi ko‘pyillik daraxtlarning ko‘chirilgani shov-shuv bo‘ldi va bularning birortasiga chora ko‘rilmadi. Shunday paytda yoshlarni daraxt ekishga qanday ilhomlantirish mumkin, degan mazmunda savol bilan agentlik vakillariga murojaat qildi.
Elyor Norpo‘latov bu savolga ijtimoiy tarmoqlarda daraxt ekishga targ‘ib qilish, video, fotolar joylash yoshlarni daraxt ekishga ilhomlantirishga qaratilganini aytish bilan cheklandi.
“Har bir ish yoshlarda ekologik madaniyatni shakllantirish uchun qilinadi. Bu videokontent bo‘ladimi, bu daraxt ekib, ijtimoiy tarmoqqa joylashtirish bo‘ladimi, hammasi yoshlarni ilhomlantirishga qaratilgan. To‘g‘ri tushunishingizni iltimos qilaman, rasmdan ilhomlandi degan gapimni oldingiz [ tahr. oldinroq mas’ul daraxt ekilgani rasmlari ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yilsa, bu boshqa yoshlarni ham daraxt ekishga ilhomlantiradi degandi]”, – dedi u.
Shuningdek, u jurnalistga noqonuniy daraxt kesilishi holatlari bilan tegishli tashkilotlar shug‘ullanishini eslatdi.
“Har bir ekilgan daraxt ro‘yxatga olinadi, ular nazorat qilib boriladi. Ularning kesilishi Ekologiya vazirligi platformasi bor, buning nazorati parvarishi bo‘yicha tegishli tashkilotlar, Bosh prokuratura bevosita ishlarni amalga oshiradi”, – dedi Norpo‘latov.
Mavzuga oid

13:07 / 06.03.2025
Toshkentda daraxtni boshqa joyga ko‘chirmoqchi bo‘lgan fuqaro 13 mln so‘m to‘laydigan bo‘ldi

11:32 / 06.03.2025
2024 yilda 600 ming tupdan ortiq daraxtlar kesilishining oldi olindi - Ekovazirlik

21:53 / 05.03.2025
Ekologiya vazirligi daraxtlar kesilishi kamayib borayotganini e’lon qildi

20:21 / 04.03.2025