Jahon | 22:50 / 26.02.2025
2932
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Zelenskiy 28 fevral kuni Vashingtonga kelishini ma’lum qildi

Tashrif davomida tabiiy resurslar bo‘yicha bitim imzolanadi. O‘z navbatida AQSh prezidenti bitimni tuzishga hissa qo‘shgan moliya va savdo vazirlariga minnatdorchilik bildirdi.

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 28 fevral kuni Vashingtonga tashrif buyurishini ma’lum qildi. Bu haqda u Vazirlar mahkamasining birinchi yig‘ilishini ochib berish vaqtida ta’kidlab o‘tdi.

«Rossiya va Ukraina bilan ishlarimiz juda yaxshi ketmoqda. Prezident Zelenskiy juma kuni keladi. Va biz juda katta bitimni imzolaymiz. Men Govard [savdo vaziri] va Skottga [moliya vaziri] barchasini bir joyga to‘plab, qilgan ishlari uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Sizlar rostdan ham ajoyib ishni amalga oshirdingiz. Bu mineral va boshqa materiallarga tegishli», — deydi Tramp.

Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSh Kiyevga ko‘rsatgan yordami uchun «kelajakda ko‘p pul» oladigan «bitimni tuzishga muvaffaq bo‘lgan. «Barchasi yo‘lga qo‘yildi. Biz mamnunmiz», — deydi Tramp.

Avvalroq Ukraina prezidenti AQSh bilan mamlakatdagi tabiiy resurslarni o‘zlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishilganini tasdiqlagandi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, u Amerika tomoni bilan muzokaralarda ko‘targan asosiy savollar bitim matnida to‘g‘ri aks ettirilgan.

AQSh va Ukrainaning tabiiy resurslarga bog‘liq bitimi matnida, shuningdek, xavfsizlik kafolatlari haqida ham so‘z boradi: «AQSh hukumati Ukrainaning tinchlik o‘rnatish uchun zarur bo‘lgan xavfsizlik kafolatlarini olishga bo‘lgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi».

Mavzuga oid