O‘zbekiston va Pokiston yetakchilari sermahsul muzokaralar yakunini sarhisob qildi
Shavkat Mirziyoyev va Shahboz Sharif ikkitomonlama muzokaralar yakunlariga izoh berdi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda prezident Shavkat Mirziyoyev va Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlariga izoh berdilar.
O‘zbekiston rahbari so‘zining avvalida uchrashuvlar samarali bo‘lganini alohida qayd etib, ushbu tarixiy tashrif O‘zbekiston-Pokiston strategik sherikligida yangi sahifa ochishini ta’kidladi.
O‘zbekiston prezidenti so‘nggi yillarda ikkitomonlama hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini yuksak baholadi. Tovar ayirboshlash hajmi 400 million dollardan oshdi, 130 ta qo‘shma korxona tashkil etildi, Karochi va Toshkentda savdo uylari ochildi. Toshkent va Lohur o‘rtasida aviaqatnovlar tiklandi.
Hukumatlararo komissiya samarali faoliyat yuritmoqda, siyosiy maslahatlashuvlar, qator ishbilarmonlik tadbirlari va O‘zbekiston sanoat ko‘rgazmasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
- Shu kunlarda Pokistonning yetakchi kompaniyalaridan iborat nufuzli delegatsiya poytaxtimizda bo‘lib turibdi. Bugun biznes vakillari bilan alohida uchrashuv o‘tkazib, qo‘shma rejalarni muhokama qilamiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Oliy darajadagi muzokaralar chog‘ida tomonlar ko‘p qirrali hamkorlikning yangi «o‘sish nuqtalarini» belgilab olgani, Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tashkil etishga kelishib olingani ta’kidlandi.
O‘zaro savdo hajmini keskin oshirish va nomenklaturasini kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish, biznesni qo‘llab-quvvatlash va unga qulay sharoitlar yaratish masalalari diqqat markazida bo‘ldi.
Farmatsevtika, agrar tarmoq, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, geologiya va mineral resurslar, to‘qimachilik, charm sanoati va boshqa tarmoqlardagi loyihalarni ilgari surib, tayyor mahsulotlarni uchinchi mamlakatlar bozoriga eksport qilish muhimligi ta’kidlandi.
Global va mintaqaviy tuzilmalar, shu jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqalar doirasidagi yaqin aloqalar va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga kelishib olindi.
Afg‘onistonni tinch rivojlantirish, Falastin masalasini diplomatik yo‘l bilan hal etish borasidagi pozitsiyalar yaqin ekani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, xavfsizlik sohasida, terrorizm, transmilliy jinoyatchilik, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi va boshqa zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikni kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani bildirildi.
Muzokaralarda madaniy-gumanitar va turizm sohalaridagi almashinuvni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Madaniyat va san’at festivallarini o‘zaro o‘tkazish, sayyohlar oqimini, shu jumladan «Umra plyus» dasturi doirasida oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Yakunda erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun ikki mamlakat hukumatlari tomonidan keng qamrovli «yo‘l xaritasi» qabul qilinishi ta’kidlandi.
Mavzuga oid

21:18 / 07.03.2025
Shavkat Mirziyoyev Tadbirkor ayollar kengashini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi

20:41 / 07.03.2025
Har yili kamida 200 nafar qiz dunyoning nufuzli oliygohlariga o‘qishga yuboriladi

20:29 / 07.03.2025
Shavkat Mirziyoyev: Uy-ro‘zg‘or ishlaridan ortib, ta’lim olayotgan xotin-qizlar zamonamizning haqiqiy qahramonlari

19:13 / 07.03.2025