Jahon | 20:38 / 26.02.2025
5071
2 daqiqa o‘qiladi

«Men uchun asosiysi, biz qarzdor emasmiz» - Zelenskiy tabiiy resurslar bo‘yicha AQSh bilan bitim haqida

Ukraina prezidenti AQSh bilan mamlakatdagi tabiiy resurslarni o‘zlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishilganini tasdiqladi. Unda Ukraina AQShdan 500 mlrd dollar qarzdor ekani haqida so‘z bormaydi.

Foto: Getty images

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tabiiy resurslar bo‘yicha Kiyev va Vashington o‘rtasida «hadli bitim»ga erishilganini tasdiqladi. Bu haqda u 26 fevral kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, u Amerika tomoni bilan muzokaralarda ko‘targan asosiy savollar bitim matnida to‘g‘ri aks ettirilgan.

«Men uchun asosiysi, biz qarzdor emasmiz, kelishuvda na 500 milliard, na 350 milliard va na 100 milliard qarz keltirilgan. Bu bizga nisbatan adolatsizlik bo‘lar edi», — deydi Zelenskiy.

Shuningdek, uning aytishicha, bitimda Ukraina xohlaganidek xavfsizlik kafolatlari keltirilmagan, ammo ular haqida so‘z boradi.

«U yerda Ukraina xohlagan xavfsizlik kafolatlarining barchasi yo‘q, ammo men u yerda hech bo‘lmasa taklif bo‘lishini istardim va hadli bitim doirasida u bor, adashmasam, 10-bandda», — deydi Ukraina prezidenti.

Avvalroq Ukraina vakillari AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati bilan tabiiy resurslar bo‘yicha bitim shartlarini kelishib olgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, Vashington Ukraina tabiiy resurslarini qazib olishdan 500 milliard dollar daromad olish talabidan voz kechganidan keyin Kiyev mamlakatdagi mineral resurslarni, jumladan, neft va gazni birgalikda o‘zlashtirish bo‘yicha bitimni imzolashga rozi bo‘lgan.

Keyinroq bitim matni e’lon qilindi. Unda xavfsizlik kafolatlari haqida ham so‘z boradi: «AQSh hukumati Ukrainaning tinchlik o‘rnatish uchun zarur bo‘lgan xavfsizlik kafolatlarini olishga bo‘lgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi».

Mavzuga oid