Jahon | 21:15 / 26.02.2025
14284
5 daqiqa o‘qiladi

Lavrov mojaroni front chizig‘i bo‘yicha muzlatish imkonsizligini aytdi

Chunki, Moskvadagilar fikricha, Ukrainaning to‘rt regioni to‘lig‘icha Rossiyaga tegishli hisoblanadi. Bu vaqtda Tramp Rossiyadan sanksiyalarni olib tashlash haqida hozircha gap yo‘qligini aytdi.

93rd Mechanized Brigade / EPA / Scanpix / LETA

Moskva Rossiya-Ukraina urushini hozirgi to‘qnashuv chizig‘i bo‘yicha muzlatish imkoniyatini istisno qilmoqda, dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.

«„Keling, tutashuv chizig‘ini shu holida qoldiraylik — bu Rossiya, bunisi esa Ukraina“, degan g‘oyalar bo‘ldi. [...] Bunday bo‘lmaydi, bizda odamlarning xohish-irodasiga asoslangan Konstitutsiya bor», — degan u.

Rossiya 2022 yil sentabrida o‘zini o‘zi e’lon qilgan DXR va LXR, shuningdek Zaporijjya va Xerson oblastlarini anneksiya qilganini e’lon qilgandi. Endi Rossiya Konstitutsiyasiga muvofiq, bu to‘rt region Rossiyaning bir qismi hisoblanadi — va shuning uchun uning tarkibidan chiqarib bo‘lmaydi.

Rasmiy nuqtayi nazardan, anneksiya paytida ularning hech biri to‘liq Rossiya nazorati ostida bo‘lmaganiga qaramay, Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga ko‘ra, to‘rtala region ma’muriy chegaralari bo‘yicha to‘liq Rossiya tarkibiga kiritilgan. Rossiya qurolli kuchlari anneksiyadan bir necha hafta o‘tgach Xersonni tashlab chiqqandi, Zaporijjya oblastining shu nomdagi markazi esa hech qachon rossiyalik harbiylar nazorati ostida bo‘lmagan.

Hozirda Donetsk oblastining taxminan 62,6 foiz, Luhansk oblastining 98,6 foiz, Xerson oblastining 69,3 foiz va Zaporijjya oblastining 71,9 foiz qismi rossiyaliklar nazorati ostida.

Harbiy harakatlarni to‘qnashuv chizig‘i bo‘ylab to‘xtatish va Ukrainaning bosib olingan hududlarini de-fakto Rossiya nazoratida qoldirgan holda tinchlik kelishuvi tuzilishi hozirda urushni tugatishning asosiy varianti sifatida ko‘rib chiqilmoqda.

Ukraina hukumati avvalroq mojaroni to‘qnashuv chizig‘i bo‘ylab muzlatish imkoniyatiga rozi bo‘lgandi. Shu bilan birga, Kiyev tinchlik shartnomasi imzolangan taqdirda Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan hududlarni (shuningdek, 2014 yilda anneksiya qilingan Qrimni) Rossiyaga tegishli deb tan olmasligi va ularni ishg‘ol etilgan hududlari deb hisoblashda davom etishini bir necha bor ta’kidlagan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bu masalani Kiyev pozitsiyasidagi «qizil chiziq» deb atagan. Ukraina Konstitutsiyasi, Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasi kabi, mamlakat hududining biror qismidan voz kechish imkoniyatini nazarda tutmaydi.

Tramp Rossiyadan sanksiyalarni olib tashlash haqida hozircha gap yo‘qligini aytdi

AQSh prezidenti Donald Tramp hozirda muzokaralar jarayonining bir qismi sifatida Rossiyadan sanksiyalarni olib tashlash imkoniyati ko‘rib chiqilmayotganini aytdi, ammo kelajakda bunday bo‘lishi mumkinligini istisno qilmadi.

«Yo‘q, hozircha sanksiyalarni hech kim bekor qilgani yo‘q. O‘ylaymanki, qachondir biz buni ko‘rib chiqamiz, ammo hozircha yo‘q», — dedi Tramp Oq uyda jurnalistlarga muzokaralar doirasida cheklovlar bekor qilinishi ehtimoli to‘g‘risidagi savolga javoban.

Bir hafta oldin AQSh moliya vaziri Skott Bessent sanksiyalar qisman bekor qilinishi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar mavzusi bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan edi. Shu bilan birga, u AQSh tomoni Rossiyaning muloqotga tayyorligiga qarab, cheklovlarni yumshatishi yoki kuchaytirishi mumkinligini ta’kidlagandi. O‘shanda Bessent Trampning urushni to‘xtatish rejasi doirasida Vashington Moskvaga shunday deyishga tayyorligini bildirgandi: «Juda aniq xabar bilan muzokaralar stoliga o‘tiring, agar zarurat bo‘lsa, biz sanksiyalarni kuchaytiramiz».

Taxminan shu vaqtda Bloomberg agentligi manbalarga tayanib, AQSh davlat kotibi Marko Rubio yevropalik ittifoqchilarni Tramp ma’muriyati hech bo‘lmaganda urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilmaguncha sanksiyalarni saqlab qolishiga ishontirgani haqida yozgandi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, bu Rossiya va AQSh vakillarining Saudiya Arabistonidagi muzokaralaridan so‘ng darhol sodir bo‘lgan.

Bloomberg o‘shanda AQSh davlat kotibining va’dalarini Vashingtonning Moskva bilan kelishuvi sanksiyalarni muddatidan oldin bekor qilishni o‘z ichiga olishi va bu Yevroittifoqning Rossiyani urush olib borish uchun puldan mahrum qilishga urinishlariga jiddiy zarba bo‘lishidan xavotirga tushgan Yevropa uchun «biroz yengillik» deb ta’riflagandi.

Mavzuga oid