Jahon | 17:25 / 25.02.2025
7283
4 daqiqa o‘qiladi

«Yaqin haftalarda sulh tuzilishi mumkin deb o‘ylayman». Makron Tramp bilan uchrashuvi natijalari haqida gapirdi

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Vashingtonda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvdan so‘ng yaqin haftalarda Rossiya va Ukraina o‘rtasida sulh tuzilishi mumkinligiga ishonishini aytdi. Sulhdan keyin uzoq muddatli tinchlik muzokaralari olib borilishi kerak. Makron Yevropa Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini berishga, jumladan, u yerga tinchlikparvar kontingent yuborishga tayyorligini yana bir bor ta’kidladi.

Foto: Reuters

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Fox News telekanaliga bergan intervyusida «yaqin haftalarda» Ukraina va Rossiya o‘rtasida sulh tuzilishi mumkinligiga ishonishini aytdi.

«Avval sulh kerak. O‘ylaymanki, yaqin haftalarda buning imkoni bo‘ladi. [...] Agar unga rioya qilinmasa, Rossiya bunga jiddiy qaramayotganining eng yaxshi isboti shu bo‘ladi», — degan Makron.

U so‘zida davom etib, sulh vaqtida uzoq muddatli tinchlik, xavfsizlik kafolatlari, hudud va Ukrainani tiklash bo‘yicha muzokaralar olib borish mumkin bo‘lishini bildirgan. AQSh nodir metallar bo‘yicha shartnoma tuzishi mumkin, bu Makronning fikricha, AQSh Ukraina suverenitetini qo‘llab-quvvatlashining eng yaxshi kafolati bo‘ladi.

Shu bilan birga, Fransiya prezidenti har qanday tinchlik kelishuvi «Ukrainaning taslim bo‘lishi» bo‘lmasligi kerakligi, uni xavfsizlik kafolatlari bilan mustahkamlash zarurligini ta’kidladi.

Bunday kafolatlarning ehtimoliy variantlari orasida Makron Kiyevga «kuchli armiya»ga ega bo‘lish (kamida 800 ming askar, deya aniqlik kiritdi u) va Ukrainaga Yevropa tinchlikparvar kontingentini yuborishga tayyorligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer bilan birgalikda yevropalik harbiylarni «front chizig‘ida emas, balki tinchlik shartnomasida kelishilgan alohida joylarda» joylashtirishni nazarda tutuvchi taklifni ishlab chiqmoqda. Ularning ishtiroki, dedi Makron, «AQSh ko‘magida» tinchlikni saqlashga yordam beradi va «bizga bo‘lgan jamoaviy ishonch»ni anglatadi.

Makronning aytishicha, u allaqachon o‘z takliflarini Yevropaning boshqa 30 davlati rahbari bilan muhokama qilgan va ularning ko‘pchiligi Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini ta’minlashda ishtirok etishga tayyor.

Makron Donald Tramp bilan uchrashuvi va Amerika prezidenti bilan qo‘shma matbuot anjumanidan ko‘p o‘tmay Fox News  telekanaliga intervyu berdi.

Ushbu matbuot anjumanida Tramp, shuningdek, avval sulh tuzish, keyin esa — uzoq muddatli tinchlik o‘rnatishni maqsad qilganini aytdi. Biroq u xavfsizlik kafolatlari haqida gapirmadi.

«Biz tez, ammo mo‘rt bo‘lmagan [tinchlik] kelishuvini xohlaymiz», — dedi Makron matbuot anjumanida.

Fransiya va AQSh prezidentlari tinchlik kelishuvining bir qismi Ukrainadagi Yevropa tinchlikparvar kontingenti bo‘lishi kerakligiga kelishib olishgan. Trampning aytishicha, u bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan gaplashib bo‘lgan va u Trampning so‘zlariga ko‘ra, bunga rozi bo‘ladi.

«Men unga [Putinga] bu savolni ataylab berdim, — dedi Tramp. — Uning bu taklif bilan muammosi yo‘q». Avvalroq Rossiya rasmiylari Ukrainada yevropalik harbiylarni joylashtirish g‘oyasini rad etgan edi.

Fransiya prezidenti Makron — Donald Tramp bilan u Oq uyga qaytganidan keyin uchrashgan ilk yevropalik davlat rahbari bo‘ldi. Makron ortidan joriy haftada Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer ham Tramp bilan uchrashish uchun Vashingtonga uchishni rejalashtirmoqda.

Mavzuga oid