Jahon | 11:30 / 24.02.2025
24640
13 daqiqa o‘qiladi

«Urushni shu hafta tugatib bo‘lmaydi». Zelenskiyning tinchlik shartlari, AQSh bilan kelishuv va Ukrainadagi saylovlar bo‘yicha asosiy gaplari

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinining uch yilligi arafasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Rossiya bilan urushni tugatish va sulh tuzish istiqbollari, AQSh bilan muzokaralar, Tramp bilan munosabatlar va Ukrainadagi saylovlar masalasi haqida gapirdi.

Yakshanba kuni kechqurun Zelenskiy Ukrainadagi tinchlik uchun kerak bo‘lsa, prezidentlik lavozimidan voz kechishga tayyorligini aytdi. Bu haqda u Kiyevda o‘tkazilgan «Ukraina. 2025 yil» forumi doirasida tashkil etilgan matbuot anjumanida ta’kidladi.

«Agar bu Ukraina uchun tinchlikni kafolatlasa, bu sizga juda ham kerak bo‘lsa, men lavozimimni tark etishimni xohlasangiz — men ketishga tayyorman», — dedi Zelenskiy jurnalistning savoliga javoban.

«Buni NATO [a’zoligiga] almashtirishim mumkin, agar bu shart darhol bajarilsa. Men hokimiyatda o‘n yillab qolish niyatida emasman», — deya qo‘shimcha qilgan u.

U shuningdek dushanba kuni Kiyevda, Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlangani uch yilligi munosabati bilan G‘arbning o‘nlab yetakchilari, jumladan, Yevrokomissiya to‘liq tarkibda yig‘iladigan sammit bo‘lib o‘tishini aytdi.

AQSh bilan Ukraina mineral resurslari bo‘yicha kelishuv haqida

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, AQShning Ukraina mineral resurslaridan foydalanishi bo‘yicha kelishuv hozirda muhokama qilinmoqda hamda allaqachon bir necha variant Kiyevni qoniqtirmagan va rad etilgan. U bitimning yangi variantida 500 milliardlik raqam paydo bo‘lganini tasdiqladi.

«O‘sha payt gap qarz haqida ketayotgani, bu investitsiya emasligi ma’lum bo‘ldi… Agar bu pullar jamg‘armaga ketsa va chet eldan hech narsa kelmasa va biz qarzni to‘lasak… Bizda 100 edi. Men 500 berishga tayyor emasman. Hatto 100 ni ham qat’iy belgilashga tayyor emasman, chunki grantlarni qarz sifatida tan olmayman», — dedi Zelenskiy.

Uning aniqlik kiritishicha, Ukraina AQShdan 350 milliard dollar emas, balki 100 milliard dollar yordam olgan. «120 mlrd — Ukraina, 100 mlrd — Yevropa va boshqa hamkorlar, 100 mlrd — AQSh. 500 ham, 300 ham, 700 ham emas», — dedi u.

U AQShning yordami qarz ekanini tan olmasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u AQShning avvalgi ma’muriyati bilan aynan grantlar bo‘yicha kelishib olgan.

«Hamkorlarni hurmat qilgan holda, biz 500 milliard dollarlik qarzni tan olmaymiz. Men Bayden bilan buni [AQSh yordami] grant deb kelishib olgandim. Grant qarz degani emas. Men hatto 100 milliard dollarni ham tan olmayman. Gap raqamda emas, gap biz buni qarz deb tan olmayotganimizda», — dedi u.

Zelenskiyning aytishicha, Tramp foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuv doirasida Ukrainadan ko‘rsatilgan yordamdan 100 foiz ustama olmoqchi. «Tabiiy resurslar bo‘yicha kelishuvning hozirgi variantida AQSh tomonidan ko‘rsatilgan har bir dollar yordam uchun Ukraina ikki dollar qaytarishi kerakligi yozilgan, ammo men ukrainlarning 10 avlodi to‘laydigan narsani imzolamayman», — deya qo‘shimcha qildi u.

Zelenskiyning qo‘shimcha qilishicha, u Donald Tramp bilan muloqotga intilmoqda va agar uning ma’muriyati talab qilsa, AQSh bilan yangi shartlar bo‘yicha kelishib olishga tayyor.

«Agar bugun shart shunday bo‘lsa, AQSh, bizning strategik hamkorlarimiz: biz sizga yordam beramiz, lekin siz uni AQSh uchun foyda bilan qaytarishingiz kerak, deyishsa — bu kelishuv bo‘ladi. Grant emas», — deydi Zelenskiy.

«Biz AQSh bilan muzokaralarda oldinga siljiyapmiz – endi 500 milliardlik shart yo‘q. Tramp – abadiy emas, bizga esa uzoq yillar tinchlik kerak. Biz iqtisodiy jihatdan bu ham AQSh, ham Ukraina biznesi uchun foydali, ham xalq uchun foydali bo‘lgan win-win bitimini istaymiz», — degan u.

«Iqtisodiy kelishuvlar ham xavfsizlik kafolatlari bo‘lishi mumkin», — deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy va hozircha u yerda bunday kafolatlar yo‘qligini aytdi.

Urushni shu hafta yakunlab bo‘lmaydi

Zelenskiy, shuningdek, AQSh tomonining urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlarga shu haftadayoq erishish mumkinligi haqidagi so‘nggi bayonotlariga izoh berdi.

«Ukraina uchun kafolatlar bilan bu haftada bu urushni tugatish imkonsiz. Uchrashuvlarsiz buni qanday amalga oshirish mumkinligini bilmayman», — dedi prezident.

U AQSh o‘t ochishni to‘xtatishni istashi va bu ular uchun urushni to‘xtatishni anglatishi — biroq Ukraina uchun bu yetarli emasligi, unga kafolatlar kerakligini qayd etgan.

«Men hatto ishonchim komilki, ular buni haqiqatan ham katta muvaffaqiyat, Putin yana qaytadan boshlashga jur’at etmaydi, deb hisoblashadi. Biz esa xavfsizlik kafolatlari bo‘lishi kerak deb hisoblaymiz», — degan prezident.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik kafolatisiz noaniqlik hukm suradi va har doim Rossiyaning takroriy hujumi xavfi bo‘ladi.

«Noaniqlik — butun dunyo uchun yomon. Bundan hamma yutqazadi. Biz yutqazyapmiz, amerikaliklar yutqazyapti, chunki sen o‘t ochishni to‘xtatgan bo‘lsang va bir yildan keyin urush boshlanadigan bo‘lsa, g‘olib bo‘lib ko‘rinish mumkinmi? Sen g‘olibmisan? Yo‘q. Rossiyaliklar esa tayyorgarlik ko‘radi va keyin yana hujum boshlanadi».

«Shuning uchun, agar biz urushning qaynoq fazasi tugashi haqida gapiradigan bo‘lsak, bu qanday tugashini, hamkorlar bizga qanday xavfsizlik kafolatlarini berishini aniq tushunishimiz kerak... Bizga Rossiyaning xavfsizlik kafolatlari kerak emas, biz ularga ishonmaymiz. Hamkorlar ishonaversin, bu ularning ishi. Ammo biz xavfsizlik kafolatlari modelini qabul qilishda Rossiya Federatsiyasining so‘ziga ishonmasligimiz kerak», — deya qo‘shimcha qildi u.

«Agar barcha urushning qaynoq bosqichi tugashini istasa, biz ukrainlar uchun xavfsizlik kafolatlarini istaymiz», — deya xulosa qildi Zelenskiy.

AQSh va Tramp bilan munosabatlar haqida

Zelenskiy, shuningdek, Trampning unga nisbatan so‘nggi bayonotlariga, xususan, uni «saylovsiz diktator» deb ataganiga qanday munosabatdaligi haqidagi savolga ham javob berdi.

«Bu yerda his-tuyg‘ular uchun imkoniyat yo‘q, shuning uchun men bugungi ma’muriyat bilan munosabatlarimizga pragmatik yondashaman va shunday davom etamiz», — dedi u.

«Albatta, prezident Trampning menga nisbatan aytgan bu so‘zlarini, yumshoq qilib aytganda, maqtov deb atamasdim. Ha, buni tushunaman. Lekin xafa bo‘lishning nima keragi bor? Diktator bo‘lgan odam „diktator“ so‘zidan xafa bo‘lardi», — deya qo‘shimcha qildi prezident.

U, shuningdek, qonuniy ravishda saylangan prezident ekani, biroq hokimiyatga yopishib olmoqchi emasligini ta’kidladi.

«Harbiy holat tugaganidan keyin saylovlar bo‘ladi va odamlar o‘z tanlovini qiladi. O‘n yil hokimiyatda bo‘lmoqchi emasman. Ammo Putinning Ukraina hududlari ustidan hokimlik qilishiga ham yo‘l qo‘ymaymiz», — dedi Zelenskiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uning qo‘llab-quvvatlash reytingi 4 foiz ekani haqidagi yolg‘on ma’lumotni rossiyaliklar tarqatgan, uning haqiqiy reytingi esa — 65 foiz.

U bunday noto‘g‘ri ma’lumot xavfli ekani, shuning uchun u bunga munosabat bildirganini qo‘shimcha qilgan.

Shuningdek, Zelenskiy yana bir bor Ukrainasiz Ukraina haqida kelishib bo‘lmasligini ta’kidladi.

«Vaqti keladi, vaqti keladi — biz prezident Tramp bilan uchrashamiz. Busiz urushni tugatib bo‘lmaydi. Tomonlardan birisiz, Ukrainasiz, qurbonsiz — buning imkoni yo‘q», —, deydi u.

«Agar Amerika — men bunga unchalik ishonmayman, lekin hamma narsa bo‘lishi mumkin — bizsiz ruslar bilan biz haqimizda kelishib olsa, keyinchalik bu kelishuv shartlarini tasdiqlamasak, bu kelishuv muvaffaqiyatli bo‘lmaydi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Zelenskiy, shuningdek, Tramp Putin bilan uchrashishdan oldin o‘zi bilan uchrashishiga umid qilishini bildirdi.

Ukrainada saylovlar o‘tkazilishi haqida

Zelenskiy ilgari bu masalani Rossiya ko‘targani, endi esa AQShdan ham shunday ta’nalar yangray boshlaganini ta’kidladi.

U bu Ukrainaga bosim o‘tkazish ekani va nafaqat Ukraina qonunchiligiga to‘g‘ri kelmagani uchun, balki bunday saylovlarda xavfsizlikni kafolatlashning imkoni bo‘lmasligi tufayli ham saylovlarni o‘tkazish hozircha imkonsizligini qayd etdi.

«Urushda odamlar qanday ovoz berishadi? Frontdagilar uyiga qaytolmasa, qanday ovoz beradi? Bu qanday bo‘lishi mumkinligini tushunmayapman», — dedi prezident.

Uning qayd etishicha, harbiylarning ovoz berishini, front chizig‘ida, shuningdek, chet elda ovoz berishni ta’minlashning iloji bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, harbiy harakatlar zonasidan boshqa hududlarda ham vaziyat xavfli bo‘lib qolmoqda.

«Bugun 267 ta dron uchib keldi... Amerikalik hamkorlar aytganidek: biz ruslar urush tugashini xohlayotganini ko‘rmoqdamiz. Urush tugashini istagan odam 267 ta dron uchiryaptimi?» — deya savol qo‘yadi Zelenskiy.

U saylovdagi kuzatuvchilar masalasini ham ko‘tardi.

«Kuzatuvchilar qani? Ular frontga kelishadimi? Ularning soni qancha bo‘ladi? To‘ppa-to‘g‘ri Sumiga, Xarkiv oblastiga, Kramatorskka. Pokrovskka kuzatuvchilar kelmoqchimi?» — ritorik tarzda so‘radi prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday masalalar juda ko‘p va ular orasida ishg‘ol etilgan hududlarda ovoz berish masalasi ham bor.

Aynan shuning uchun harbiy holat davrida ovoz berish mumkin emasligi, agar harbiy holat hozir bekor qilinsa — unda saylovlar qaysi davlatda bo‘lishi noma’lum ekani ta’kidlangan.

«Agar biz harbiy holatni bekor qilsak — keling, to‘g‘risini aytaylik, ko‘p odamlar uylariga qaytadi. Agar armiya to‘liq yoki ko‘pchilik bo‘lib orqaga qaytsa, ular qaysi davlatda, qaysi bayroq bilan ovoz berishadi?» — deya savolga yakun yasadi Zelenskiy.

Zelenskiy yana nimalar dedi?

Matbuot anjumani chog‘ida Zelenskiy, shuningdek, hamkorlardan kutayotgan kafolatlar orasida Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zoligi, Ukraina hali NATOga qo‘shilmas ekan, mamlakat armiyasini kamida 800 ming kishi miqdorida moliyalashtirish kabilar borligini aytdi.

«Amalda NATO hali yo‘q, garchi u stolda, suhbatlarda bo‘lsa ham», — deya qayd etdi u.

U, shuningdek, o‘t ochishni to‘xtatish uchun xavfsizlik kafolatidan tashqari, uning verifikatsiyasi kerakligini aytdi — uning so‘zlariga ko‘ra, faol harbiy harakatlar ketayotgan bunday katta to‘qnashuv chizig‘i mavjud bo‘lsa, har qanday sulhga rioya etilishini kuzatish juda qiyin bo‘ladi.

Zelenskiy, shuningdek, urushning qizg‘in fazasi tugagandan so‘ng, armiya bosqichma-bosqich faqat shartnoma asosida ishlashga o‘tishi kerakligi va hozirda jang qilayotgan harbiylarning bir qismi uylariga qaytishini ta’kidladi.

Shu bilan birga, u qo‘shinlarni zaiflashtirmaslik uchun bunday o‘tish jarayonini juda ehtiyotkorlik bilan amalga oshirish zarurligini qo‘shimcha qildi.

U Rossiyaning muzlatilgan aktivlari — ukrainlarning puli ekanini aytdi. «Biz va hamkorlarniki emas, aynan bizniki», —degan u.

Prezident, shuningdek, Ukrainaning harbiy sanoati haqidagi savolga qisqacha javob berdi. «Palyanitsa» uchmoqda, «Ad» uchmoqda, «Ruta» uchmoqda, muvaffaqiyatlari bor, harbiy nishonlari bor, zarbalari bor, — dedi u Ukraina ishlanmalari haqida. — Ballistika tayyorlanyapti».

Mavzuga oid