Yevroittifoq Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 16-paketini qabul qildi
YeI Rossiyaga qarshi sanksiyalarning navbatdagi paketini kelishib oldi. Unga ko‘ra, alyuminiy importida cheklovlar joriy etilmoqda, yana 13 ta bank SWIFT tizimidan o‘chiriladi, «soyadagi flot»ning 70 dan ortiq kemasiga nisbatan sanksiyalar qo‘llanadi.

Foto: Getty images
Yevropa Ittifoqi kengashi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 16-paketini qabul qildi. Bu haqda YeI kengashi saytida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, «Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga putur yetkazuvchi yoki tahdid soluvchi harakatlar uchun mas’ul bo‘lgan» 48 nafar jismoniy shaxs va 35 nafar yuridik shaxs sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.
Shuningdek, Yevroittifoq Rossiyaning «soyadagi floti» tarkibiga kiruvchi 74 ta kemaga qarshi cheklovlar joriy etdi.
Bundan tashqari, YeI Rossiyaning 13 ta bankini SWIFT xalqaro bank tizimidan uzib qo‘yishga qaror qildi. Press-relizda ularning ro‘yxati keltirilmagan. «YeI birinchi marta RF Markaziy banki moliyaviy xabarlarni uzatish tizimidan foydalanadigan Rossiyadan tashqarida tashkil etilgan kredit va moliya institutlari tranzaksiyalariga taqiq joriy etdi», — deyiladi xabarda.
Rossiyaga tegishli sakkizta OAV Yevroittifoqda faoliyat yuritish litsenziyasidan mahrum qilinadi. Ular orasida Lenta.ru va «Zvezda» telekanali ham bor. YeI versiyasiga ko‘ra, ular «Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqinini targ‘ib qilish va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, unga qo‘shni davlatlar, YeI va unga a’zo mamlakatlarda vaziyatni beqarorlashtirishda muhim rol o‘ynagan».
YeI, shuningdek, «Rossiya mudofaa sanoat majmuasining texnologik rivojlanishiga ko‘maklashadigan» taqiqlangan tovarlar ro‘yxatini kengaytirdi. Xususan, harbiy sanoat salohiyatini oshirishga hissa qo‘shadigan tovarlar (kimyoviy moddalar, ba’zi plastmassalar va kauchuk) eksportiga va ularning Rossiya orqali tranzitiga qo‘shimcha cheklovlar, shuningdek, Rossiya uchun sezilarli daromad keltiradigan birlamchi alyuminiy importiga qo‘shimcha cheklovlar joriy etildi.
Bundan tashqari, «uchuvchisiz uchish apparatlarida foydalaniladigan kontrollerlar» ham taqiqlandi, avvalroq bu o‘yin pristavkalariga ham tegishli ekani aytilgandi. Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallasning aytishicha, ular yordamida dronlarni boshqarish mumkin.
Cheklovlar, shuningdek, tovar va texnologiyalar eksportiga, jumladan, «neft va gaz konlar razvedkasida foydalaniladigan» dasturiy ta’minotlarga ham joriy etildi.
Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi 15-sanksiyalar paketi 2024 yil 15 dekabrda qabul qilingan edi. O‘shanda 54 ta jismoniy va 30 ta yuridik shaxs, xususan, Rossiyaning «soyadagi floti»ga aloqador mudofaa korxonalari hamda kemasozlik kompaniyalari cheklovlarga uchragan edi.
Mavzuga oid

20:38 / 07.03.2025
Tramp Rossiyaga muzokaralardan bosh torsa «jiddiy sanksiyalar» bilan tahdid qildi

00:22 / 07.03.2025
Britaniya Suriya banklariga qarshi sanksiyalarini bekor qildi

20:07 / 05.03.2025
Yevroparlamentda Vengriyani ovoz berish huquqidan mahrum etish va YeI armiyasini tuzish taklif qilindi

17:14 / 04.03.2025