Jahon | 21:29 / 24.02.2025
6547
4 daqiqa o‘qiladi

«Ukrainaning o‘n avlodi to‘laydigan kelishuvni imzolamayman» – Zelenskiy Trampga yana «yo‘q» dedi

Bugun yana Donald Tramp Ukraina prezidenti Zelenskiy imzolashini talab qilayotgan mineral resurslar bo‘yicha kelishuv haqida gaplashamiz. Tramp Bayden ma’muriyati Ukrainaga yuborgan qurol-yarog‘ evaziga mamlakatdagi nodir metallar savdosidan tushayotgan foydaning yarmini yillar davomida AQShga berishini talab qilmoqda. Zelenskiy esa bu Ukrainani sotish ekanini aytib, kelishuv imzolashdan bosh tortgan. Ushbu kelishuv atrofida yangi xabarlar paydo bo‘ldi.

«Zelenskiy amerikalik vazirga baqirgan»

Iqtisodiy xabarlar tarqatuvchi eng ishonchli manbalardan bo‘lmish Financial Times nashrining yozishicha, Zelenskiy Trampning Ukrainadagi minerallar ustidan nazorat o‘rnatish istagini yetkazgan AQSh moliya vaziri Skott Bessentga baqirib javob bergan. Nashr manbalari yopiq formatda o‘tgan uchrashuv xonasidan baqiriq ovozlarini eshitgan.

Manbalarning aytishicha, Amerika moliya vaziri Skott Bessent prezident Zelenskiy Tramp so‘rayotgan kelishuvni tezda imzolashi kerakligi haqida aftidan buyruq ohangida gapirgach, Zelenskiy unga baqirgan. Amerikalik vazir uchrashuv vaqtida Vashington yillar davomida Ukrainadagi nodir metallar savdosidan tushadigan pulning yarmini olishni istashi, shuningdek, mamlakatdagi gaz, neft zaxiralari, savdo portlarini nazorat qilishini tushuntirgan. Zelenskiy esa Ukrainaning bir nechta avlodi to‘lashga majbur bo‘ladigan kelishuvni imzolamasligini aytgan.

Jurnalistlarning qayd etishicha, amerikalik vazirning Zelenskiy bilan birga o‘tkazilgan matbuot anjumani vaqtida chindan qattiq hayajonlangan va qo‘li qaltiragan. Zelenskiy vazir Skott bilan uchrashuv haqida gapirarkan Tramp taklif qilgan kelishuvni Myunxenda vitse-prezident Vens bilan muhokama qilishini bildirgan.

Avvalroq Tramp Zelenskiy AQSh moliya vaziri bilan uchrashuv vaqtida unga qo‘pollik qilganini aytgandi.

«Kelishuv shu hafta imzolanadi»

OAVda Zelenskiy amerikaliklarning navbatdagi taklifini rad etib, mineral resurslar bo‘yicha kelishuv imzolashdan bosh tortgani haqida xabar tarqaldi. Zelenskiyning oxirgi chiqishlari bu ma’lumotni tasdiqlaydi. Biroq Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff tomonlar kelishuvni ushbu haftada imzolashini aytdi: «Menimcha, kelishuv shu hafta imzolanadi. Prezident Tramp Zelenskiyga signal yubordi, u ortiq ikkilana olmaydi», dedi Uitkoff.

Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uols ham Kiyev va Vashington kelishuvga yaqinligi, u tez orada imzolanishini aytgan.

Biroq Volodimir Zelenskiy 23 fevral kuni Kiyevda o‘tkazilgan katta matbuot anjumanida bu gaplarni rad etuvchi chiqish qildi. Uning aytishicha, Tramp aytayotgan kelishuv Ukraina olgan har bir dollarini ikki dollar qilib qaytarishi degani. «Men ukrainlarning o‘n avlodi to‘lashga majbur bo‘ladigan kelishuvni imzolamayman», dedi Zelenskiy.

Ma’lum bo‘lishicha, Zelenskiy bu kelishuvni imzolamasligiga unda faqat Ukrainaning majburiyatlari ko‘rsatilgani sabab. Zelenskiy AQShdan xavfsizlik kafolati va «biroz insofli shartlarda» kelishuv so‘ramoqda. Shuningdek, Ukraina prezidenti kelishuvni faqat Donald Tramp bilan yakkama-yakka uchrashuv vaqtida, AQSh prezidenti Putin bilan ko‘rishishidan avval imzolamoqchi.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid