Tramp urushni «shu haftada» tugatishiga ishonmoqda
Shu bilan bir vaqtda, AQSh ma’muriyati Kiyevga foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuvning shartlari qat’iylashtirilgan yangi variantini yuborgan. Ukraina esa AQSh bilan 500 milliard dollarlik tabiiy resurslarni bo‘lishishdan bosh tortgan – va besh baravar kamroq taklif qilgan.

Foto: Aaron Schwartz / CNP / Bloomberg / Getty Images
AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni hal qilish bo‘yicha kelishuvga yaqin vaqtlar ichida erishishga umid qilmoqda. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt 22 fevral kuni ma’lum qildi.
«Prezident va uning jamoasi mojaroga yakun yasash uchun har ikki tomon bilan muzokaralarni davom ettirishga katta e’tibor qaratmoqda va prezident biz bunga shu haftada erisha olishimizga qat’iy ishonmoqda», — dedi Livitt, lekin Tramp buni qanday amalga oshirmoqchi ekani haqida hech qanday tafsilot keltirmadi.
Matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, Tramp «Rossiya kelishuv tuzishga tayyor ekaniga ishonadi va u kelishuv tuzish uchun kurashmoqda». Uning qo‘shimcha qilishicha, Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uols «kelishuvga erishish va Ukrainadagi mojaroga barham berish uchun dam olish kunlari ham 24 soat ishlaydi».
«Prezident qotilliklar to‘xtatilishini, begunoh odamlar halok bo‘lmasligi va tinchlik bo‘lishini xohlashini aytdi», — deya qo‘shimcha qildi Oq uy vakili.
Bu vaqtda Ukraina va AQSh foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuvga erishish uchun muzokaralarni davom ettirmoqda. Donald Tramp 22 fevral kuni AQSh Ukrainaning muhim minerallari va neftiga, shuningdek, «olishi mumkin bo‘lgan hamma narsa»ga ega bo‘lishni mo‘ljallayotganini aytdi.
The New York Times va NV ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh rasmiylari 21 fevral kuni Ukrainaga avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy rad etgan tabiiy resurslar bo‘yicha kelishuvning yanada qat’iy variantini topshirgan. Yangi variant AQSh yerosti boyliklarini qazib olish huquqiga ham ega bo‘ladigan bo‘lajak fondga 100 foiz egalik qilishini nazarda tutadi. Shuningdek, OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Amerika rasmiylari kelishuv variantida fond miqdori 500 milliard dollarni tashkil etishini qayd etgan — Tramp Ukrainaga harbiy va moliyaviy yordam ko‘rsatish uchun Amerika qilgan xarajatlar evaziga aynan shunday miqdordagi kompensatsiya olmoqchi.
Ukraina rasmiylari AQShning 500 milliard dollarlik qo‘shma jamg‘arma yaratish talabiga qarshi chiqdi, dedi muzokaralar jarayonidan xabardor bo‘lgan ukrainalik mulozim anonimlik sharti bilan Bloomberg agentligiga. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuvning yangi variantida AQShning kelgusidagi harbiy va moliyaviy yordami kafolatlari haqida hech narsa yo‘q.
Bloomberg suhbatdoshi aytishicha, Ukraina bunga javoban besh baravar kamroq — taxminan 90 milliard dollar miqdorini aytgan. Ukrainaning Radio NV manbasi ham shunga o‘xshash summa haqida ma’lum qilgan: «Biz hozir [AQSh]ning bu taklifini 100 milliard dollargacha kamaytirdik va [prezident Trampning maxsus elchisi Kit] Kellogga topshirdik».
Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak 23 fevral kuni ukrainalik jurnalistlarga foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuv yaqin orada imzolanishini aytdi. «Shartnoma muhokama qilinmoqda, turli darajalarda yetarlicha sinchkovlik bilan muhokama qilinmoqda, ishchi guruhlar tuzildi. U qachon imzolanishi — bu, albatta, yaqin vaqtlardagi masala», — dedi Podolyak.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer AQShdagi muzokaralarga borishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ular mos ravishda 24 va 27 fevral kunlari Donald Trampga Moskva va Kiyev o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgan taqdirda Ukrainada 30 minggacha yevropalik tinchlikparvar kuchlarni joylashtirish rejasini taqdim etmoqchi, deb yozadi The Wall Street Journal o‘z manbalariga tayanib.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Makron va, ehtimol, Starmer AQShni Ukrainadagi Yevropa qo‘shinlariga Rossiya tomonidan xavf tug‘ilgan taqdirda «javob zarbasi» uchun Amerika qo‘shinlarining bir qismini yuborishga ko‘ndirishga harakat qiladi.
Rasmiylarga ko‘ra, Yevropa davlatlari ishlab chiqayotgan reja AQShdan Ukrainada o‘z kuchlarini joylashtirishni talab qilmaydi, Tramp bunga qarshi chiqmoqda. Manbalarning aytishicha, AQSh qo‘shni davlatlarda havo hujumidan mudofaa tizimlaridan foydalanishi va Yevropaga qo‘shimcha havo hujumidan mudofaa tizimlarini taqdim etishi mumkin. Rasmiylarga ko‘ra, Trampning qo‘llab-quvvatlashisiz Yevropa tinchlikparvar kuchlarni yuborishda qiyinchiliklarga duch keladi.
Yevropa mamlakatlari Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini musodara qilish imkoniyatlarini ham muhokama qilmoqda, deb xabar berdi Bloomberg agentligi. Muzokaralar jarayonidan xabardor manbalarga ko‘ra, Yevropa rasmiylari Rossiya Markaziy banki aktivlaridan Ukrainaga to‘lanishi kerak bo‘lgan tovon miqdorini belgilashi rejalashtirilgan Xalqaro da’vo komissiyasi faoliyati uchun garov sifatida foydalanish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Agar Moskva zararni to‘lashdan bosh torsa, aktivlar musodara qilinishi mumkin, deb yozadi agentlik.
Suhbatdoshlarning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Ukrainaning vayron bo‘lgan energetika infratuzilmasi uchun tovon sifatida Rossiyaning suveren aktivlarini musodara qilishi varianti ham ko‘rib chiqilmoqda. Aktivlarni to‘liq musodara qilish taklifiga Yevropa Ittifoqining ayrim davlatlari, jumladan Germaniya va Fransiya ehtimoliy huquqiy va iqtisodiy oqibatlar tufayli qarshi chiqqan.
Bloomberg ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqida ko‘rib chiqilayotgan takliflar G7 davlatlari allaqachon Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan olingan foydadan Ukrainaga berilgan 50 milliard dollarlik kreditni ta’minlash chorasi sifatida foydalangani bilan murakkablashadi.
Yevropa komissiyasi Yevropa Ittifoqi elchilariga Xalqaro da’volar komissiyasini tuzish bo‘yicha muzokaralar 24 mart kuni boshlanishi haqida ma’lum qildi, deya xabar berdi manbalar. Ularning qo‘shimcha qilishicha, bu masala 24 fevral kuni Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida muhokama qilinadi.
Yevropa Ittifoqi, «Katta yettilik» mamlakatlari va Avstraliya Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan keyin Rossiya Markaziy bankining qimmatli qog‘ozlar va naqd pul ko‘rinishidagi 280 milliard dollarga yaqin aktivlarini, asosan Belgiyaning Euroclear depozitariysi orqali muzlatib qo‘ygandi. Bundan tashqari, rossiyalik tadbirkorlarga nisbatan qo‘llangan sanksiyalar doirasida, AQSh Moliya vazirligi baholashicha, taxminan 58 milliard dollarlik aktivlar muzlatib qo‘yilgan. Bu rossiyalik oligarxlarning uylari, yaxtalari, shaxsiy samolyotlari va boshqa mulklari narxlarini o‘z ichiga oladi.
Mavzuga oid

13:19
Mask: Starlink hech qachon Ukrainadagi o‘z terminallarini o‘chirib qo‘ymaydi

01:10
Tramp: Ukraina AQSh yordami bilan ham omon qolmasligi mumkin

23:40 / 09.03.2025
Ukraina Qrim ko‘prigini butunlay yakson qilish bo‘yicha yangi operatsiya tayyorlamoqda

20:11 / 09.03.2025