Jahon | 18:05 / 23.02.2025
8193
12 daqiqa o‘qiladi

«Noyob metallar, neft va olish mumkin bo‘lgan hamma narsa»: Tramp «Ukrainaga sarflangan pullar» evaziga yana nimalar xohlashini aytdi

ROBERTO SCHMIDT/AFP via Getty Images

Konservativ siyosiy harakatlar konferensiyasida nutq so‘zlagan Donald Tramp Vashington va Moskva urushni to‘xtatish bo‘yicha «kelishuvga yaqin» ekanini aytdi, biroq tafsilotlarga to‘xtalmadi. Oq uy rahbari qariyb bir yarim soatlik nutqida o‘zining sevimli mavzulari — migratsiyaga qarshi kurash, tariflar, xilma-xillik va tenglik dasturini bekor qilish haqida ham gapirdi. Quyida Tramp va konferensiyaning boshqa ishtirokchilarining chiqishlaridan asosiy joylari keltiriladi.

Konservativ siyosiy harakatlar konferensiyasi (Conservative Political Action Conference, CPAC) anchadan buyon AQSh konservatorlari siyosiy taqvimining ajralmas qismiga aylangan. 1974 yilda siyosiy tarafdorlarning kichik yig‘ilishi sifatida boshlangan CPAC vaqt o‘tishi bilan konservativ qadriyatlarga qo‘shilgan siyosatchilar va ularning tarafdorlari uchun eng muhim tadbirlardan biriga aylandi.

Donald Trampning nutqi CRAC’ning yakuniy, uchinchi kunida bo‘lib o‘tdi. Uning qariyb bir yarim soatlik nutqidagi mavzulardan biri Ukraina bo‘ldi.

Trampning aytishicha, AQSh Ukraina bilan nafaqat nodir metallar, balki boshqa resurslar bo‘yicha ham kelishuv tuzmoqchi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQShga bu resurslar «Ukrainaga sarflangan pullarni qaytarishga harakat qilish» uchun kerak, chunki Yevropa davlatlari Ukrainaga kreditlar shaklida yordam ko‘rsatgan, AQSh esa — tekinga.

«Men prezident Zelenskiy bilan ishlayapman, men prezident Putin bilan ishlayapman — men pullarni qaytarishga yoki ularning saqlanishini kafolatlashga harakat qilyapman», — dedi Tramp.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ukrainaga 100 mlrd dollar, AQSh esa 350 mlrd dollar ajratgan. «Ammo bundan ham yomoni shundaki, Yevropa ularni kredit sifatida bergan, shuning uchun ular o‘z pullarini qaytarib olishadi. Biz hech narsa olmadik, shuning uchun biz kiritgan barcha pullar uchun bizga hech bo‘lmaganda nimadir berishlarini xohlayman va men urushni hal etishga va bu o‘limlarning barchasiga barham berishga harakat qilyapman», —deya davom etgan Amerika prezidenti.

«Shuning uchun biz nodir metallar, neft va qo‘lga kiritishimiz mumkin bo‘lgan hamma narsani so‘raymiz«», — deydi Tramp.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va Rossiya u «dahshatli vaziyat» deb atagan urushni to‘xtatish bo‘yicha «kelishuvga yaqin». «Biz bu borada ishlamoqdamiz», dedi u va bu mavzuni chuqurlashtirishni istamadi va buni ikki davlat hali «muzokaralar o‘rtasida» ekani bilan tushuntirdi.

Hafta boshida Saudiya Arabistonida Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri birinchi marta Moskva va Vashington o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Tomonlar «o‘zaro munosabatlarda g‘azabni keltirib chiqaradigan omillarni bartaraf etish uchun maslahatlashuv mexanizmini yaratish»ga va Ukraina masalasini hal etish bo‘yicha ishlarni boshlash uchun yuqori darajadagi jamoalarni tayinlashga kelishib olganliklarini aytishdi.

Shundan so‘ng Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni bir necha bor asossiz tanqid ostiga oldi. Masalan, AQSh yetakchisi Zelenskiyga ishonch reytingi atigi 4 foizni tashkil etishini aytgan, ammo bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Tramp bir yarim soatlik nutqida Ukraina, bojlar va migrantlar haqida gapirdi

Tramp yana nimalar dedi?

AQSh prezidenti o‘z nutqida o‘zining sevimli mavzularini ham chetlab o‘tmadi: u ayollar musobaqalarida ishtirok etayotgan transgender sportchilarni yana bir bor qoraladi, yaqinda tasdiqlangan hukumat a’zolarini maqtadi va noyabr oyida bo‘lib o‘tgan saylovlardagi g‘alabasini esladi.

«Men ikki kishini mag‘lub etishga muvaffaq bo‘lgan yagona odamman», — dedi Tramp Jo Bayden poygadan chetlatilganini hamda saylovda Kamala Harris ustidan g‘alaba qozonganini nazarda tutib. Shundan bir necha daqiqa o‘tib, Tramp Baydenni AQSh tarixidagi «eng yomon» prezident deb atadi.

Oq uy rahbari fikricha, noyabr oyida Vashingtonda respublikachilarga «xalq katta mandat bergan» va uning so‘zlariga ko‘ra, partiya bundan foydalanmoqchi. Tramp «mustahkam» siyosiy ko‘pchilikni yaratishga va’da berdi va respublikachilar oraliq saylovlarda ham muvaffaqiyatga erishishiga ishontirdi.

AQSh prezidenti o‘z nutqida mamlakatning janubiy chegarasini kesib o‘tayotgan muhojirlarni ham tilga oldi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, aynan shu muammo tufayli u yana prezidentlikka nomzodini qo‘yishga «majbur bo‘lgan». Shundan so‘ng u boshqa bir sevimli mavzusi — bojlarga o‘tdi.

«„Tarif“ so‘zi — mening lug‘atdagi eng sevimli so‘zdir», — deb tan oldi u SRAS ishtirokchilari olqishlari ostida. Biroq, o‘zi bunday e’tirof uchun tanqid qilinganidan so‘ng bu uning «rafiqa» va «Amerika» kabi so‘zlardan keyin to‘rtinchi sevimli so‘zi ekanini aytdi. U nutqi davomida AQShning Kanada va Meksika kabi savdo hamkorlariga qarshi bojlar joriy qilish bilan tahdid qildi, shuningdek, AQSh Amerika importiga bojlar joriy qilgan mamlakatlarga qarshi javob choralarini ko‘rishini bildirdi.

Tramp xilma-xillik va tenglik dasturini (DEI) bekor qilish haqida gapirganda, unga shiddat bilan qarsak chalindi. «Men DEI’ning har bir xodimini uning ishi tugagani haqida xabardor qildim», — degan Tramp dastur ustida ishlayotgan hukumat xodimlari haqida. Uning so‘zlariga ko‘ra, u xususiy sektorda ham bunday amaliyotga chek qo‘yilishiga umid qilmoqda.

Ushbu siyosat tarafdorlari tarixiy va ijtimoiy adolat haqida gapiradi va bunday dasturlarning biznes va tashkilotlar uchun ijobiy effektini ko‘rsatadigan tadqiqotlarni keltirishadi.

SRAS konferensiyasi ishtirokchilari Trampni qo‘llovchi atributkalar bilan

Konferensiyada yana kimlar chiqish qildi?

Anjumanda amerikalik siyosatchilar va amaldorlardan tashqari xorijlik mehmonlar ham ishtirok etdi. Ular orasida, masalan, Argentina prezidenti Xaviyer Miley va Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloni (videoaloqa orqali) bor edi.

Miley o‘z nutqida Argentinada amalga oshirgan davlat xarajatlarining qisqartirilishini Tramp ma’muriyati amalga oshirayotgan xarajatlar bilan taqqosladi.

«Mana shuning uchun biz unga motoarra sovg‘a qildik», — dedi Argentina prezidenti Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari Ilon Maskka CRAC’ning dastlabki kunlarida qilgan sovg‘asini nazarda tutib. Motoarraga «Viva la libertad, carajo», degan yozuv o‘yib tushirilgan, bu ispanchadan tarjima qilinganda «Yashasin ozodlik, jin ursin» degan ma’noni anglatadi. Miley bu vositadan 2023 yilgi saylovoldi kampaniyasida davlat xarajatlarini qisqartirish ramzi sifatida foydalangan. Sovg‘ani olgach, Mask darhol uni «byurokratiya uchun motoarra» deb atadi.

Nutq davomida Miley, shuningdek, davlat xarajatlarini qisqartirishning ikkinchi bosqichini o‘tkazishni rejalashtirayotganini aytdi, uning ta’kidlashicha, bu «odamlarga ulardan tortib olinmasligi kerak bo‘lgan boylikni qaytarish» uchun amalga oshiriladi.

Argentina yetakchisi aytishicha, hozirda Vashington va Buenos-Ayres o‘rtasida erkin savdo shartnomasini tuzish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda: bu «o‘zaro manfaatli bo‘ladi va argentinalik ishlab chiqaruvchilarga ham, amerikaliklarga ham og‘irlik qilmaydi», deb ishontirdi u.

Xaviyer Miley SRAS konferensiyasida Ilon Maskka davlat xarajatlarini qisqartirish ramzi sifatida motoarra sovg‘a qildi
Will Oliver/EPA/Bloomberg via Getty Images

Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloni Donald Tramp va AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vensning tarafini olib chiqdi.

So‘nggi haftalarda Yevropa yetakchilari Tramp va uning ma’muriyati vakillarining ba’zi bayonotlaridan xavotirda. Avvaliga Pentagon rahbari Pit Hegset Myunxen xavfsizlik konferensiyasida Kiyevni asosan Yevropa qo‘llab-quvvatlashi kerakligi, AQSh esa e’tiborni Yevropa xavfsizligidan boshqa mintaqalarga qaratishni rejalashtirayotganini aytgandi. Keyin ma’lum bo‘ldiki, AQSh Rossiya bilan kelishishni va Ukrainadagi urushni to‘xtatishni Kiyev va Yevropa ishtirokisiz rejalashtirmoqda.

«Raqiblarimiz prezident Tramp bizdan uzoqlashishiga umid qilmoqda, biroq uni kuchli va samarali yetakchi sifatida bilgan holda, bo‘linishga umid qilayotganlar nohaq bo‘lib chiqishiga garov o‘ynashga tayyorman», — degan Meloni.

Shuningdek, u o‘tgan hafta Myunxenda Yevropaga asosiy tahdid «ichkaridan» kelayotganini aytgan Jyey Di Vensni qo‘llab-quvvatladi. Italiya bosh vaziri fikricha, AQSh vitse-prezidenti «chuqurroq narsani: o‘ziga xoslik, demokratiya, so‘z erkinligi»ni nazarda tutgan.

Fransiyaning o‘ta o‘ngchi «Milliy birlashuv» partiyasining yangi rahbari Jordan Bardella esa, aksincha, Trampning birinchi muddatida Oq uyning sobiq bosh maslahatchisi va bosh strategi bo‘lgan Stiv Bennon sahnada ziga ishorasini qilganidan so‘ng konservatorlar konferensiyasidagi nutqini bekor qildi. Bardella va boshqa ba’zi sharhlovchilar buni natsistlar salomiga tenglashtirdi.

Bennon bunday o‘xshatishni rad etdi. U Fransiyaning Le Point nashriga agar Bardella haqiqatan ham uning jyesti tufayli nutqni bekor qilgan bo‘lsa, u «Fransiyaga rahbarlik qilishga loyiq emas»ligini aytdi: «U erkak emas, bola».

Respublikachilarning bo‘lg‘usi yetakchisi

SRAS davomida uning ishtirokchilaridan 2028 yilda Donald Tramp ikkinchi prezidentlik muddatini tugatgandan so‘ng Respublikachilar partiyasini kim boshqarishi kerakligi so‘raldi. Ularning javobi — vitse-prezident Jyey Di Vens.

Konferensiya ishtirokchilarining 61 foizi uni 2028 yilda respublikachilar nomzodi sifatida ko‘rishni istaydi.

Trampning maslahatchisi Stiv Bennon 12 foiz qo‘llovga ega, Florida gubernatori Ron Desantis — 3 foiz, davlat kotibi Marko Rubio — 3 foiz, BMT elchisi lavozimiga nomzod Eliza Stefanik — 3 foiz ovoz bilan qo‘llab-quvvatlangan.

Mavzuga oid