AQSh Ukraina bilan qazilma boyliklar bitimi shartlarini keskinlashtirdi
AQSh maxsus jamg‘arma tuzishni, Ukraina uning hajmi 500 milliard dollarga yetguncha o‘z hissasini qo‘shib borishi kerakligini taklif qilmoqda.

Foto: AP
21 fevral kuni Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga qazilma boyliklar bo‘yicha kelishuv loyihasining yangi tahririni topshirdi, ayrim shartlar avvalgi tahrirga qaraganda kuchaytirildi. Bu haqda The New York Times yozdi.
Hujjat Ukrainaga tabiiy resurslar, jumladan, foydali qazilmalar, gaz va neftdan, shuningdek, portlar va boshqa infratuzilmalardan olinadigan daromadning yarmidan AQSh foydasiga voz kechishni nazarda tutadi.
Xuddi shu talab 14 fevraldagi avvalgi tahrirda ham mavjud edi. Yangi versiyada tushum 100 foizi AQShga tegishli bo‘lgan jamg‘armaga yo‘naltirilishi ko‘rsatilgan. Ukraina ushbu jamg‘armaga uning hajmi 500 milliard dollarga yetguncha o‘z hissasini qo‘shib borishi kerak.
Qayd qilinishicha, tomonlarning jamg‘armaga badallari quyidagi nisbatda bo‘linadi: Ukraina tomoni kelgusida olinadigan daromadlarning uchdan ikki qismini, Amerika tomoni esa qurol ko‘rinishida taqdim etgan uchinchi qismini hissa sifatida qo‘shadi. Ukraina jamg‘arma hajmini qayta ko‘rib chiqishni va uning mablag‘lari faqat mamlakatga sarmoya kiritish uchun ishlatilishi to‘g‘risida kelishuv imzolashni taklif qilmoqda.
Oldingi variantda 500 milliard dollar haqida aytilmagan edi. AQSh prezidenti Donald Tramp Kiyevning Vashington oldidagi majburiyatlarini shu miqdorga baholagan. Bu AQSh tomonidan taqdim etilgan harbiy va moliyaviy yordamga tegishlimi yoki kelajakdagi yordamga ham tegishlimi, aniq emas.
Yangi loyihada, Rossiya tomonidan nazorat qilinadigan hududlardan olinadigan daromadlar to‘g‘risidagi band ham bor. Agar Ukraina ularni qaytara olsa, dromadlarni baham ko‘rishiga to‘g‘ri keladi. Bu yerlardan jamg‘armaga tushadigan daromad ulushi 66 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Hujjatda, shuningdek, Qo‘shma Shtatlar tushgan mablag‘ning bir qismini Ukrainani urushdan keyingi tiklash uchun qayta sarmoya qilishi mumkinligi aytiladi.
Kelishuvda AQSh Ukrainaga qanday xavfsizlik kafolatlarini berishga tayyorligi aytilmagan. Ushbu nuqta loyihaning birinchi versiyasida ham yo‘q edi.
Mavzuga oid

08:13
AQSh G7 yig‘ilishida Rossiyaga qarshi ritorikadan qochishga chaqirdi

23:00 / 10.03.2025
FXX ukrainaliklarning Rossiya kirishini 50 yilgacha taqiqlashni boshladi

22:00 / 10.03.2025
Ukraina dunyodagi eng yirik qurol importchisiga aylandi

20:32 / 10.03.2025