Vashingtondagilar Trampning Zelenskiyga hujumlarini izohladi
Oq uydagi manbalarga ko‘ra, Tramp Zelenskiyni yerosti boyliklari bo‘yicha kelishuv tuzishga majburlash uchun unga hujum qilmoqda. AQSh allaqachon Ukrainaga yerosti boyliklari bo‘yicha yangi kelishuv loyihasini yuborgan, unda Zelenskiyning «ba’zi xavotirlari» inobatga olingan.

Efrem Lukatsky/AP
AQSh prezidenti Donald Trampning Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga nisbatan ochiqchasiga keskin fikr bildirishi Vashington Rossiya tomon burilishi bilan bog‘liq emas, balki konlar bo‘yicha kelishuv tuzish uchun Kiyevga bosim o‘tkazish usulidir. Bu haqda Politico Oq uydagi manbalariga tayanib yozmoqda.
Nashr suhbatdoshlari «muzokaralar olib borishdagi qo‘pol taktikaning navbatdagi namunasi» bo‘lgan «dahanaki jang»ga jiddiy e’tibor bermaslikka chaqirgan.
Ularning fikricha, agar kelishuv imzolansa, Zelenskiy va Trampning munosabatlari joyiga tushadi.
AQSh davlat kotibi Marko Rubio ham Trampning Zelenskiyga e’tirozlari — konlar bo‘yicha taklif rad etilgani tufayli ekanini bildirgan.
Rubioning so‘zlariga ko‘ra, Vashingtonda bunday kelishuv o‘z-o‘zidan Ukraina uchun kelajakdagi xavfsizlik kafolati bo‘ladi, deb hisoblashadi, chunki AQSh uning yerosti boyliklariga kirish huquqini qo‘lga kiritgach, bundan «shaxsan manfaatdor» bo‘ladi.
Rubio Zelenskiy avvaliga kelishuvga roziligini bildirgani, keyin esa uni ochiqchasiga rad etganidan Vashingtondagilarning hafsalasi pir bo‘lganini ta’kidlagan: «Ikki kun o‘tib Zelenskiy shunday deganini o‘qidim: „Men kelishuvni rad etdim, men ularga hech qanday holatda buni qilmasligimizni aytdim“. Sizga aytsam, o‘sha uchrashuvda bunday voqea bo‘lmagandi. Biz esa bu yigitlarga yordam berishga harakat qilyapmiz».
Axios ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh allaqachon Ukrainaga yerosti boyliklari bo‘yicha yangi kelishuv loyihasini yuborgan, unda Zelenskiyning «ba’zi xavotirlari» inobatga olingan. Nashr manbasi ma’lum qilishicha, Ukraina prezidentining bir necha maslahatchisi kelgusida Tramp bilan kelishmovchilikka bormaslik uchun uni yangilangan bitimni imzolashga ko‘ndirgan.
Trampning Zelenskiyga hujumlari
AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zi «saylovsiz diktator» deb atagan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga hujum qilishda davom etmoqda. Associated Press xabariga ko‘ra, 19 fevral kuni kechqurun Mayamidagi investitsiya forumida so‘zlagan nutqida Tramp foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuvni imzolashdan bosh tortgani uchun Zelenskiyga «g‘azabini sochgan». «Ular bu kelishuvni buzishdi», — degan Tramp. Avvalroq Zelenskiy xavfsizlik kafolatlari haqida gap ketmagani, faqat AQSh Ukrainaning barcha nodir metallarining 50 foiziga ega bo‘lishi aytilgani tufayli shartnomani imzolashdan bosh tortganini bildirgandi.
Prezident samolyoti bortida jurnalistlar bilan suhbatda Tramp ukrainlar fevral oyi boshida Kiyevga AQSh moliya vaziri Skott Bessent kelishidan oldin kelishuvga «ko‘proq yoki kamroq rozi bo‘lgani»ni aytdi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, ukrainlar Bessentga «juda qo‘pol munosabatda bo‘lishgan»: «Mohiyatan unga „yo‘q“ deyishgan, Zelenskiy esa uxlab yotgan va u bilan uchrasha olmagan».
«U ko‘p soat poyezdda yurib bordi, bu esa xavfli sayohat va biz moliya vaziri haqida gaplashyapmiz. U hujjatga qo‘l qo‘yish uchun u yerga bordi va quruq qaytdi. Ular hujjatni imzolamadi», — degan AQSh prezidenti.
Foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuv qayta tiklanishi ehtimoli bo‘yicha savolga javob berarkan, Tramp shunday dedi: «Ha, o‘ylaymanki, men bu kelishuvni qayta tiklayman, nima bo‘lishini ko‘ramiz, lekin men uni qayta tiklayman, aks holda bu qiziqarli bo‘lmaydi. Mana, saylov vaqti ham keldi».
Reuters agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Tramp ma’muriyati Ukraina bilan tabiiy resurslardan foydalanish bo‘yicha soddalashtirilgan bitim tuzish variantini ko‘rib chiqmoqda. Agentlik manbalari aytishicha, bu kelishuvni tezda imzolash imkonini beradi, batafsil shartlar keyinroq muhokama qilinadi. Agentlik suhbatdoshlari ta’kidlashicha, Kiyev kelishuv tuzishga tayyor, ammo shartlar «yirtqichlarcha» bo‘lmasligi kerak.
Tramp 18 fevral kuni Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan Rossiya-AQSh muzokaralaridan ko‘p o‘tmay Zelenskiyni tanqid qila boshladi. Tramp hech qanday isbot keltirmagan holda Ukrainada Volodimir Zelenskiyni ma’qullash reytingi 4 foiz ekanini aytgandi. Zelenskiy bunga javoban «agar kimdir uni hoziroq almashtirmoqchi bo‘lsa, buning iloji yo‘qligi»ni aytgandi. O‘z navbatida, Ukraina prezidenti ham Trampni Rossiya dezinformatsiyasi qurboni deb atadi.
Kreml Tramp va Zelenskiy o‘rtasida yuzaga kelgan kelishmovchiliklarga izoh berib, Ukraina prezidentining reytingi pasayib borayotgani va «bu mutlaqo yaqqol tendensiya» ekanini aytdi. «Zelenskiy va umuman Kiyev rejimining ko‘plab vakillarining ritorikasi yaxshilikka olib kelmaydi. Ko‘pincha Ukraina rejimi vakillari, ayniqsa, so‘nggi oylarda boshqa davlatlar rahbarlariga nisbatan mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan gaplarni aytishmoqda», — dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab davlat rahbarlari uchun «bu mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan va qabul qilib bo‘lmaydigan holat».
So‘nggi kunlarda Donald Tramp tinchlik kelishuvining kafolati sifatida Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarni yuborish bo‘yicha kelishuvga erishmoqchi bo‘lgan Fransiya va Buyuk Britaniyaning sa’y-harakatlarini ochiqchasiga qo‘llab-quvvatladi. Tramp tinchlikparvar kuchlar yuborilishini «ajoyib jyest» deb atadi.
The Telegraph gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer fevral oyida Tramp bilan bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda Yevropa davlatlari Ukrainaga 30 ming askar yuborishini ko‘zda tutuvchi rejani taqdim etadi (Ukraina 100 mingdan ortiq askar kerakligini bildirgan). Shuningdek, Starmer Rossiya sulh shartlarini buzgan taqdirda Amerika qiruvchi samolyotlari va raketalari Sharqiy Yevropada jangovar shay holatda bo‘lishini talab qiladi.
Avvalroq The Times gazetasi Buyuk Britaniya xavfsizlik kafolati sifatida Ukrainaga qiruvchi samolyotlar va oz sonli quruqlikdagi qo‘shinlarini yuborishi mumkinligi haqida yozgandi.
Mavzuga oid

16:59
Frontdagi vaziyat: Moskva Kursk oblastidagi jiddiy yutuqlari haqida e’lon qilmoqda

13:19
Mask: Starlink hech qachon Ukrainadagi o‘z terminallarini o‘chirib qo‘ymaydi

01:10
Tramp: Ukraina AQSh yordami bilan ham omon qolmasligi mumkin

23:40 / 09.03.2025