O‘zbekiston | 17:15 / 21.02.2025
39037
8 daqiqa o‘qiladi

“Tush o‘ng bo‘lmas, o‘ng esa tush” – Xorazmda sudya sudlanuvchiga g‘alati hukm chiqardi

Urganch tumanida O‘zbekiston sud-huquq tizimida kamdan kam kuzatiladigan holat sodir bo‘ldi: odil sud sudlanuvchiga ochiqchasiga tuhmatli ayb qo‘ydi. Daraxt kesgani uchun sudlanayotgan shaxs qo‘shnisining telefonini o‘g‘irlaganlikda ayblangan. Yoki teskarisi: aslida o‘g‘irlik qilgani uchun sudlanayotgan fuqaro daraxt kesganlikda ayblanib, ozodlikdan mahrum qilingan. Shu darajada “ishonch” bilan yozilganki, hukmdagi chalkashlik “texnik xatolik”ka o‘xshamayapti. Telefon o‘g‘irlagan shaxs Ekologiya vazirligi hisobiga 112 mln so‘m pul ham to‘laydi (!).

Foto: Kun.uz

Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch tuman sudida sudlanuvchiga g‘alati hukm chiqarildi. Bu kabi holat oldin kuzatilmagan: qilmishi uchun sudlanayotgan shaxs “delo”ga aloqasi bo‘lmagan ikkinchi bir jinoyatda ayblangan. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

O‘g‘irlik qilganmi yoki daraxt kesgan?

2025 yilning 29 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch tuman sudida fuqaro Valijon Bekchonovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, hukm o‘qilgan. Sud hukmida keltirilishicha, muqaddam sudlanmagan, 1989 yilda tug‘ilgan Bekchonov Jinoyat kodeksining 198-moddasi 2-qismi bilan ayblangan.

Jinoyat kodeksining bu moddasi ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish jinoyatini nazarda tutadi. Bunday jinoyatni sodir qilganlik uchun BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima yoki 240 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1 yildan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

Hukmning g‘alatiligi shundaki, uning tafsilot qismida Valijon Bekchonov qo‘shnisining telefonini o‘g‘irlagani haqida gap boradi.

Jinoyat ishi tafsiloti Bekchonov “o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida 2022 yil 2 sentabr kuni soat 11:45 larda qo‘shnisi Jumaniyazova Ozodaning yashash uyiga derazasi orqali g‘ayriqonuniy ravishda kirib, oshxonadagi stolning ustida turgan, bozorda sotilish bahosi 1,2 mln so‘m bo‘lgan telefonni o‘g‘irlagani” bilan boshlangan.

Aybimga iqrorman”

Sud hujjatidagi bu chalkashlikni “texnik xatolik” deyish mumkin edi, agar Valijon Bekchonov o‘g‘irlik jinoyatini sodir qilganiga “o‘zi iqror” bo‘lmaganida. Hukmda yozilishicha, sudlanuvchi sud majlisida dastlabki tergov organi tomonidan qo‘yilgan aybga to‘liq iqrorlik bildirgan.

Sudning “versiyasi”ga ko‘ra, Bekchonov qo‘shnisining uyidan o‘g‘irlab olib chiqqan telefonini o‘zi yashab kelayotgan mahallada telefon apparati ta’mirlash bilan shug‘ullanuvchi G‘.Qoroyevga olib borgan. U telefon o‘ziniki ekanini bildirib, pul zarur bo‘lgani sababli sotmoqchiligini aytgan.

G‘.Qoroyev telefonni sotib olmagan. Shu vaqt do‘kon yonida turgan tanishi D.Sharipov ularning yoniga kelgan hamda Bekchonovdan o‘rtalarida oldindan bo‘lgan 150 ming so‘m qarzini so‘ragan. Bekchonov unga puli yo‘qligini aytgan. Shunda tanishi uning qo‘lidagi o‘g‘irlangan telefonni olib qo‘ygan hamda qarzini berganda qaytarishini bildirgan.

Keyinchalik shu kuni IIB xodimlari men tomonimdan sodir etilgan o‘g‘irlikni fosh qilishdi. Hozirgi kunda o‘g‘irlik oqibatida yetkazilgan moddiy zararni to‘liq qopladim. Aybimga to‘la iqrorman. Qilmishimdan chin ko‘ngildan pushaymonman. Muqaddam sudlanmaganligim, oilaviy va moddiy ahvolimni inobatga olib, jazo tayinlashda yengillik qilishni so‘rayman”, – deya ko‘rsatuv bergan Valijon Bekchonov sudda.

Kameraga tushib qolgan”

Hukmda fuqaroviy da’vogar deb ko‘rsatilayotgan B.Xujanov sudda haqiqatan 2022 yil 2 sentabr kuni noma’lum shaxs uyiga kirib, telefonini o‘g‘irlab ketganini ma’lum qilgan.

Yashash uyimning tashqi tomoniga o‘rnatilgan videokuzatuv moslamasini ko‘zdan kechirganimda telefon o‘g‘irlangan vaqti uyining yon atrofida qo‘shnim V.Bekchonov yurganini ko‘rib, undan gumonlandim. Uning uyiga borib, bu haqda onasiga aytdim. Keyin esa onasi bilan birgalikda V.Bekchonovni izlab topdik. Bu orada sodir qilingan o‘g‘irlik haqida IIBga ham xabar qildim”, degan da’vogar.

Shuningdek, B.Xujanov yetkazilgan zarar qoplanganini aytib, suddan V.Bekchonovga nisbatan jazo tayinlashda yengillik qilishni so‘ragan.

Aybi isbotlandi”

Sud davlat ayblovchisi xulosasini, fuqaroviy da’vogar va sudlanuvchining fikrini eshitib, jinoyat ishi hujjatlarini o‘rganib chiqqan holda (!) Valijon Bekchonovning aybi to‘plangan dalillar bilan isbotlangan deb hisoblagan. Shuningdek, sud dastlabki tergov organi tomonidan V.Bekchonovning uy-joyga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, o‘g‘irlik, ya’ni o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilganlikda ifodalangan jinoiy harakatlari Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan, degan xulosaga kelgan.

Hukm

Sud hujjatida jinoyat ishi tafsiloti to‘liq Valijon Bekchonovning “o‘g‘irlik qilgani” haqida borgan. Biroq hukm qilishda unga Jinoyat kodeksining 198-moddasi 2-qismi bilan jazo tayinlangan.

“Bekchonov Valijon Sultonboyevichga Jinoyat kodeksining 198-moddasi 2-qismi bilan 2 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlansin.

Bekchonov Valijon Sultonboyevichga nisbatan qo‘llangan “munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat” ehtiyot chorasi bekor qilinib, darhol sud zalidan qamoqqa olinsin.

Jazoni manzil koloniyada o‘tash belgilansin.

Jazoni o‘tash muddati 2025 yil 29 yanvar kunidan boshlab hisoblansin”, deya keltiriladi hukmda.

Shuningdek, jinoyat natijasida yetkazilgan moddiy zararni qoplash maqsadida sudlanuvchi V.Bekchonov tomonidan Xorazm viloyati IIB Moliya bo‘limining depozit hisobraqamiga to‘langan 10 mln so‘m pul Ekologiya vazirligi hisobiga o‘tkazilishi hamda sudlanuvchidan vazirlik hisobiga yana 112 mln 740 ming so‘m undirilishi belgilangan.

Texnik xatolikmi?

Bir inson taqdiriga daxldor bo‘lgan sud hukmidagi bu chalkashlik texnik xatolikka o‘xshamayapti.

Chunki agar Valijon Bekchonov qo‘shnisining uyiga kirib, telefon o‘g‘irlagani uchun sudlangan, deb hisoblanadigan bo‘lsa, unga daraxt kesganlik uchun jazo tayinlangan hamda yetkazilgan zararni qoplash belgilangan. Agar Valijon Bekchonov daraxt kesgani uchun sudlangan deb o‘ylanadigan bo‘lsa, da’vogar, guvohlar u o‘g‘irlik qilgani haqida “gapirtirilgan”.

Texnik xatolik tufayli boshqa bir sud hukmining tafsilot qismi bu hukmga qo‘shilib qolgan deyiladigan bo‘lsa, negadir Valijon Bekchonov ismi o‘g‘irlik epizodining har bir bandiga qo‘shib chiqilgan.

Qolaversa, sud majlislari onlayn jadvalida ham bu ish Jinoyat kodeksining 198-moddasi bilan muhokamaga qo‘yilgan.

Mazkur ishni ko‘rib chiqishda jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch tuman sudi raisi Yakubov Bunyod Adilbekovich raislik qilgan. Sud hukmi u tomonidan elektron tarzda imzolangan.

Valijon Bekchonov yo u, yo bu jinoyatni sodir qilgani aniq. Savol: u qaysi jinoyatni sodir qilgan?

Ruslan Saburov,
Kun.uz

Mavzuga oid