Jahon | 18:50 / 21.02.2025
1878
2 daqiqa o‘qiladi

Trampning maxsus vakili agar garovga olinganlar qaytarilmasa, HAMAS yo‘q qilinishini aytdi

Adam Byoler so‘zlariga ko‘ra, HAMAS garovga olinganlarni qaytarishi lozim, aks holda jiddiy tahdidga duch keladi.

Foto: Anadolu Agency

AQSh prezidenti Donald Trampning garovga olish masalalari bo‘yicha maxsus vakili Adam Byoler Falastinning HAMAS harakatini G‘azo sektorida saqlanayotgan barcha odamlarni qaytarishga chaqirdi.

«Agar HAMAS o‘rnida bo‘lsam, garovga olinganlarning barchasini ozod qilgan bo‘lardim, aks holda bu harakat yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida», dedi Byoler CNN telekanalida.

Bir kun avval HAMAS garovga olinganlardan 4 nafarining jasadini Isroilga topshirdi. Ular to‘rt kishi, jumladan, ikki bola, ularning onasi va keksa erkak edi. Harakat bayonotiga ko‘ra, ularning barchasi Isroil harbiy havo kuchlarining G‘azoga bergan zarbasi oqibatida halok bo‘lgan.

Biroq keyinroq Isroil bolalar haqiqatda «terrorchilar tomonidan asirlikda o‘ldirilganini» aytdi. Bundan tashqari, DNK tahlili shuni ko‘rsatdiki, Falastin da’volariga zid ravishda, bolalarning onasi Shiri Bibas topshirilgan jasadlar orasida yo‘q. HAMAS o‘z navbatida, bu ayblovlarni tekshirishini ta’kidladi va jasadlar bilan «xatolik» bo‘lishi mumkinligini tan oldi.

1 fevral kuni HAMAS Bibaslar oilasining omon qolgan yagona a’zosi, bolalarning otasi Yardenni asirlikdan ozod qilgan edi.

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi sulh 19 yanvardan kuchga kirdi. Shartnoma uch bosqichni nazarda tutadi. Birinchisida, guruh Isroil qamoqxonalaridagi 1500 nafar falastinlik mahbuslar evaziga 33 nafar isroillik garovga olinganlarni ozod qilishi kerak. Shartlari hali aniqlanmagan ikkinchi va uchinchi bosqichlarda esa mahbuslarni almashish davom etadi. Uchinchi bosqich, shuningdek, qurolli mojarolar paytida vayron bo‘lgan G‘azo sektori infratuzilmasini tiklashni boshlashi kerak.

Mavzuga oid