Jahon | 10:11 / 21.02.2025
4166
3 daqiqa o‘qiladi

Klichko: Saylovlar hozir - Ukraina uchun zahar

Saylov kampaniyasi Ukrainani ichkaridan yo‘q qilishi va kuchsizlantirishi mumkin, deb hisoblaydi Kiyev meri Vitaliy Klichko. U Gdanskning vafot etgan meri Pavel Adamovich nomidagi mukofotni olish uchun Bryusselga kelgan.

Foto: Europaparlament

Kiyev meri Vitaliy Klichko barqaror tinchlik o‘rnatilmaguncha Ukrainada saylov o‘tkazishni to‘g‘ri deb hisoblamaydi. «Bunday og‘ir vaziyatda saylov kampaniyasi mamlakatni ichkaridan vayron qilib, uni ancha zaiflashtirishi mumkin», dedi Klichko 20 fevral, payshanba kuni DW telekanaliga Pavel Adamovich mukofotini olish munosabati bilan Bryusselda o‘tkazilgan matbuot anjumanida. Ushbu mukofot Yevropa Ittifoqida mahalliy darajada demokratiyani mustahkamlash, inson huquqlarini himoya qilish va fuqarolar birdamligini qo‘llab-quvvatlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun beriladi.

«Hozirgi vaziyatda saylovlar bizning vatanimiz uchun zahardir, - deydi Vitaliy Klichko. - Ukrainaga bosqichma-bosqich tinchlik qaytgandan so‘ng, keyingi mantiqiy qadam saylovlar bo‘ladi». Uning fikricha, hozirdan saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish oqilona emas, chunki «Ukraina mavjud bo‘ladimi yoki yo‘qmi degan savol ochiq».

Ukrainaliklar mustaqillik va hududiy yaxlitlik uchun kurashayotgan bir paytda, mamlakatdagi siyosiy kuchlar urushni to‘xtatish uchun o‘z kuch va qudratini birlashtirishi kerak. «Mamlakat ichida va uning chegaralaridan tashqarida, Ukraina atrofida birlikka ega bo‘lish juda muhim», — deya xulosa qildi Ukraina poytaxti meri.

Kiyev meri vafot etgan Gdansk meri nomidagi mukofot bilan taqdirlandi

20 fevral kuni Yevroparlamentdagi Yevropa mintaqalar qo‘mitasining yalpi majlisida Vitaliy Klichkoga Pavel Adamovich mukofoti topshirildi. U 13 yanvar kuni laureat bo‘lganligi ma’lum bo‘ldi. Nomzodlar orasida Lviv meri Andrey Sadoviy, rossiyalik siyosiy mahkum, sobiq munitsipal deputat Aleksey Gorinov va boshqalar ham bor edi. Hakamlar hay’ati Falastin va Isroil hamjamiyat yetakchilari Bassam Aramin va Rami Elxananni yarashuvdagi sa’y-harakatlari uchun alohida e’tirof etdi.

Hakamlar hay’atining fikricha, Kiyev merining tashabbuslari boshqa shaharlar uchun namunadir. Ushbu tashabbuslar orasida aholiga muammolarni ko‘tarish va mahalliy tashabbuslar bo‘yicha ovoz berish imkonini beruvchi Kyiv Digital ilovasini joriy etish hamda hukumat, fuqarolik jamiyati tashkilotlari va mahalliy aholi uchun muhim jamoat maydoni bo‘lib xizmat qiluvchi Vcentri hablar tarmog‘ini yaratish kiradi.

«Kiyev meri suv va elektr energiyasi kabi asosiy xizmatlardan foydalanishni ta’minlash bilan birga, jamoat muhokamalari va forumlardan tortib, onlayn so‘rovlar va fuqarolik jamiyati tashkilotlari bilan birgalikda jamoat kengashlari tashkil etilishini qo‘llab-quvvatlashgacha bo‘lgan ommaviy maslahatlar va muhokamalar orqali fuqarolar va hokimiyat o‘rtasidagi muloqotni qo‘llab-quvvatlaydi», deyiladi Adamovich mukofoti tashkiliy qo‘mitasi matbuot xizmati bayonotida.

Mavzuga oid