O‘zbekiston | 09:31 / 21.02.2025
6755
4 daqiqa o‘qiladi

IMEI talabi Toshkent aeroportida navbatlarni yuzaga keltirdi. Bojxona qo‘mitasi izoh berdi

Tadbirkor Oybek Shayxov Toshkent aeroportida telefonlarni deklaratsiyalash va IMEI ro‘yxatidan o‘tkazishdagi byurokratiya va uzun navbatlar haqida yozdi. Bojxona qo‘mitasi xodimlar soni oshirilgani va yaqin kunlarda deklaratsiyani onlayn to‘ldirish mumkin bo‘lishini aytdi. Deklaratsiyaga kiritilgan qurilmalarni aynan aeroportning o‘zida UzIMEI ro‘yxatidan o‘tkazish shart emas.

Foto: Oybek Shayxov / Facebook

Yevropa–O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi bosh kotibi, Bryusselda yashaydigan asli o‘zbekistonlik tadbirkor Oybek Shayxov IMEI bilan bog‘liq masalani ko‘tardi. U Facebook sahifasida Bojxona qo‘mitasi rasmiy sahifasini belgilab, Toshkent xalqaro aeroportida telefonlarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda navbatlar yuzaga kelganini ko‘rsatdi.

«Bir muddat avval pasport nazoratidagi uzun navbatlar muammosi oynalar sonini ko‘paytirish orqali hal etilgan edi. Nega chet elda sotib olingan telefonlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda ham shunday qilmaslik kerak? Endilikda bu jarayon majburiy bo‘lib, ikki bosqichda (bojxona + UzIMEI) amalga oshiriladi, lekin ro‘yxatdan o‘tish uchun bojxona bo‘limida faqat bitta xodim ishlaydi. Ikkinchisi borga o‘xshaydi, lekin u yordam berishga «huquqi yo‘q», chunki u «boshqa narsalar» bilan band — daftarga e’tibor bilan nimalarnidir yozyapti», – deydi u.

Tadbirkorning aytishicha, tonggi 4:30 da O‘zbekistonga kelgan vatandoshlar ham, xorijlik mehmonlar ham soatlab navbat kutmoqda.

«Bir soatdan beri navbatda turibmiz – yo‘lovchilar ham, poytaxt mehmonlari ham. Samolyotimiz 4:30 da qo‘ndi, hozir soat 6:26. «Yangi O‘zbekiston»da eski muammolar saqlanib qolmoqda. Agar rahbariyat e’tibor bermasa, ular hech qachon hal bo‘lmaydi. [Aeroportdan] chiqishda shunday holat bo‘lsa, ko‘pchilikning sa’y-harakatlari zoye ketgani uyatli», — deb yozgan Oybek Shayxov.

Foto: Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati

Holat yuzasidan Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev izoh berdi. Ma’lum qilinishicha, holat Bojxona qo‘mitasi, «Toshkent-AERO» va TTBRM vakillari ishtirokida joyiga chiqib o‘rganilgan va navbatlarning oldini olish maqsadida xodimlar soni oshirilgan.

«Havo yo‘llari orqali harakatlanayotgan yurtdoshlarimizga qulayliklar yaratish maqsadida aeroportning o‘zida yo‘lovchilar tomonidan to‘ldirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyalari asosida mobil qurilmalarni UzIMEI operatorlari tomonidan tizimda ro‘yxatga olish yo‘lga qo‘yilgan. Navbatlarning oldini olish maqsadida ushbu jarayonga jalb qilingan xodimlar va operatorlar soni oshirildi», — deyiladi xabarda.

Bojxona rasmiysi olib kirilayotgan mobil qurilmalarni bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatgach, ularni UzIMEI tizimida aeroportning o‘zida ro‘yxatdan o‘tkazish majburiy emasligi, O‘zbekiston fuqarolari 30 kun ichida, chet elliklar 60 kun ichida o‘ziga qulay vaqtda ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkinligini eslatgan.

«Shuningdek, kelgusida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini onlayn to‘ldirishni yo‘lga qo‘yish, buning uchun mobil ilovalar ishlab chiqish ustida ham ishlar boshlab yuborilgan. Yaqin kunlarda deklaratsiyani onlayn to‘ldirish test rejimida ishga tushiriladi, xalqaro aeroportlarning uchib kelish zallariga deklaratsiyani onlayn to‘ldirishga mo‘ljallangan infokiosklar o‘rnatilishi rejalashtirilgan», – deya ma’lum qildi Husan Tangriyev.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil oktyabridan boshlab, O‘zbekistonga kirib kelayotgan jismoniy shaxslar o‘zi bilan telefon olib kirayotgan bo‘lsa, deklaratsiya to‘ldirishi kerak. Aks holda IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazishda boj to‘lashga to‘g‘ri keladi. Bu tartib keng jamoatchilikka shu yil yanvar oyida ma’lum bo‘lgan edi.

Mavzuga oid