Jahon | 09:50 / 20.02.2025
3178
3 daqiqa o‘qiladi

Trampning maxsus vakili Kiyevda ilk uchrashuvlarini o‘tkazdi

Kit Kellog Kiyevda bosh qo‘mondon Sirskiy, maxsus xizmatlar rahbarlari va Ukraina prezidenti devoni rahbari Yermak bilan muzokaralar o‘tkazgan, deb xabar berdi Volodimir Zelenskiy.

Foto: Ukraina prezidenti ofisi

Kiyevga tashrif bilan kelgan AQShning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy bilan uchrashdi. Bu haqda 19 fevral, chorshanba kuni kechqurun Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘zining videomurojaatida ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Kellog razvedka idoralari, maxsus xizmatlar rahbarlari, shuningdek, Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak bilan muzokaralar o‘tkazgan.

«Kit Kellog frontda sodir bo‘layotgan voqealar, shu yillar davomida o‘zgarmagan millatimizning mustahkamligi va ruhi haqida to‘liq ma’lumot olishi biz uchun muhim... Harbiy qo‘mondonlik va joylardagi qo‘mondonlarning jang maydonidagi vaziyat haqida brifinglari muhim bo‘ladi», — deb yozdi Yermak o‘zining Telegram-kanalida.

Zelenskiyning o‘zi Kit Kellogni 20 fevral kuni qabul qilmoqchi. «Umuman olganda, Amerika bilan uchrashuv va hamkorlik konstruktiv bo‘lishi biz uchun juda muhim. Amerika va Yevropa bilan birgalikda tinchlik yanada ishonchli bo‘lishi mumkin va bu bizning maqsadimiz», — deya ta’kidladi Ukraina rahbari.

Kit Kellog Kiyevga 19 fevral kuni ertalab yetib keldi. "Suspіlne" telekanali jurnalistlariga bergan izohida u o‘zining tashrifi «yaxshi potensial muzokaralar o‘tkazish uchun imkoniyat» ekanligini aytdi. Kellog Donald Trampning ko‘p marta aytgan so‘zlarini takrorladi: «Agar Tramp prezident bo‘lganida urush boshlanmasdi». Kellogning tashrifi 21 fevralgacha davom etishi kutilmoqda.

Yermak MSC'da Kellogga: Putin sizni aldashiga yo‘l qo‘ymang

Andrey Yermak 14 fevral kuni Myunxen xavfsizlik konferensiyasida Trampning maxsus vakili bilan uchrashgan edi. Ularning suhbatining asosiy mavzusi, Ukraina prezidenti devoni rahbarining so‘zlariga ko‘ra, «barqaror tinchlikka erishish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish» bo‘ldi. Suhbat chog‘ida Yermak Kellogga Putin «hech qachon qoidalar bilan o‘ynamasligini» aytdi va uni «o‘zini aldab qo‘ymaslikka» chaqirdi. «Ruslar faqat kuchni hurmat qiladi, undan foydalanmaydiganlarni esa mensimaydi. Rossiya va’da qilganda emas, majbur bo‘lganda to‘xtaydi», — deydi Andrey Yermak.

Mavzuga oid