Jahon | 13:45 / 20.02.2025
23482
12 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning MiG-31 samolyotlari Ukrainaga hujum qilishni to‘xtatdi: bu nimani anglatishi mumkin?

Ukraina Rossiyaning MiG-31 uchoqlarining havoga ko‘tarilishi bilan bog‘liq havo trevogalari 28 yanvardan beri e’lon qilmay qo‘ydi. Yanvar oyida ham 8-28 sanalar oralig‘ida 20 kun trevogasiz o‘tgan. Bu Rossiya harbiy havo kuchlarining ushbu turdagi samolyotlari uchun noodatiy holat, chunki ular 2024 yil davomida doim muntazam parvozlar qilgandi.

Foto: Anadolu

2025 yil boshidan beri MiG-31 bilan bog‘liq havo trevogasi faqat uch marta — 3, 8 va 28 yanvarda e’lon qilingan. Lekin bu uchishlar ham amalda zarbalar bilan yakunlanmagan.

2024 yilda eng katta tanaffus kuz boshlariga to‘g‘ri kelgan. Ukrainada MiG-31 parvozlari bilan bog‘liq trevogalar 5-20 sentabr kunlari oralig‘ida umuman e’lon qilinmagan.

Rossiya mudofaa vazirligi ushbu qiruvchi samolyotlar faoliyatidagi uzilish yuzasidan biror rasmiy izoh bermagan.

Ukraina havo kuchlarining rasmiy Telegram-kanalida ham MiG-31 parvozlari haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Ammo o‘z manbalariga tayanib ma’lumot tarqatuvchi norasmiy kanalga ko‘ra, 28 yanvardan keyin ham Rossiya aerodromlaridan MiG-31 uchoqlari havoga ko‘tarilgan, lekin ular jangovar vazifalar uchun emas.

Ukraina havo kuchlari matbuot kotibi Yuriy Ignat BBCʼga ushbu ma’lumotni tasdiqladi.

Xavfli samolyot

Ukrainaliklar MiG-31 uchoqlariga alohida e’tibor qaratishiga sabab — ushbu samolyotlarning ayrim turlari (MiG-31K modifikatsiyasi) X-47M2 «Kinjal» aeroballistik raketalarini uchira olishi bilan bog‘liq. Bu raketalarni tutib olish juda qiyin.

«Kinjal» havodan uchirilsa ham, uning harakat trayektoriyasi ballistik, ya’ni parabolaga o‘xshash yo‘nalishda bo‘ladi. Bu uni havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun gorizontal parvoz qiladigan raketalarga nisbatan ancha qiyin nishonga aylantiradi.

Ikkinchi xususiyati — uning tezligi. Raketa parvozda 10 max’gacha tezlikka erishishi mumkin, bu esa gipertovushlilik chegarasidan ikki barobar yuqori hisoblanadi.

Uchinchi jihati — uning uzoqqa yetkazib borish qobiliyati. Rossiya hududidan uchirilgan «Kinjal» Ukrainaning istalgan nuqtasiga zarba bera oladi.

Bundan tashqari, MiG-31 o‘zi ham xavfli havo hujumi vositasi hisoblanadi. U 120 km uzoqlikdagi nishonlarni yo‘q qilish qobiliyatiga ega, uzoq masofaga uchuvchi havo mudofaa raketalari bilan jihozlangan.

Shu bilan birga, bu samolyotlar ukrain havo hujumidan mudofaa tizimlari ta’sir doirasiga kirmasdan, xavfsiz masofada qola oladi. Ukrainada ularga qarshi, 120 km uzoqlikka ucha oladigan aviatsiya raketalari mavjud emasligi sababli, MiG-31’ni havoda urib tushirish juda mushkul vazifa hisoblanadi.

Bu barcha jihatlar MiG-31 samolyotlarini Ukraina uchun jiddiy xavfga aylantiradi.

Havo hujumlari to‘xtagani yo‘q

Rossiya MiG-31 uchoqlari parvoz qilmagan davrda Ukraina hududlariga boshqa usullar bilan zarbalar berishda davom etdi.

Masalan, 16 fevral kuni tongda Rossiya dronlari Mikolayivga hujum qildi va shaharning issiqlik elektr stansiyasiga zarar yetkazdi. Ukraina bosh vaziri Denis Shmigalga ko‘ra, bu hodisa 46 ming kishini issiqlik ta’minotisiz qoldirgan.

Bundan avval, 12 fevral kuni Ukraina havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari Rossiya tomonidan uchirilgan yetti ballistik raketaning oltitasini yo‘q qilishga va 123 ta dron hujumini qaytarishga muvaffaq bo‘lganini ma’lum qildi.

Ushbu hujum paytida Kiyevda bir kishi halok bo‘ldi, yana to‘rt nafar odam, jumladan, bir bola jarohat olgani xabar qilindi.

MiG-31K tashqi ko‘rinishi bilan oddiy MiG-31’dan farqlanmaydi, ammo uning ichidagi bort apparaturasi jiddiy o‘zgartirilgan.
Foto: Anadolu

So‘nggi marta «Kinjal» raketalari bilan hujum 2024 yil 31 dekabr tongida sodir bo‘lgan. Ukraina harbiylariiga ko‘ra, o‘sha kuni Rossiya 61 ta vosita, jumladan, turli raketalar va dronlar bilan hujum uyushtirgan. Ukraina mudofaa tizimlari o‘sha kechada uchirilgan yagona «Kinjal» raketasini urib tushirgan.

Rossiyada «Kinjal» raketalari tugaganiga oid hech qanday dalil yo‘q. Agar bunday holat yuz bergan bo‘lsa, bu haqda razvedka ma’lumotlari paydo bo‘lishi yoki ommaviy manbalar asosida o‘tkazilgan tekshiruvlar orqali ma’lum bo‘lishi mumkin edi. Biroq, so‘nggi vaqtlarda bunday tekshiruvlar ochiq manbalarda e’lon qilinmadi.

Ukrainada «Kinjal» raketalari va ularni uchiradigan MiG-31K samolyotlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sababi, har bir raketa uchirilishi yoki hatto uning ehtimoliy tahdidi mamlakatning istalgan shahri uchun xavf tug‘diradi.

«Kinjal»larni faqat Patriot havo mudofaa tizimlari bilan yo‘q qilish mumkin. Ukrainada rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozir uchta shunday kompleks bor. Avvalroq to‘rtinchisi yetkazib berilishi mumkinligi haqida ham xabar qilingan edi. Biroq, ular barcha shaharlarning havo himoyasini to‘liq ta’minlashga qodir emas.

Shu sababli, MiG-31 uchoqlari qatnashishi mumkin bo‘lgan har bir hujum matbuotda alohida e’tibor bilan yoritilmoqda. Zero, bu samolyotlar «Kinjal»larni uchira oladigan yagona tashuvchi hisoblanadi.

Siyosiy vaziyat

BBCʼga o‘z ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan rossiyalik harbiy ekspertning aytishicha, Rossiya urushning kelgusi yo‘nalishi bo‘yicha muzokaralar olib borayotgan bir paytda bunday qurollardan foydalanish haqidagi qaror eng yuqori darajada, tashqi siyosat sharoiti hisobga olingan holda qabul qilinishi mumkin.

Ukrainaga bostirib kirilganidan keyingi ilk rasmiy muzokaralar 18 fevral kuni Saudiya Arabistonida Rossiya va AQSh yuqori martabali vakillari o‘rtasida o‘tkazildi. Bu voqeadan bir necha kun avval esa Ukrainadagi urush Myunxen xavfsizlik konferensiyasining markaziy mavzusiga aylangandi.

Biroq, siyosiy jarayon va urushni yakunlash imkoniyatlari muhokamasi 2024 yil noyabrda Donald Tramp AQSh prezidenti etib saylanganidan keyinoq boshlangan. Uning inauguratsiyasi 2025 yil 20 yanvar kuni bo‘lib o‘tdi.

Trampning tashqi siyosatdagi faolligi ehtimol, inauguratsiyadan oldinroq boshlangan bo‘lishi mumkin. Biroq, uning xususiyati va bu jarayonga Rossiya qanday qilib bevosita yoki bilvosita jalb qilingani haqida ochiq manbalarda batafsil ma’lumot berilmagan.

Resurs tugaganmi?

Mantiqli ko‘ringan ehtimoliy tushuntirishlardan biriga ko‘ra, samolyotlarda ayrim qismlarning ishlash muddati tugagan bo‘lishi mumkin, bu esa ularning parvozlarini to‘xtatishga olib kelgan.

Barcha MiG-31 uchoqlari 1994 yilgacha ishlab chiqarilgan. Umumiy hisobda 500 taga yaqin MiG-31 tayyorlangan bo‘lsa-da, Military Balance 2023 va World Air Forces 2023 ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilga kelib Rossiyada ushbu turdagi 129 dona parvozga yaroqli havo kemasi qolgandi.

Military Balance ma’lumotiga ko‘ra, ularning 12 tasi MiG-31K modeli bo‘lib, u «Kinjal» raketalarini uchirishga moslashtirilgan. Tashqi ko‘rinishdan bu model standart MiG-31 bilan deyarli bir xil, biroq u maxsus jihozlar bilan ta’minlangan bo‘lib, faqat «Kinjal» uchirish uchun mos keladi.

«Kinjal» uchirish uchun samolyot 15 km balandlikka ko‘tarilishi va soatiga 3000 km tezlikka erishishi kerak — bu havo kemasi raketa uchun birinchi bosqich vazifasini bajaradi. Shu sababli, uning yuqori tezligi raketa parvozi uchun muhim ahamiyatga ega.

MiG-31’ning oddiy modifikatsiyalari uchun R-33 raketasi 1970-yillarda yaratilgan, u allaqachon eskirgan, ammo 120 kilometrdan ortiq uzoq masofaga ucha oladi, bu qiruvchi samolyotni havoda xavfli dushmanga aylantiradi.
Foto: Donat Sorokin/TASS

Har bir samolyotning ishlash muddati (resursi) belgilangan: u havoda o‘tkazilgan soatlar yoki «sikllar» (parvoz va qo‘nishlar soni) orqali o‘lchanadi. Ayrim qismlar esa boshqalarga nisbatan tezroq eskiradi.

Masalan, «D-30F6 havo muharriklari» haqida yozilgan «MiG-31 dvigatellarining eskirish jarayoni tahlili» maqolasida ta’kidlanishicha, bu dvigatellar 350 soat ishlaganidan so‘ng eskira boshlaydi.

Taqqoslash uchun: Su-35 uchun ishlab chiqilgan AL-41F1S dvigatelining umumiy resursi 3000 soatni tashkil etadi va ayrim qismlar almashtirilganda 4000 soatgacha uzaytirilishi mumkin.

Hozirgi vaqtda D-30F6 dvigatellari ishlab chiqarilmaydi, biroq 2014 yilda «Aviadvigatel» kompaniyasi bosh konstruktori Aleksandr Inozemsev bu turdagi 1500 dvigatel ishlab chiqilgani va ularning zaxirasi katta ekanini aytgan.

Biroq, zaxirada qancha dvigatel qolgani noma’lum, chunki ularning foydalanish jadvali va ishlash yuklamasi katta ahamiyatga ega.

Oldingi planda — Su-24, uning ortida — MiG-31. 514-sonli aviatsiya ta’mirlash zavodi, 2014 yil
Foto: Marina Lysseva/TASS

MiG-31K havo kemalari oddiy MiG-31ga qaraganda qattiqroq yuklamalarga uchraydi. Buni «Kinjal» raketasi og‘irligi (4,3 tonna) va fyuzelyaj ostida joylashgan birgina nuqtaga tushadigan bosimni oshirib yuborishi bilan tushuntirish mumkin.

Har qanday samolyotning xizmat ko‘rsatish muddatini uning texnik holatini yangilash va eskirgan qismlarni almashtirish orqali uzaytirish mumkin. Shu sababli, MiG-31 uzoq vaqt davomida urushda qatnashib kelganiga qaramay, katta ehtimol bilan uning parvoz qilish imkoniyati saqlanib qoladi.

Biroq, tez-tez amalga oshirilayotgan parvozlar va yuqori yuklamali ishlash tarzi nafaqat ayrim qismlar, balki boshqarish uchun muhim bo‘lgan samolyot karkasi (planer) ham tezroq eskirishiga olib kelishi mumkin. Planerni esa yangisiga almashtirib bo‘lmaydi.

«Bu Rossiya uchun muammo emas»

Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari matbuot kotibi Yuriy Ignat BBC bilan suhbatda Rossiya MiG-31 uchoqlari bilan bog‘liq muammolarga duch kelgani haqidagi taxminlarga shubha bildirdi.

«Rossiya Su va MiG uchoqlarini ishlab chiqarish, ta’mirlash va modernizatsiya qilishning to‘liq sikliga ega. Agar biror narsa ishdan chiqqan bo‘lsa, uni almashtirishadi — bu Rossiya uchun muammo emas», — dedi u.

Ignatning fikricha, Rossiya MiG-31 uchoqlari parvozlaridagi uzilish bir necha sabablar mavjud, lekin ularni uchoqlar eskirgani bilan bog‘lashga asos yo‘q.

«Bu bir necha sababga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Masalan, qandaydir zarbaga tayyorgarlik ko‘rishmoqda yoki ma’lum bir resurslarni to‘plashmoqda. Balki ob-havo noqulay, yoki «Kinjal» raketalarini yig‘ib, ularni bir vaqtda qo‘llashga tayyorgarlik ko‘rishyapti», — deya ta’kidlaydi Ignat.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina havo kuchlari jiddiy asossiz havo trevogasi e’lon qilishdan qochadi.

«Trevoga e’lon qilish masalasi juda nozik. Agar xavf chindan ham bo‘lsa, albatta, trevoga e’lon qilinadi. Biroq biz har safar MiG-31K havoga ko‘tarilganda, u qurollangan yoki qurolsizligini aniq bilolmaymiz. Shuning uchun, barcha holatlarda ham trevoga e’lon qilinmaydi»,— dedi Ignat.

«Trevoga e’lon qilinmagan kunlarda ham MiG-31 uchoqlari parvoz qilmagan, degan xulosa qilish noto‘g‘ri bo‘ladi. Agar aniq ma’lumot bo‘lsa va «Kinjal» raketalarini tashiyotgan samolyot mamlakat g‘arbiy hududiga qarab parvoz qilgan bo‘lsa ham, xavf yo‘qligi aniq bo‘lsa, u holda havo trevogasi e’lon qilinmaydi», — deya qo‘shimcha qildi Ukraina havo kuchlari rasmiysi.

Mavzuga oid