Jahon | 11:47 / 20.02.2025
1826
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya avtosanoati Yevroittifoqni AQShga bojlar bo‘yicha imtiyoz berishga chaqirdi

«Prezident Tramp tomonidan e’lon qilingan 25 foizlik tarif darajasi provokatsiyadir», dedi VDA rahbari Xildegard Myuller.

Foto: Wolfgang Maria Weber/picture alliance

Germaniya avtomobil sanoati assotsiatsiyasi (VDA) AQShning avtomobillar uchun import bojlarini oshirish ehtimoliy zarari haqida ogohlantirdi va shu bilan birga Yevropa Ittifoqini Vashingtonga yon berishga chaqirdi. 19 fevral, chorshanba kuni VDA rahbari Xildegard Myuller: «Prezident Tramp tomonidan e’lon qilingan 25 foizlik tarif darajasi provokatsiyadir» dedi, deya xabar bermoqda Reuters.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Tramp import qilinadigan avtomobillarga bojlarni oshirsa, bu Yevropa Ittifoqining AQShga eksportiga putur yetkazadi va ikkala qit’aning farovonligiga zarar keltiradi. Agar Bryussel AQShga qarshi tariflar bilan javob berishga qaror qilsa, bu oxir-oqibat iste’molchilar uchun yuqori narxlarga olib keladigan spiralni boshlaydi. «AQSh prezidenti Donald Tramp va’da qilingan inflatsiyaga qarshi kurash o‘rniga uni faqat AQShda rag‘batlantiradi», dedi VDA rahbari. U Yevropa Ittifoqini Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan «yarim yo‘lda uchrashishga» chaqirdi.

Trampning «o‘zaro tariflari»

18 fevral kuni Oq uy rahbari import qilinadigan avtomobillarga 25 foizlik bojlar, shuningdek, farmatsevtika va yarimo‘tkazgichlarga bojlar joriy etish imkoniyatini ma’lum qildi. Avvalroq Tramp AQShning savdo hamkorlariga «o‘zaro tariflar»ni joriy etishga tayyorgarlik ko‘rish to‘g‘risidagi memorandumni imzolagan edi.

Hozirda Yevropa Ittifoqining AQShdan kelayotgan yengil avtomobillari uchun bojxona to‘lovi 10 foizni tashkil etadi, AQShga olib kiriladigan Yevropa avtomobillariga esa 2,5 foizlik boj to‘lanadi. BMW bosh direktori Oliver Tsipse allaqachon Yevropa Ittifoqini AQSh bilan tariflarni tenglashtirishga chaqirgan, deya qayd etadi Reuters.

Mavzuga oid