BMT: Zelenskiy tegishli saylovlardan so‘ng o‘z lavozimini egallab kelyapti
Trampning Ukraina prezidentini «diktator» degan da’vosi Birlashgan Millatlar Tashkilotida keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi. Germaniya kansleri Amerika yetakchisining so‘zlarini noto‘g‘ri va xavfli deb atadi.

Foto: Ukraina prezidenti ofisi
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni noqonuniy davlat rahbari deb hisoblamaydi, dedi 19 fevral, chorshanba kuni BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning matbuot kotibi Stefan Dyujarrik. «Prezident Zelenskiy to‘g‘ri o‘tkazilgan saylovdan so‘ng o‘z lavozimiga kirishgan», dedi u Nyu-Yorkda jurnalistlarga AQSh prezidenti Donald Trampning Zelenskiyni «diktator» deb atagan so‘zlarini izohlar ekan.
O‘sha kuni avvalroq Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida ukrainalik hamkasbini so‘rovlarda «juda past reyting»ga ega bo‘lishiga qaramay, «prezidentlik saylovlarini o‘tkazishdan bosh tortgani» uchun tanqid qilgan edi. U Zelenskiyni Amerika pullarini «yutib bo‘lmaydigan va hech qachon boshlanmasligi kerak bo‘lgan urush» uchun sarflaganlikda aybladi. «Saylovsiz diktator, Zelenskiy shoshilsa yaxshi bo‘ladi, aks holda uning mamlakati qolmaydi», deb yozgan Amerika yetakchisi.
Ukraina prezidenti Trampning so‘zlariga hozircha izoh bermadi. Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga mamlakat o‘z yashash huquqini himoya qilishini ta’kidladi. «Ukraina zamonaviy Yevropa tarixidagi eng dahshatli harbiy hujumni va uch yillik umumiy urushni boshdan kechirdi. Ukraina xalqi va uning prezidenti Volodimir Zelenskiy Putin bosimiga ko‘nishdan bosh tortdi. Hech kim Ukrainani taslim bo‘lishga majburlay olmaydi. Biz mavjud bo‘lish huquqimizni himoya qilamiz», deb yozdi u ijtimoiy tarmoqda.
Shols va Berbok Zelenskiyni himoya qilib chiqdi
Germaniya hukumati ham Donald Trampning bayonotlarini tanqid qildi. Germaniya kansleri Olaf Shols Der Spiegel nashriga bergan intervyusida Ukraina prezidentining demokratik qonuniyligini inkor etish «shunchaki noto‘g‘ri va xavfli» ekanini aytdi. «Volodimir Zelenskiy Ukrainaning saylangan davlat rahbari ekanligi to‘g‘ri. Urush paytida to‘g‘ri saylovlar o‘tkazishning iloji yo‘qligi Ukraina konstitutsiyasi va saylov qonunchiligida o‘z aksini topgan. Hech kim boshqacha da’vo qilmasligi kerak», deb ta’kidladi Shols.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Trampning bayonotlarini «butunlay absurd» deb baholadi. «Agar siz real dunyoga nazar tashlasangiz va shunchaki tvit joylashtirmasangiz, Yevropada kim diktatura ostida yashayotganini tushunasiz: Rossiyadagilar, Belarusdagilar», — dedi Berbok ZDF telekanalida.
Mavzuga oid

21:10
AQSh Zelenskiyni yiqitmoqchimi?

01:10
Tramp: Ukraina AQSh yordami bilan ham omon qolmasligi mumkin

17:17 / 07.03.2025
O‘zbekiston va yana besh davlat natsistlarni ulug‘lashga urinishlarni qoraladi

23:47 / 05.03.2025