Trampdan Putinga navbatdagi «sovg‘a»: AQSh prezidenti Zelenskiy saylovda yengilishiga ishora qildi
Bugun 19 fevral. O‘rtoqlar, ishoning, biz tarixda qoladigan, maktab darsliklarida bir nechta paragraf ajratiladigan davrda yashayapmiz. Yillar o‘tib nabiralaringiz Yevropadagi ikki eng yirik davlat o‘rtasidagi urush haqida tarixiy kino ko‘rayotganda, bolam, bu kunlar kechagiday esimda, deb maqtanib ayta olasiz.
Dunyo siyosatida bo‘layotgan voqealarni diqqat bilan kuzating, kerak bo‘lsa, kundalik tutib, yozib boring. Eng yaxshisi esa Kun.uz YouTube-kanalidagi videolarni o‘tkazib yubormang. Biz voqealarni ixcham, sizga qulay formatda yetkazib boramiz. Iltimos, videoga like bosish esingizdan chiqmasin.
«Sovg‘a»
AQSh prezidenti Donald Tramp rossiyalik hamkasbi Vladimir Putinni xursand qiladigan gaplarni aytishda davom etmoqda. Navbatdagi chiqishida Tramp urush boshlanishida Ukrainani aybladi va Zelenskiy prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozona olmasligiga ishora qildi. Bu Trampning so‘zlari ekanini aytmasak, uni Dumaning navbatdagi majlisida Vyacheslav Volodin aytdi deb o‘ylashingiz hech gap emas. Jurnalistlarni navbatdagi marta Mar-a-Lagodagi «dacha»siga yig‘gan Tramp uncha-muncha «Yedinaya Rossiya» deputatining nutqini dog‘da qoldiradigan tarixiy nutq so‘zladi.
AQSh prezidentiga ko‘ra, Kiyevda uch yil davomida Rossiya bilan muzokara o‘tkazish imkoni bo‘lgan va shu sabab Ukraina Saudiyadagi muzokaralarga chaqirilmagan. Eng qizig‘i, Vashington vakillari Ar Riyozdagi Rossiya va AQSh uchrashuvini urush muhokamasi emas, degandi. Tramp va mulozimlarining gapi navbatdagi marta bir-biriga to‘g‘ri kelmayapti.
Respublikachi bungacha ham Zelenskiy urush boshlanishining aybdori degan, lekin unda Zelenskiyni Putin bilan birga ayblagandi. Kechagi chiqishida Tramp ilk marta urush boshlanishida to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukrainani aybladi, bu davlatga bostirib kirgan qo‘shnisi Rossiyani emas. «Urushni boshlamasligingiz kerak edi, kelishsa bo‘lardi», dedi siyosatchi.
Trampning yana bir mojaroli gapi Ukrainadagi saylov bilan bog‘liq bo‘ldi. Bilasiz, Putin oxirgi bir necha oy davomida Ukraina prezidenti Zelenskiy nolegitim ekani haqida gapirib keladi. Axir chindan Ukrainada 2024 yil saylov o‘tkazilishi belgilangan, biroq urush sabab Kiyev saylovni bekor qilgandi. Endi Tramp ham Moskvaga xush yoqadigan bu ritorikani takrorlashga kirishdi. «Ukrainada anchadan beri saylov bo‘lgani yo‘q, Zelenskiyning reytingi 4 foizgacha qulagan», dedi Tramp. Biroq bu raqamlarni qayerdan olganini aytmadi.
Volodimir Zelenskiy tezda Trampning bu gapiga javob qaytarib, hozir uni almashtirishga urinish o‘xshamasligini aytdi. «Bugun tongda Kiyev xalqaro ijtimoiy institutining natijalari e’lon qilindi. Unda menga ishonch reytingi 57 foiz etib belgilangan. Shunday ekan kimdir hozir meni almashtirmoqchi bo‘lsa, bunga erisha olmaydi», dedi Zelenskiy.
Ukraina prezidenti Trampga uning reytingi 4 foizgacha qulagani haqida dezinformatsiya Rossiya tomonidan taqdim etilganini aytdi. Shuningdek, Rossiyaga o‘z yerlarini topshirish evaziga kelishuv imzolashni Ukraina aholisining 1 foizigina qo‘llashini qo‘shimcha qildi. Zelenskiyga ko‘ra, u Trampning Ukraina bo‘yicha vakili Kellog bilan frontga borib harbiylar bilan gaplashadi, havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketalar tugaganini ko‘rsatadi.
«Pullar qani?»
Donald Trampning yana bir gapi muhokamalarga sabab bo‘ldi. U AQSh Ukrainaga 350 milliard dollar berganini aytib, bu pullarning hisobini so‘radi. Ukrainalik jurnalistlar bu borada Zelenskiydan izoh so‘rashdi.
«Urush Ukrainaga 320 milliard dollarga tushdi. Shundan 120 milliardini Ukraina xalqi berdi. Ukraina va Yevropa Ittifoqi gardaniga umumiy hisobda 200 milliard dollar tushdi. AQSh esa bizga 67 milliard dollarlik qurol-yarog‘, shuningdek, budjet uchun 31,5 milliard dollar yordam berdi», dedi Zelenskiy.
Putin bilan uchrashuv yaqin
Floridadagi qarorgohida o‘tgan brifingda Tramp Putin bilan tez orada uchrashishini aytdi. «Balki fevral oxirigacha u bilan ko‘risharman. Bu katta ehtimol Saudiya Arabistonida bo‘ladi», dedi Tramp.
So‘zi oxirida Tramp AQSh Putinga yordam bermayotgani, uni bosimdan xalos qilish uchun hech nima qilmaganini aytdi.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid

01:10
Tramp: Ukraina AQSh yordami bilan ham omon qolmasligi mumkin

19:14 / 09.03.2025
Tinchlik metallari: AQSh, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi resurs kelishuvining nimasi g‘alati?

01:44 / 08.03.2025
«Uning o‘rnida har kim ham shu ishni qilgan bo‘lardi» - Tramp Ukrainani bombardimon qilayotgan Putin haqida

20:41 / 07.03.2025