O‘zbekiston | 21:05 / 19.02.2025
3463
6 daqiqa o‘qiladi

19 fevral yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Bugungi dasturimizda MIBdan qarzdorlik uchun metan quymaslik rad etilgani, Buxoroda til biriktirgan metanchilar, mualliflik huquqini buzganlik uchun kuchaytirilgan jazo va banklardagi kafolatli omonat miqdori — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Qarzdorlarga metan quyilmasligi rad etildi

O‘zbekistonda ijro hujjatlari asosida qarzi bor fuqarolarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida xizmat ko‘rsatilmayotgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati bu xabarlar mutlaqo asossiz ekani to‘g‘risida rasmiy bayonot berdi.

MIB axborot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latovning ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlardagi iddaolar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

MIBdan kommunal to‘lovlar, sud ijro hujjatlari yoki ma’muriy jarimalar bo‘yicha qarzdorlik haqida fuqarolarga, eng avvalo, SMS-xabarnoma orqali ma’lumot beriladi. Shuningdek, ular mobil telefon orqali qarzdorlik haqida ma’lumot olish imkoniyatiga ega.

Chet elga chiqish niyatida bo‘lgan fuqarolar uchun mib.uz sayti hamda @mibuzbot Telegram boti ishga tushirilgan bo‘lib, u orqali qarzdorlik yoki xorijga chiqishga taqiq bor-yo‘qligini tekshirish mumkin.

Buxoroda metan narxi sun’iy oshirilgani aniqlandi

Raqobat qo‘mitasi Buxoro viloyatidagi 47 ta avtomobilga gaz to‘ldirish shoxobchasida narxlar sun’iy ravishda oshirilganini aniqladi. Monitoringga ko‘ra, 2024 yil 6 dekabrga qadar 1 kub metr siqilgan gaz 3850–3950 so‘m atrofida bo‘lgan, biroq 7–9 dekabr kunlari 4150 so‘mgacha, ya’ni 8 foizga oshirilgan.

Tekshiruv davomida 44 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yekt tomonidan bozor sharoitlari yoki xarajatlar asosisiz, bir vaqtda yoki ketma-ketlikda narx oshirilgani ma’lum bo‘ldi. Bu harakat raqobatga qarshi kelishuv deya baholanib, ularga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilindi. Shuningdek, kelgusida bunday holatlarning oldini olish uchun majburiy ko‘rsatmalar berildi.

Mualliflik huquqini buzganlik uchun jazo kuchaytiriladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi intellektual mulk himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi.

Loyihaga ko‘ra, mualliflik huquqini buzganlik uchun jarima miqdori oshiriladi, sanoat mulki obektlariga taalluqli huquqbuzarliklar uchun esa jinoiy javobgarlik belgilanadi.

Qonunga kiritilgan asosiy o‘zgartirishlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • Mualliflik huquqini buzganlarga jarima oshiriladi;
  • Kontrafakt mahsulotlar musodara etiladi va yo‘q qilinadi;
  • Intellektual mulk obektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi;
  • Adliya organlariga kontrafakt tovarlarni xatlovga olish va ko‘zdan kechirish vakolati beriladi.

So‘nggi yillarda intellektual mulkka oid huquqbuzarliklar soni sezilarli oshgan. Faqat 2023 yilda 249 ta ma’muriy ish ko‘rib chiqilgan. Deputatlar bu qonun mualliflik huquqlariga hurmatni oshirish va kontrafakt mahsulotlarga chek qo‘yishga xizmat qilishini ta’kidlamoqda. Shuningdek, bu o‘zgarishlar Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini tezlashtirishga ham yordam berishi aytilmoqda.

Bank depozitlari bo‘yicha kafolatlangan summa belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 fevral kuni bankdagi omonatlar himoyasi to‘g‘risidagi yangi qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, bank depozitlari uchun kafolatlangan maksimal miqdor 200 mln so‘m etib belgilandi. Bu cheklov 97 foiz depozit egalari uchun to‘liq kafolatni ta’minlaydi.

Bu o‘zgarish Jahon banki mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlab chiqildi va xalqaro standartlarga moslashtirishga qaratilgan. Avval 100 foizlik himoya tizimi mavjud edi, lekin bunday tizim faqat Turkmaniston, Belarus va O‘zbekistonda qolgandi.

Yangi qonunga ko‘ra, agar bir kishi turli banklarda depozit ochgan bo‘lsa, har bir bankdagi 200 mln so‘mgacha mablag‘ kafolatlangan bo‘ladi. Masalan, 36 ta bankda depozitga ega shaxs 7,2 mlrd so‘mgacha himoyaga ega bo‘ladi.

Markaziy bank rahbariyatiga ko‘ra, bu cheklov umumiy jahon standartidan yuqori, chunki aksariyat mamlakatlarda kafolatlangan himoya 90 foiz miqdorida saqlanadi.

Xitoy — O‘zbekistondagi eng yirik xorijiy investor

O‘zbekistonda Xitoy kompaniyalari soni ilk bor Rossiyadan oshib ketdi. 2024 yil davomida O‘zbekistonda xorijiy kapitalga ega korxonalar 818 taga ko‘payib, 14 ming 871 taga yetdi.

Yangi hisobotga ko‘ra, Xitoy 3357 ta kompaniya bilan birinchi o‘ringa chiqdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 43,6 foiz o‘sish demakdir. Rossiya esa 2937 ta kompaniya bilan ikkinchi o‘ringa tushdi.

Turkiya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya va AQSh kompaniyalari soni kamaydi. Janubiy Koreya eng katta yo‘qotishga uchradi – u yerdan kelgan biznes 92 taga yoki 12,5 foizga kamaygan. Turkiya, Qozog‘iston va AQSh ishtirokidagi kompaniyalar sonida ham pasayish qayd etildi.

Shu bilan birga, Tojikiston (+12,9 foiz), Ozarboyjon (+11 foiz) va Qirg‘iziston (+2,9 foiz) kompaniyalari soni ortdi. Boshqa mamlakatlardan investorlar soni esa 18,1 ga kamaydi.

Mavzuga oid