Jahon | 21:20 / 18.02.2025
1335
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: «Menda ular Ukrainaga ultimatum qo‘yishni muhokama qilayotgandek tasavvur uyg‘otdi»

Ukraina prezidenti Saudiya Arabistonida Rossiya va AQSh vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralarga izoh berdi. Zelenskiy muzokaralar Ukraina ishtirokisiz o‘tkazilayotganini ta’kidlab, Rossiyaning ultimatumiga rozi bo‘lmasligini aytdi.

Foto: AP

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Anqarada o‘tkazilgan matbuot anjumanida Kiyev hech qachon Rossiya ultimatumiga rozi bo‘lmasligini ma’lum qildi, deb yozadi «Interfaks-Ukraina».

Zelenskiyning ta’kidlashicha, urush boshlanganida Rossiya Ukrainaga ultimatum qo‘ygan — xususan, Moskva Ukraina Qurolli kuchlari sonini qisqartirishni, Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarning tan olinishini, shuningdek, rossiyaparast rahbarlarni mamlakat boshiga qo‘yishni talab qilgan.

«Menda shunday taassurot uyg‘ondiki, hozir qandaydir muzokaralar o‘tmoqda va ular xuddi shu kayfiyatga ega, ammo bu Rossiya va AQSh vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tyapti. Ukraina haqida, yana Ukraina haqida va Ukrainasiz. Qiziq, agar biz eng og‘ir paytda ham bu ultimatumlarga rozi bo‘lmagan bo‘lsak, Ukraina endi bunga rozi bo‘ladi, degan fikr qayerdan paydo bo‘ldi ekan», — deydi Zelenskiy.

Uning qo‘shimcha qilishicha, «rossiyaliklar bilan Kiyev oblasti bosib olingan davrda hech qanday kelishuv bo‘lmagan, Belarusdagi uchrashuvda hech qanday kelishuv bo‘lmagan, Turkiyadagi uchrashuvda ham Rossiya bilan hech qanday kelishuvga erishilmagan».

«Men Ukraina prezidenti sifatida hech kimga hech qanaqa kafolat bermaganman, hech kimga hech narsa tasdiqlamaganman. Buning ustiga Rossiya ulimatumlariga rozi bo‘lish niyatida bo‘lmaganman. Va bo‘lmayman ham», — deydi Ukraina prezidenti.

Bugun, 18 fevral kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Anqarada Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uchrashuv o‘tkazdi. Turkiya tomonidan muzokaralarda tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan, milliy mudofaa vaziri Yashar Gyuler, Prezident ma’muriyati huzuridagi Aloqa boshqarmasi boshlig‘i hamda prezidentning tashqi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi ishtirok etdi.

Mavzuga oid