Tramp, Putin va NATOga muqobil: Zelenskiy Myunxenda nimalar dedi?
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Myunxen xavfsizlik konferensiyasi doirasidagi panel muhokamasida ishtirok etib, AQSh bilan aloqalar, nodir resurslarni qazib olish to‘g‘risidagi kelishuv, Putin bilan muzokaralar va NATOga a’zolikka muqobil kafolatlar haqida fikr bildirdi.
Myunxenda tinchlik kelishuvi imzolanmaydi
Zelenskiyning ta’kidlashicha, afsuski, hozir tinchlik kelishuvi haqida gap bormayapti. Ukraina Vladimir Putin vakilligida muzokara olib borishni istamaydi, chunki u urushni boshlagan shaxs. Ukrainaga AQShning kuchli prezidenti Donald Trampning qo‘llab-quvvatlashi kerak, u Kiyev tomonida bo‘lishi juda muhim.
«Myunxenda tinchlik kelishuvi imzolanmaydi. Chunki bu — Myunxen. Bu yerda prezident Tramp yo‘q va biz bilamizki, bu yerda oldin nimalar imzolangan. Men bunday xatolarni takrorlamayman», — dedi Zelenskiy 1938 yili Hitler Chemberlen va hokazolar bilan imzolangan, Ikkinchi jahon urushiga yo‘l ochgan Myunxen kelishuviga ishora qilib.
Tinchlik kelishuvi faqat urushni tugatish bo‘yicha reja ishlab chiqilganidan so‘ng paydo bo‘lishi mumkin, bu reja esa Tramp va Yevropa tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi kerak. «Chunki biz xavfsizlik kafolatlari haqida gapiryapmiz, shuning uchun muzokaralar stolida Yevropaning ovozi juda muhim», — deb qayd etdi Zelenskiy.
Kritik minerallar himoya qilinishi lozim
Zelenskiy Tramp va AQSh rasmiylari bilan «juda yaxshi suhbat» o‘tkazganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga foydali qazilma boyliklari bo‘yicha sarmoya kiritish taklifi berilgan, ammo bunday resurslar qo‘lga kiritilsa, ular Rossiya va uning ittifoqchilari — Shimoliy Koreya yoki ehtimoliy ravishda Xitoy qo‘liga tushmasligini ta’minlash zarur.
«Men bilmayman, Rossiya bosib olganidan keyin bu resurslarni kimga beradi. Biz strategik minerallarni saqlab qolishimiz kerak, bu mening asosiy pozitsiyam. AQSh moliya vaziri Kiyevga kelishidan va hujjat taqdim etishidan xursandman. Men bu hujjatni yuristlarimiz o‘rganishini aytdim va keyin o‘z izohlarimni beraman», — dedi Zelenskiy.
U bu hujjat xavfsizlik kafolatlari haqida emas, balki ikki tomonlama memorandum ekanini ta’kidladi. Zelenskiy AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens bilan uchrashishga tayyorligini bildirdi.
«Hozir hammasini imzolashga tayyor emasman, ammo uchrashishga tayyorman. Agar bu memorandum imzolashga tayyor holga kelsa, biz imzolaymiz», — dedi u.
«Tsivilizatsiyalashgan odamlar» rejasi
Zelenskiyning fikricha, Putin bilan telefon orqali muloqot qilish AQSh uchun ham, Tramp uchun ham xavf tug‘dirmaydi, chunki Tramp Putindan kuchliroq. Ammo bu butun dunyo uchun xavf tug‘dirishi mumkin. Zelenskiy Putin tinchlikni xohlashini iddao qilayotganini eslab o‘tdi, lekin 2019 yil dekabrida Parijda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralardan so‘ng bu gaplarga ishonmaydigan bo‘lganini aytdi.
«Eng muhimi — Tramp bilan uchrashuv. Ukraina haqida Ukraina ishtirokisiz qarorlar qabul qilinmasligi kerak. Bu bizning tamoyilimiz va biz buni o‘zgartirmaymiz. Men butun millat nomidan gapiryapman. Xavfsizlik kafolatlarisiz biz faqatgina Putinga nafas rostlash uchun tanaffus bergan bo‘lamiz. Men esa o‘z yurtimning bosib olinishiga yordam bergan shaxs bo‘lishni istamayman», — dedi u.
Zelenskiyning fikricha, Tramp Putinga bosim o‘tkazish uchun barcha imkoniyatlarga ega va sanksiyalarni kuchaytirish mumkin. U Tramp bilan Vashingtonda «sivilizatsiyalashgan odamlar»uchun birgalikdagi rejani ishlab chiqishga tayyorligini bildirdi.
AQSh hech qachon Ukrainani NATOda ko‘rmagan
Zelenskiy AQShning amaldagi va sobiq prezidentlari Ukrainaga NATOda joy yo‘qligini ko‘p marotaba aytganini ta’kidladi.
«Rostini aytsam, AQSh hech qachon Ukrainani NATOda ko‘rmagan. Ha, ular bu haqda gapirgan, ammo amalda hech qachon buni istamagan. Bu — haqiqat», — dedi u.
U senator va kongressmenlar Ukraina a’zoligini qo‘llab-quvvatlashganiga guvoh bo‘lganini, biroq prezidentlar darajasida “biz birgalikda NATOda bo‘lamiz», degan gapni eshitmaganini ta’kidladi. Bunda savol Trampga emas, AQSh siyosatiga berilishi kerak. Lekin bu hol Ukraina AQSh siyosatini o‘zgartira olmaydi, degani ham emas.
NATOga a’zolikka muqobil nima?
Zelenskiy Ukrainaning kuchli armiyasi NATOga qo‘shilgan taqdirda alyansni kuchaytirishini ta’kidladi. Bu Ukraina uchun ham, alyans uchun ham manfaatli bo‘lishini aytib o‘tdi.
«Mayli, agar bugun NATOga a’zo bo‘lmasak, bu muammo emas, biz ertaga yana so‘raymiz. Ammo bugungi kun uchun muqobil qanday? Agar NATO Ukrainada bo‘lmasa, biz Ukrainada «o‘z NATOmiz»ni yaratamiz. Bu armiyani kuchaytirib, askarlarni sonini ikki baravar oshirish demakdir. Bunda bizga 200 tadan ko‘p brigadakerak bo‘ladi», — dedi u.
Bunga zaruriyat shundaki, Ukrainaning hattoki hozir ham taxminan 80 ta brigadasi bo‘lgan Yevropa bilan qo‘shma kuchlari Rossiyadagidan kam. Kafolatlar haqida gapiriladigan bo‘lsa, Ukraina armiyasining kengaytirishni moliyalashtirish lozim, shuningdek, Yevropada armiya va harbiy sanoat imkoniyatlarini o‘stirish yo‘llarini izlash kerak. «Biz bu haqda gaplashishga tayyormiz», dedi Zelenskiy.
Xavfsizlik kafolatlari qanday bo‘lishi kerak?
Zelenskiy AQSh, Fransiya va Buyuk Britaniya rahbarlari bilan xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha muzokaralar olib borganini ta’kidladi. Uning fikricha, Amerika Yevropa bilan birgalikda Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi, birlikni saqlashi kerak. Agar bu xavfsizlik kafolatlarining bir qismi bo‘lsa, ayni muddao.
Xorijiy kontingent masalasida esa, u qaysi davlatdan bo‘lishining mutlaqo farqi yo‘q.
«Agar biz NATOda bo‘lmasak, har qanday holatda 1,5 mln askarga ega armiyaga ehtiyoj bor. Bu yarashuvdan so‘ng Putinda qayta hujum qilish istagi tug‘ilib qolmasligi uchun ham muhim. Mana shu chinakam xavfsizlik kafolati bo‘ladi. Putin o‘zida ham 1,5 mln askar, Ukrainada ham 1,5 mln askar borligini bilib turadi. U kelib o‘lib ketmoqchi bo‘lsa — marhamat», — dedi Zelenskiy.
Ukraina qo‘shimcha qurolli kuchlarni qayerda kerak bo‘lishini ham biladi.
«Bizda raqamlangan xarita bor va xorijlik hamkorlarimizning kontingenti aynan qayerlarda zarur bo‘lishi belgilangan. Biz har qanday pozitiv qarorlarga tayyormiz, kelinglar, birgalikda harakat qilaylik», — dedi Zelenskiy.
Tramp bilan aloqalar va Putin bilan uchrashuv
Zelenskiy Tramp unga shaxsiy telefon raqamini berganini va istalgan vaqtda qo‘ng‘iroq qilishni aytganini ta’kidladi.Ukraina prezidenti Tramp unga albatta yordam berishini ta’kidladi.
Kelgusi hafta ichida go‘yoki Rossiya vakillari bilan bo‘ladigan uchrashuv to‘g‘risidagi mish-mishlarni esa rad etdi.
«Men Rossiyadan birgina kishi bilan — Putin bilan uchrashaman. Shunda ham faqatgina Tramp, Yevropa va Ukraina birgalikda yagona umumiy rejaga ega bo‘lganimizdan so‘ng.Shundagina Putin bilan o‘tirib, urushni yakunlashimiz mumkin. Boshqa allaqanday murosa shartlari emas, faqatgina mana shunday shart bilan men u bilan uchrashishga tayyorman», — deya o‘z chiqishini nihoyaladi Zelenskiy.
Mavzuga oid

16:59
Frontdagi vaziyat: Moskva Kursk oblastidagi jiddiy yutuqlari haqida e’lon qilmoqda

13:19
Mask: Starlink hech qachon Ukrainadagi o‘z terminallarini o‘chirib qo‘ymaydi

01:10
Tramp: Ukraina AQSh yordami bilan ham omon qolmasligi mumkin

23:40 / 09.03.2025