Ar-Riyodda AQSh-Rossiya muzokaralari boshlandi
Saudiya Arabistonida Rossiya Federatsiyasi va AQSh rasmiy delegatsiyalarining so‘nggi yillardagi birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda va ular Ukrainadagi urushni tugatish masalasini muhokama qilishni rejalashtirmoqda. Kiyev ham, yevropaliklar ham muzokaralarda qatnashmayapti.

Foto: Reuters
Saudiya Arabistonida AQSh va Rossiya vakillarining uzoq vaqtdan beri birinchi rasmiy uchrashuvi boshlandi. 18 fevral, seshanba kuni ertalab ikki davlat delegatsiyalari Ar-Riyodda muzokaralar o‘tkazishdi, muzokaralarda boshqa narsalar qatori Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini tugatish masalasi muhokama qilinishi kutilmoqda.
Rossiya tomonidan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov va Rossiya To‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriyevlar ishtirok etmoqda. Muzokaralarda AQShdan davlat kotibi Marko Rubio, AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uols va Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff qatnashyapti.
Ukraina va Yevropa muzokaralarda qatnashmayapti
Ukraina va Yevropa davlatlari muzokaralarda ishtirok etmayapti. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning aytishicha, Kiyev tadbir o‘tkazish rejalari haqida xabardor qilinmagan va unga taklif etilmagan. U Saudiya Arabistonidagi Ukraina vakillari AQSh va Rossiya delegatsiyalarining uchrashuvida ishtirok etmasligini tasdiqladi. «Ukraina Ukrainasiz Ukraina bo‘yicha olib borilgan har qanday muzokaralarni hech qanday natija bermagan deb hisoblaydi va bizsiz biz haqimizda hech qanday narsani yoki kelishuvni tan olmaymiz. Biz bunday kelishuvlarni tan olmaymiz», — dedi u.
Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Polsha, Italiya, Ispaniya va Daniya rahbarlari kecha kechqurun Parijda favqulodda sammit uchun uchrashdi. Uchrashuvda ular kelajakda Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini berishga tayyor ekanliklarini bildirdilar, deya xabar bermoqda Reuters yevropalik diplomatlardan biriga tayanib.