“Amerika oltin asri bunyodkorining tug‘ilgan kunini bayram qilamiz” – kongress a’zosi
Trampparast kongressvumen Klaudiya Tenni qonun loyihasi taqdim etarkan, unda prezidentning tug‘ilgan kunini milliy bayram deb e’lon qilish tashabbusi ilgari surildi. Amerikaning oltin asri bunyodkorini munosib taqdirlab, tug‘ilgan kunini AQSh davlat bayrog‘i qabul qilingan kunga qo‘shamiz. Qonun loyihasi esa bu sana abadiy nishonlanishini ta’minlaydi, deydi qonunchi ayol. Jamoatchilik faollari Klaudiya Tennining masxarabozligidan g‘azabda.
AQShda Donald Trampning demokratiya demontaji davom etadi. Endi Trampga yaxshi ko‘rinishni istagan qonunchilar unga xushomad qilmoqda. Kolumbiya okrugidan vakil, kongressvumen Klaudiya Tenni Donald Tramp tug‘ilgan kun – 14 iyun sanasini federal bayramga aylantirishni taklif etib, qonun loyihasi kiritdi. Unda Tramp tug‘ilgan sana va bayroq qabul qilingan kun 14 iyunni birga nishonlash haqida gap boradi. Ya’ni prezidentning tug‘ilgan kuni 1777 yilda AQSh bayrog‘i qabul qilingan sanaga to‘g‘ri keladi. Klaudiya Tenni Trampning Amerika uchun qo‘shgan hissalari haqqi uning tug‘ilgan kunini endi federal masshtabda nishonlash kerakligini aytmoqda. Kongressvumenning press-relizida kelishicha, qonun loyihasi 14 iyunni prezident tug‘ilgan kuni va bayroq kuni sifatida abadiy nishonlanishini ta’minlashi kerak.
Uning tug‘ilgan kuni va bayroq kunini federal bayram sifatida belgilash orqali biz prezident Trampning Amerika buyukligiga qo‘shgan hissasi va Amerika bayrog‘ining ahamiyati abadiy qonunda mustahkamlanishini ta’minlagan bo‘lamiz, deydi Tenni.
Bu xabar turli axborot platformalariga joylashtirilar ekan, kuzatuvchi va obunachilar o‘z jahlini yashirmadi. Ular Amerika borgan sari Tramp yeriga aylanayotgani, u Yevropa va Ukraina dushmani ekani, hatto urush borasida Xitoyning bergan yarash taklifi Trampnikidan yaxshiroq ekanini yozdi. Trampning Ukraina uchun bergan taklifi shu qadar yuzsizki, Xitoynikidan battar, deb yozadi bir ijtimoiy tarmoq kuzatuvchisi.
Klaudiya Tenni Xʼda post qoldirarkan, Trampni Jorj Vashingtonga tenglashtirdi. Jorj Vashingtonning tug‘ilgan kuni federal bayram sifatida nishonlanar ekan, Amerikaning oltin asri bunyodkori sifatida Trampni tan olib, uning tug‘ilgan kunini federal miqyosda bayram qilishimiz kerak, shuning uchun ham qonun loyihasini kiritdim, deydi Tenni.
Uning obunachilari esa ha, bu juda ajoyib fikr, nishonlaylik, deya munosabat bildirishgan. Yana bir obunachi esa, aqldan ozmang, xonim, bunday sanalar u o‘lganidan keyin nishonlanadi. Yaxshisi bor muammolarga e’tibor qarating, deb yozgan. Yana bir X foydalanuvchisi esa Tenni g‘oyasini qo‘llab, bunday bayramni avgustga ko‘chirishni iltimos qilgan, chunki avgust oyida dam olish kunlari kam ekanini aytgan. Lekin umumiy hisobda olib qaraganda, Tennining auditoriyasi buni yomon qabul qilgan, uning taklifini qoralagan.
Tanqidchilar fikricha, Tramp qo‘lini o‘payotgan xushomadchi Tenni xonimning biror jiddiy muammosi borga o‘xshaydi, chunki oxirgi vaqtlar jinoiy ishlarda ayblanayotganlar va jiddiy muammosi borlar Trampga xushomad qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, dunyoda prezident kuni nishonlanadigan davlatlar bor, masalan, AQShning o‘zida fevralning 3-dushanbasi prezident kuni sifatida nishonlanadi. Lekin kamdan kam davlatlarda ma’lum prezidentning tug‘ilgan kuni milliy bayramga aylantirilgan. Bu asosan avtoritar, totalitar va diktatura boshqaruviga esa mamlakatlarga xos qadam. Masalan, Shimoliy Koreyada hozirgi rahbar Kim Chen Inning otasi va bobosi – Kim Chen Ir hamda Kim Ir Senlarning tug‘ilgan kunlari 16 fevral-15 aprel sanalari keng miqyosda umumxalq bayrami sifatida nishonlanadi. Ulardan biri “Quyosh kuni”, yana bir esa “Yorqin yulduzlar kuni” deb nomlanadi. Turkmanistonning birinchi prezidenti Saparmurot Niyozov tug‘ilgan kuni ham milliy bayram sifatida nishonlangan, biroq hozir davlat bayramlari tarkibidan chiqarilgan. Qozog‘istonda 1 dekabr Birinchi prezident kuni deb e’lon qilingandi, chunki 1991 yilda Nazarboyev aynan shu sanada prezidentlikka saylangandi. 2019 yilda bu bayram ham bekor qilingan. Tailandda qirolning tug‘ilgan kuni bayram qilinadi, Rossiyada Putin tug‘ilgan sana rasmiy bayram kuni emas. Lekin davlat tashkilotlari xodimlari bu sanani nishonlaydi. Trampning tug‘ilgan kunini bayram qilish tashabbusi – o‘ta populistik, nodemokratik va kulgili g‘oya bo‘ldi.
Shohrux Majidzoda tayyorladi.
Mavzuga oid

22:00 / 10.03.2025
Ukraina dunyodagi eng yirik qurol importchisiga aylandi

20:32 / 10.03.2025
Tramp Zelenskiy iste’foga chiqmaguncha Ukrainaga yordam ko‘rsatishni tiklamaydi – OAV

19:40 / 10.03.2025
Bloomberg: Trampning maslahatchilari Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni yumshatish rejasini ishlab chiqmoqda

16:37 / 10.03.2025