Jahon | 09:12 / 17.02.2025
2120
3 daqiqa o‘qiladi

Yuliya Navalnaya eri nomidagi siyosiy mukofot haqida e’lon qildi

Berlindagi Aleksey Navalniy xotirasiga bag‘ishlangan kechada uning bevasi «siyosatchilar va ommaviy tashabbuslar uchun» yillik mukofot ta’sis etilishini e’lon qildi.

Foto: Natalia Smolenseva

16 fevral, yakshanba kuni, turmush o‘rtog‘i va siyosatchi Aleksey Navalniy vafotining bir yilligi munosabati bilan Yuliya Navalnaya uning nomiga yillik mukofot ta’sis etilishini e’lon qildi. Navalniyning bevasi Berlindagi Kayzer Vilgelm memorial cherkovida: «Bu yosh siyosatchilar, ommaviy tashabbuslar uchun mukofot bo‘ladi», dedi. Siyosatchi xotirasiga hurmat bajo keltirish uchun u yerda 500 ga yaqin odam yig‘ildi, deb xabar beradi DW muxbiri.

2024 yil avgust oyida Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi keng ko‘lamli mahbus almashinuvi doirasida Rossiya qamoqxonalaridan ozod etilgan siyosatchilar Ilya Yashin va Andrey Pivovarov cherkovda navbatda turishdi.

Xotira kechasida so‘zga chiqqan Yuliya Navalnaya o‘zining siyosiy vazifasini «Vladimir Putin rejimi imkon qadar tezroq tugatilishi»ni ta’minlashda ko‘rishini aytdi. «Men qaytishni orzu qilaman», dedi u.

Avvalroq Berlindagi Rossiya elchixonasi oldida o‘nlab odamlar urushga qarshi miting o‘tkazgan edi.

Navalniy xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar butun dunyo bo‘ylab bo‘lib o‘tdi

Rossiyaning ko‘plab shaharlarida va boshqa mamlakatlarda rus muxolifatchisi xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Navalniy jamoasi tomonidan tuzilgan xorijdagi xotira tadbirlarining umumiy ro‘yxati (mitinglar, xotira marosimlari, siyosiy mahbuslarga maktublar oqshomlari, «Navalniy» filmi namoyishlari va uning «Patriot» kitobini o‘qishlar) 44 davlatning 146 shahrini o‘z ichiga oladi.

Moskvada Navalniy qabrigacha bo‘lgan navbat 400 metrdan oshiqqa cho‘zilgan, deb xabar berdi "Agenstvo" nashri.

Germaniya kansleri Olaf Shols 16 fevral kuni muxolifat yetakchisi bir yil avval «Rossiyada demokratiya va erkinlikni himoya qilgani uchun» vafot etganini aytdi. Germaniya hukumati rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya prezidenti «erkinlik va uning himoyachilariga qarshi shafqatsiz kurashmoqda», ammo Navalniyning jasorati «vaziyatni o‘zgartirib yubordi va o‘limidan keyin ham o‘z ta’sirini ko‘rsatishda davom etmoqda».

Mavzuga oid