O‘zbekiston | 20:14 / 17.02.2025
4252
6 daqiqa o‘qiladi

17 fevral yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Prezidentning Kuvaytga rasmiy tashrifi, hali oshmaydigan maosh va pensiyalar, majburiy davolanishga jo‘natilgan zo‘ravon ona va majlisda kishanlangan elektr va gazchilar — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Oyliklar va pensiyalar oshmaydimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda 2025 yil mart va avgust oylarida ish haqi, pensiya va nafaqalar 10 foizga oshirilishi haqida tarqalgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmas ekan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi bu ma’lumotni rasman rad etdi va fuqarolarni ishonchli manbalarga tayanishga chaqirdi.

O‘zbekistonda so‘nggi marta maoshlar va pensiyalar 2024 yil sentabr-oktyabr oylarida oshirilgan edi. Ayni paytda eng kam pensiya 834 ming so‘m etib belgilangan.

Iqtisodchi Otabek Bakirov yana 42 kundan keyin energetika tariflarining navbatdagi keskin oshishi yuz berishini eslatgan.

«Albatta, o‘zbekistonliklar, ayniqsa kunni kunga, tiyinni tiyinga bog‘lab hayot kechirayotgan o‘qituvchi, do‘xtir, pensioner va nafaqachilar bilishga haqli: maosh va pensiyalarda muvofiq darajada indeksaksiya bo‘ladimi? Indeksatsiya 1 apreldanmi yo o‘tgan yilgidek yil oxiridami? Yoki ijtimoiy toifalar bu yil ham yana bir marta aldanganlarini his etadilarmi?»

Sirdaryodagi zo‘ravon ayol majburiy davolanishga yuborildi

Sirdaryo tumanidagi 1-maktab o‘qituvchisiga qo‘l ko‘targan fuqaro sud qarori bilan ruhiy kasalliklar shifoxonasiga majburiy davolanishga jo‘natildi.

Bir necha kun oldin maktabda dars vaqtida sinfxonaga bostirib kirgan ayol o‘qituvchini haqorat qilib, unga qo‘l ko‘targan edi. Viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasining ekspertiza xulosasiga ko‘ra, u aqliy zaiflikning yengil darajasi bilan xastalangan va huquqbuzarlikni sodir etgan vaqtda o‘z harakatlariga javob bera olmagan.

Shu sababli sud uni umumiy tartibdagi ruhiy kasalliklar shifoxonasida majburiy davolanishga hukm qildi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova bu holat yuzasidan bildirgan munosabatida o‘qituvchilarni himoya qilish uchun barcha choralar ko‘rilishini ma’lum qildi. U maktablarda tartibni saqlash, o‘qituvchilarning huquq va qadr-qimmatini himoya qilish uchun vazirlik huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda ish olib borishini ta’kidladi.

Samarqandda 7 xodim qamoqqa olindi

Energetika sohasida korrupsiyaga qarshi kurash doirasida Samarqand viloyatidagi elektr va gaz ta’minoti korxonalarining 7 xodimi hibsga olindi. Ular Bosh prokuror o‘rinbosari ishtirokida o‘tkazilgan tanqidiy yig‘ilishda qo‘liga kishan taqilgan holda zaldan olib chiqib ketildi.

Kun.uz'ning ma’lumotiga ko‘ra, 15 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tuman sudi «Qoradaryo» elektr ta’minoti korxonasining 4 xodimiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llash haqida ajrim chiqargan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular ayrim fuqarolarning elektr energiyasidan noqonuniy foydalanishi bilan bog‘liq dalolatnomalarni ijobiy hal qilib berish evaziga pul olganlikda ayblanmoqda. Shuningdek, huquqshunos O.Q. noqonuniy ulangan tarmoq uchun 2,7 mln so‘m pora olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Korrupsiyaga qarshi ushbu qat’iy choralardan so‘ng soha xodimlari orasida keng muhokamalar yuz bermoqda.

«Yashil» energiya ulushi 26 foizga yetkaziladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda 2025 yilda mamlakat energetika tizimida «yashil» energiya ulushini 16 foizdan 26 foizga oshirish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.

Bu maqsadga erishish uchun quvvati 3,5 GW bo‘lgan 16 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyasi, 160 MW li 5 ta GES va 1,8 GW li energiya saqlash quvvatlari ishga tushiriladi.

Prezident bundan tashqari, yana 1 GW quvvatli «yashil» energiya loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi. Shuningdek, davlat korxonalari, sanoat va xizmat ko‘rsatish majmualari, xonadonlarda quyosh panellari o‘rnatishni rag‘batlantirish davom etadi. Bu maqsadda 2 trln so‘m kredit ajratilishi belgilandi.

Mirziyoyev Kuvaytga rasmiy tashrif bilan bordi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kuvayt amiri Shayx Mish’al as-Sabohning taklifiga binoan 17 fevral kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatga yetib bordi.

Al-Kuvayt xalqaro aeroportida uni Kuvayt amiri, valiahd va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi. Qizg‘in qabul marosimida davlat bayroqlari ko‘tarilib, ikki mamlakat madhiyalari yangradi.

Bugun Mirziyoyev va Kuvayt amiri oliy darajada muzokara o‘tkazadi. Uchrashuv kun tartibida ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va ko‘p qirrali sheriklikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiya-moliyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi. Shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish rejalashtirilgan.

Tashrif yakunida qator hukumatlararo va idoralararo kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda.

Mavzuga oid