AP jurnalistlari Oq uyning Oval kabinetiga kirish huquqidan mahrum bo‘ldi
The Associated Press xodimlari Meksika ko‘rfazini Amerika ko‘rfazi deb atashdan bosh tortgani uchun Oval kabinetga kirish va Air Force One samolyotida hamrohlik qilishdan chetlashtirildi.

Foto: AP
The Associated Press (AP) xodimlariga Oq uyning Oval kabinetida va AQSh prezidentining Air Force One samolyotida paydo bo‘lish taqiqlandi. Bu haqda 14 fevral, juma kuni Oq uy apparati rahbarining aloqa va kadrlar bo‘yicha o‘rinbosari Teylor Budovich X ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.
Qaror AP o‘z nashrlarida Meksika ko‘rfazining nomini Amerika ko‘rfazi deb o‘zgartirishdan bosh tortganligi sababli qabul qilindi. «Associated Press Amerika ko‘rfazi uchun qonuniy geografik nom o‘zgarishiga e’tibor bermaslikda davom etmoqda», dedi Budovich agentlikni «noto‘g‘ri ma’lumot»da ayblab.
«Ularning mas’uliyatsiz va insofsiz reportajlar tayyorlash huquqi Birinchi tuzatish bilan himoyalangan, ammo bu ularga Oval kabinet va prezident samolyoti kabi cheklangan hududlarga to‘siqsiz kirish imtiyozini bermaydi», deya qo‘shimcha qildi u.
Shu bilan birga, The Associated Press jurnalistlari va fotosuratchilari Oq uy majmuasiga tashrif buyurish vakolatlarini saqlab qoladilar, deya aniqlik kiritdi bosh shtab boshlig‘i o‘rinbosari.
«Tramp ma’muriyati AP'ni mustaqil jurnalistika uchun jazolayapti»
The Associated Press ijrochi muharriri Juli Peys AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining bu harakatini nomaqbul deb atadi.
«Tramp ma’muriyati AP'ni mustaqil jurnalistika uchun jazolayotgani tashvishli», dedi Peys. «AP'ning yoritishiga asoslanib, Oval kabinetga kirishimizni cheklash nafaqat jamoatchilikning mustaqil yangiliklardan foydalanishiga jiddiy to‘sqinlik qiladi, balki birinchi tuzatishni ham aniq buzadi», deb davom etdi u.
«AP uslubi nafaqat agentlik tomonidan qo‘llanadi. AP Stylebook butun dunyo bo‘ylab minglab jurnalistlar va boshqa yozuvchilar tomonidan qo‘llanadi», dedi agentlik muharrirlari.
«Dunyo bo‘ylab yangiliklar tarqatuvchi global axborot agentligi sifatida AP geografik nomlar barcha auditoriyaga osonlikcha tanish bo‘lishini ta’minlashi kerak», deb xulosa qildi ular.
AP axborot agentligi 1846 yil may oyida Nyu-Yorkda tashkil etilgan. 2023 yilda The Associated Press jurnalistlari Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini yoritganliklari uchun ikkita Pulitser mukofotiga sazovor bo‘ldi.