Jahon | 21:38 / 14.02.2025
9591
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Putin bilan muzokara uchun ultimatum shartini aytdi

Ukraina, Yevropa va AQSh umumiy rejaga ega bo‘lishi kerak, dedi Ukraina rahbari.

Foto: Ian Langsdon

Ukraina Rossiya bilan o‘t ochishni to‘xtatish va asirlarni almashish bo‘yicha muzokaralar olib borishga allaqachon harakat qilgan, biroq Moskva kelishuvni bajarmagan. Shu sababli, Rossiya bilan yangi muzokaralarda Ukraina va G‘arb birgalikda harakat qilishi kerak. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Myunxen xavfsizlik konferensiyasida ma’lum qildi.

«Biz Putin bilan o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish va asirlarni almashish haqida gaplashganmiz. Lekin u mahbuslarni almashgani yo‘q. U yolg‘onchi», deb ta’kidladi Zelenskiy.

Ukraina prezidenti Ukrainadagi urush shunchaki ikki davlat o‘rtasidagi mojaro emas, balki bir davlatning boshqa davlatga hujumi ekanini ta’kidladi.

«Shuning uchun bizga vositachi kerak emas, AQSh biz tomonda bo‘lishi kerak», dedi u.

Shu bilan birga, Zelenskiy AQSh vitse-prezidenti Jyeyms Vens bilan Amerika harbiy yordamini Ukraina mineral resurslariga ayirboshlash bo‘yicha kelishuv tafsilotlarini muhokama qilish uchun uchrashishga tayyorligini aytdi.

Ukraina prezidenti yaqinda bo‘lib o‘tgan telefon muloqoti chog‘ida Donald Tramp unga shaxsiy telefon raqamini berganini ham ta’kidladi.

«U menga xohlagan vaqtda qo‘ng‘iroq qilishingiz mumkin», dedi. Umid qilamanki, Tramp bizga haqiqatan ham yordam beradi», dedi Zelenskiy.

Rossiya tomoni bilan bo‘lajak muzokaralarga kelsak, Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina birinchi navbatda Yevropa va AQSh bilan umumiy pozitsiyani kelishib olishi kerak.

«Men faqat rossiyaliklardan biri bilan - Putin bilan uchrashaman. Faqat qachonki Tramp, Yevropa va Ukrainada umumiy reja bo‘lsa. Faqat shunda Putin bilan uchrashaman va biz urushni to‘xtatamiz. Men boshqa murosa shartlarda emas, faqat shu shartimda uchrashishga tayyorman», deb ta’kidladi Zelenskiy.

Mavzuga oid