Jahon | 16:30 / 14.02.2025
7896
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya droni Chernobil AES himoya qobig‘iga tushdi - Zelenskiy

Xalqaro atom energiyasi agentligi Chernobildagi voqea «yadro xavfsizligiga tahdid davom etayotganini anglatadi», dedi. Rossiya tomoni hodisani «provokatsiya» deb baholadi.

Foto: Videodan kadr

13 fevraldan 14 fevralga o‘tar kechasi Rossiyaning droni Chernobil AES energiya bloki ustida qurilgan himoya qobig‘iga tushdi. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy xabar berdi va Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) ham tasdiqladi.

«Ukraina bu qobiqni Yevropa va dunyoning boshqa davlatlari, Amerika bilan birgalikda odamlar uchun haqiqiy xavfsizlikni istagan har bir kishi bilan birga qurdi. Bunday inshootlarga hujum qilishi, AES hududini egallash va oqibatlarini umuman hisobga olmasdan harbiy amaliyotlar o‘tkazishi mumkin bo‘lgan dunyodagi yagona davlat bu bugungi Rossiyadir», deb yozdi Zelenskiy.

Ukraina rahbari so‘zlariga ko‘ra, qobiq katta zarar ko‘rgan. Hozir yong‘in o‘chirilgan va radiatsiya fonida o‘zgarishlar qayd etilmagan.

XAEA rasmiylarining aytishicha, ular portlash ovozini tungi soat 2 larda eshitgan. Shuningdek, ular ayni paytda AES ichkarisi va tashqarisida radiatsiya darajasi normal chegaralarda qolayotganini tasdiqladi. Qurbonlar va jarohatlanganlar haqida ma’lumotlar yo‘q. Agentlikning ta’kidlashicha, Chernobildagi voqea va Zaporijjya AES atrofida harbiy faollikning kuchayishi «yadro xavfsizligiga tahdid davom etayotganini anglatadi».

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Zelenskiyning bayonotlarini «provokatsiya» va «firibgarlik» deb atadi. «Atom energetikasi infratuzilmasi obektlariga hujumlar haqida gap bo‘lishi mumkin emas <...> Rossiya harbiylari buni qilmaydi», dedi u.

Vayron bo‘lgan Chernobil AES ustidagi himoya qobig‘i 2019 yilda qurilgan. U 1986 yilda reaktor portlagandan keyin radiatsiya tarqalishining oldini oladi. U joriy asrning oxirigacha turishi kerak.

Mavzuga oid