O‘zbekiston | 18:07 / 14.02.2025
14326
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda bu yil g‘alla hosildorligi 20 sentnergacha kamayishi mumkinligi aytildi

Mutaxassislarga ko‘ra, yog‘ingarchilikning kamligi va iliq havo sharoiti sababli respublikada tuproqning 20-25 sm qatlamida namlik yetishmovchiligi kuzatilmoqda. Buning oqibatida g‘allaning 10-15 foizi rivojlanishdan orqada boryapti. Agar zarur agrotexnik tadbirlar vaqtida olib borilmasa, hosildorlik kamayib ketishi ehtimoli bor.

AOKAda g‘allachilikda dolzarb agrotexnik tadbirlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori va mas’ullari joriy yilda g‘allachilikda kutilayotgan xavflar, ularning oldini olish borasida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan tadbirlar haqida ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2025 yil hosili uchun respublikada 1 mln 100 ming gektar maydonga g‘alla ekilgan. Bu 2024 yilga nisbatan o‘rtacha 10-12 ming gektarga kam ko‘rsatkich. G‘alla maydonlari Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida qisqargan.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi bo‘limi boshlig‘i Abdulla Mansurovga ko‘ra, qisqarishning asosiy sababi hosildorlik oshishi bilan bog‘liq. Biroq 2025 yilda kutilgan xirmonni ko‘tarish ancha mashaqqatli bo‘lishi mumkin. Sababi, kuz-qish faslining me’yorga nisbatan o‘zgaruvchan kelgani g‘alla rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Oqibatda g‘alla ekinlari tinim davriga to‘liq o‘tmay, o‘sishni davom ettirgan.

Yog‘ingarchilikning kamligi hamda quruq va iliq havo sharoiti tufayli tuproqning 20-25 sm qatlamida namlik yetishmayapti. Bu esa hududlardan kelib chiqib, boshoqli don ekinlarini optimal oziqlantirish, sug‘orish va o‘g‘itlash bilan bog‘liq tadbirlarni ilmiy asoslangan holda o‘tkazish zaruratini keltirib chiqarmoqda. Shundan kelib chiqib, g‘alla maydonlari 3 guruhga ajratilib, fermer va dehqon xo‘jaliklariga eng maqbul agrotexnik tavsiyalar berilgan.

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Shuhrat Otajonovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, yerlarning sho‘rlanishiga ham chidamli va sho‘rlikni boshqarish bo‘yicha alohida yondashuv kerak.

“Haqiqatda nitratlar ko‘p ishlatyapmiz. Ya’ni mineral o‘g‘itlar ko‘p ishlatilishi yillar davomida bo‘lib kelgan va tuproqda nitrat miqdori nisbatan ko‘p. Endi nimaga hozirgi holatda bunaqa savollar paydo bo‘ldi? Suv resurslarining cheklangani eng asosiy omil sifatida ko‘riladi. Ilmiy asoslangan agrotexnologiyaga o‘tish o‘zining yaxshi samarasini beradi.

Bizning hududlarda 50 dan ortiq ilmiy tajriba stansiyalarimiz bor. Hududlarni o‘rganish jarayonida fermer xo‘jaliklarning bevosita maydonlarini ko‘z bilan ko‘rdik. Uni 3 ta guruhga ajratdik. Ortda, o‘rtacha va yaxshi rivojlangan hududlarda g‘alla ekinlarining rivojlanishini kuzatdik. Ba’zi fermer xo‘jaliklarda g‘alla maydoni vaqtida sug‘orilmagan yoki o‘g‘itlash rejimi buzilgan. Bu 15-20 sentner hosildorlikni kamaytirishga ta’sir ko‘rsatgan holat. Zudlik bilan har bir guruhga mos o‘g‘itlash va sug‘orish agrotexnik tadbirlarini to‘g‘ri va maqbul tarzda o‘tkazishni amalga oshirish kerak. Agar buni vaqtida qilmasak, ertaga hosildorlikni 20 sentner yo‘qotish ehtimoli bor”, deydi Shuhrat Otajonov.

Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti direktori Ravshanbek Siddiqovga ko‘ra, 2025 yil hosili uchun ekilgan boshoqli ekinlar respublika bo‘yicha o‘ta murakkab fiziologik jarayonlarni boshdan kechirmoqda. Shuning uchun har bir ekin dalasida g‘allaning navi, biologik xususiyatlaridan kelib chiqib, agrotexnik tadbirlarga jiddiy e’tibor berish zarur.

“Oktyabr-noyabr oyi biroz seryog‘in bo‘lishi g‘alla ekishni kechiktirdi. Bugungi kunda hamma mintaqalarimizda g‘allaning 10-15 foizi rivojlanishdan orqada qolmoqda. Ayniqsa, fermer xo‘jaliklarimiz, g‘allachilik bilan shug‘ullanadigan klasterlarimizning mutaxassislari bugun g‘allazorga kirib, e’tiborli bo‘lib kuzatuvni olib borishi kerak”, deya ta’kidlaydi Ravshanbek Siddiqov.

Matbuot anjumanida sovuq kunlar ko‘p bo‘lgani g‘allaning rivojlanishiga salbiy ta’sir qilayotgani, shuningdek, dala maydonlarini g‘o‘zapoyalardan vaqtida tozalamaslik agrotexnik tadbirlar samarasini kamaytirayotgani haqida ham fikrlar bildirildi.

Shahzod O‘roqboyev,
Kun.uz

Mavzuga oid