Jahon | 19:59 / 14.02.2025
1579
2 daqiqa o‘qiladi

Ilon Mask rahbarlik qilayotgan departament saytida zaiflik aniqlandi

Ushbu zaiflik orqali istalgan foydalanuvchi saytdagi ma’lumotlarni tahrirlay olishi mumkin. Ekspertlarga ko‘ra, DOGE sayti hukumat serverlarida faoliyat yuritmayapti.

Foto: The Verge

Ilon Mask rahbarlik qilayotgan Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) saytida zaiflik aniqlandi. Ushbu zaiflik orqali istalgan foydalanuvchi u yerdagi ma’lumotlarni tahrirlay olishi mumkin, deb yozadi The Verge.

Sayt faoliyatidagi xatolikni veb dasturlash bo‘yicha ekspertlar aniqlagan bo‘lib, bu haqda 404Media orqali ma’lum qilgan. Ulardan biri misol tariqasida saytda quyidagicha post qoldirgan: «Bu «ekspertlar» o‘z ma’lumotlar bazasini ochiq qoldirgan».

Doge.gov saytida «bu AQSh hukumatining rasmiy sayti» deyilgan. Ammo ekspertlarning fikricha, u hukumat serverlarida faoliyat yuritmaydi.

Ilon Mask rahbarligi ostidagi Hukumat samaradorligi departamenti Donald Tramp AQSh prezidentligi lavozimiga kirishganidan keyin ish boshlagan. Mazkur tuzilma Amerika hukumati faoliyati samaradorligini oshirishi kutilmoqda. Xususan, departament federal agentliklarga o‘z xodimlarini joylashtiradi — ular qanday qoidalarni soddalashtirish yoki bekor qilish, qaysi xodimlarni ishdan bo‘shatish kerakligi bo‘yicha tavsiyalar beradi. Shu bilan birga, departament keng vakolatlarga ega, uning xodimlari AQShdagi qator federal agentliklar ustidan nazoratni qo‘lga kiritishi mumkin.

DOGE — AQSh hukumati departamenti emas

DOGE hukumat departamenti emas va Mask yangi ma’muriyatning a’zosi sanalmaydi. Shu bilan birga, uning G‘arbiy qanotda ofisi, shuningdek, Oq uy majmuasining bir qismi bo‘lgan Eyzenxauer ma’muriy idorasi binosida ofisi mavjud.

Milliarderning ko‘rsatmasi bo‘yicha 19 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan dasturchilar va muhandislarga federal agentliklarning nozik ma’lumotlari ustidan nazorat berilyapti hamda ular ommaviy ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilishyapti.

Mavzuga oid