AQShning yangi prezidenti, avvalgisidan farqli ravishda, Putinni yakkalab qo‘yish yo‘lidan yurmoqchi emas. U RF rahbari bilan faol muloqot boshladi. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, bu – Trampning avtoritar shaxslarni hurmat qilishi bilan bog‘liq. “U diktatorlarni kuchli shaxslar deb hisoblaydi, buni hech qachon yashirmagan”, deydi tahlilchi.
AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasidagi telefon muloqoti so‘nggi kunlarda global maydondagi eng asosiy voqelik bo‘lib turibdi. Kun.uz ayni mavzuda siyosiy tahlilchilar ishtirokida jonli efir tashkil etdi.
Unda siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Oq uyning yangi rahbari Rossiya prezidenti bilan muloqotni tiklashiga sabab bo‘lgan omillar haqida fikr bildirdi.
“Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin AQSh siyosiy elitasi oxirgi uch yilda Putin va uning ma’muriyati bilan muloqotni mutlaqo to‘xtatib qo‘ygan edi. Bu bilan ular Rossiyani izolyatsiya qildi va xalqaro hamjamiyatdan quvib soldi. Bu davrda Putin bilan Yevropaning faqatgina ba’zi vositachi rahbarlari, jumladan, avvaliga Makron, keyin Shols muloqot qilib turdi. Endi Tramp hokimiyatga kelib, Putin bilan muloqotni to‘g‘ridan to‘g‘ri amalga oshirmoqda. Bu Amerikaning jiddiy siyosiy kardinal o‘zgarishini anglatadi. Trampning usuli shundan iborat: u dunyodagi eng “izgoy” siyosatchilar bilan bemalol gaplashaveradi. Masalan, Shimoliy Koreya prezidenti bilan ham.
Aslida Tramp avtoritar shaxslarni hurmat qiladi, ya’ni demokratik liderlardan ko‘ra avtoritar shaxslar bilan o‘zini erkinroq va qulayroq his qiladi. Diktatorlarni kuchli shaxslar deb hisoblaydi. U buni hech qachon yashirmagan.
Bir yarim soatlik suhbatning asosiy qismi, ishonchim komilki, Ukrainaga bag‘ishlangan. NATOning Yevropa Ittifoqidagi liderlari bilan uchrashuvda Pentagonning yangi rahbari Pit Hegset Ukrainaning Qrim anneksiyasigacha bo‘lgan chegaralarga qaytishi va NATO a’zosiga aylanishi noreal ekanini aytdi. Ukraina 1991 yilgi chegaralarga qaytmoqchi edi, biroq AQSh o‘zining bunga qarshi pozitsiyasini e’lon qildi. AQSh Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishga veto qo‘yishini ham ma’lum qildi.
Pit Hegset Yevropa davlatlariga aytdi: urushga tayyorlaninglar, NATOga ko‘proq ajratmasalaring, ertaga undan-da ko‘proq pul to‘laysizlar. Shu tariqa, bugun kollektiv G‘arb mavjud emas. Tramp kelishi bilan G‘arb davlatlari bo‘lindi. Trampning pozitsiyasini Yevropa qabul qilmaydi, u Kanada bilan ham muammolar boshladi, qolgan davlatlar bilan ham o‘rtada jiddiy muammolar chiqishi mumkin. Hozircha Yaponiya, Janubiy Koreya bilan munosabatlar iliq ko‘rinib turibdi, lekin Yevropa… Tramp Yevropaga savdo-iqtisodiy urush qilishga tayyorlanyapti. Bugungi kunda Amerika va Yevropa o‘rtasida yaxlitlik, birlik mavjud emas.
Donald Tramp Ukraina strategiyasini to‘liq qayta ko‘rib chiqmoqchi. Va bu Rossiya uchun bonus bo‘lish ehtimoli yuqori. Albatta, Xitoy uchun ham”, – deydi Rabbimov.