Xitoyda ikki oyoqli robotlarga odamlardek yugurish o‘rgatildi

Fan-texnika 13:39 1915

Unitree kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan robot G1 Bionic deb nomlandi. U allaqachon hayratlanarli tezlikni namoyish etmoqda — soatiga taxminan 7,2 kilometr (yengil yugurish tezligiga teng).

Ikki oyoqda yurish robototexnika uchun doim murakkab vazifa bo‘lib kelgan. Muhandislar tez harakatlanish paytida robot tanasining muvozanatini real vaqt rejimida ta’minlaydigan algoritmlarni ishlab chiqa olmayotgan edi.

Unitree bu muammoni ilg‘or texnologiyalar yordamida hal qildi. G1 Bionic’ga 3D yetakchi sensorlar va kameralar o‘rnatilgan bo‘lib, ular qurilmaga atrof-muhitni skanerlash va o‘z holatini qisqa fursatda vaziyatga moslashtirish imkonini beradi. Bundan tashqari, robotning bo‘g‘imlari harakat uchun sarflanadigan quvvatni yuza va sharoitga moslaydi. Bu esa murakkab yo‘nalishlarda ham uning silliq va barqaror harakatlanishini ta’minlaydi.

Yaqinda kompaniya G1 Bionic robotning imkoniyatlarini namoyish etuvchi videorolik taqdim etdi: unda robot turli yuzalar bo‘ylab ishonch bilan yurayotgani va yugurayotgani, to‘siqlarni oshib o‘tayotgani ko‘rsatiladi. Biroq videoda yugurishni boshlash yoki tezlikni o‘zgartirish vaqtlari ko‘rsatilmagan, bu esa robotning haqiqiy dinamik yuklamalarga moslashuvchanligiga oid savollarni ochiq qoldiradi.

Qizig‘i shundaki, robotni boshqarish algoritmlari inson harakatlarini tahlil qilishga asoslanadi. Tizimni o‘rgatish uchun turli sharoitlarda inson harakatlarini qayd etuvchi ma’lumotlar bazasidan foydalanilgan. Bu G1 Bionic’ga tabiiy harakatlarga taqlid qilish imkonini bergan, natijada uning yurishi yugurayotgan odamnikiga o‘xshab ketadi.

Robotning quvvat manbai yana bir masala. Sinovlar ochiq joyda va elektr tarmog‘iga ulanmasdan o‘tkazilgani bois, u batareya bilan ishlashi taxmin qilinmoqda. Biroq robot bir zaryad qilinganda qancha vaqt ishlay olishi noma’lum.

Insondek ko‘rinish G1 Bionic’ga odamlar uchun yaratilgan sharoitlarda — shaharlarda va binolarda sezilarli ustunlik beradi. Kelajakda u nafaqat yugura olish, balki harakat paytida narsalarni ko‘tara olish qobiliyatini ham namoyish etsa, uni qutqaruv operatsiyalari, yuk yetkazib berish va yuqori harakatchanlik talab qilinadigan boshqa vazifalarda qo‘llash mumkin bo‘ladi. Unitree kompaniyasining yangi ishlanmasi humanoid robotlarni hayotning turli sohalarida qo‘llash uchun keng istiqbollarni ochmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: