AQSh prezidentining maxsus vakili Kit Kellog NATO bo‘yicha ittifoqchilari bilan muzokaralar o‘tkazish maqsadida Rossiya—Ukraina urushi bo‘yicha tinchlik rejasini ishlab chiqishni to‘xtatib qo‘ydi. Bu haqda The Telegraph gazetasi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
«Donald Tramp ma’muriyati muzokaralar stolidan Yevropada joy berish maqsadida o‘zining Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasini amalga oshirishni to‘xtatib qo‘ydi», — deb yozadi nashr.
Tinchlik rejasini yakunlashdan oldin Kit Kellog NATOga a’zo davlatlar prezidenti va bosh vazirlar bilan muzokaralar o‘tkazish niyatida. Kellog yevropalik diplomatlarga Yevropa davlatlari yetakchilarining tinchlik bitimi bo‘yicha fikrlarini eshitmoqchiligi va ushbu mamlakatlar mojaroni to‘xtatish jarayoniga qanday hissa qo‘shishlari mumkinligini bilmoqchi ekanini aytgan.
Donald Trampning maxsus vakili Vashington NATO davlatlarini tinchlik jarayonidan chetlatishi mumkinligidan xavotirga tushayotganlarni tinchlantirish maqsadida ular bilan muzokaralar o‘tkazishga va’da bergan.
The Telegraph ma’lumotlariga ko‘ra, Kit Kellog yevropalik diplomatlarga Vashington Rossiya bilan kelajakdagi har qanday muzokaralar uchun Ukraina pozitsiyasini mustahkamlash niyatida ekanini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni to‘xtatishni prezidentlik dasturining asosiy bandlaridan biri deb atagan. Bloomberg manbalari Trampning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog urushni to‘xtatish bo‘yicha AQSh rejasini Myunxen xavfsizlik konferensiyasida taqdim etishini ma’lum qilgandi. Kellogning o‘zi bu xabarni rad etgan. Uning aytishicha, rejani Tramp taqdim etadi, ammo «bu keyingi hafta sodir bo‘lmaydi» (10-16 fevral).