O‘zbekiston | 20:30 / 11.02.2025
4472
5 daqiqa o‘qiladi

11 fevral yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Samarqandda muzlamada yonboshlab qolgan avtobus, yo‘l harakati qoidalarini buzgan 40 ming haydovchi, elektron tizimga o‘tayotgan shifokorlar qabuli hamda mahalliychilik qilib 10 sutkaga qamalgan talaba qiz — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Samarqandda avtobus muzlamada yonboshlab qoldi

Samarqandda qor va muzlama tufayli yo‘lovchi avtobusi avtofalokatga uchradi. Jomboy shaharchasidan Toshkentga yo‘lga chiqqan avtobus M39 yo‘lidagi temiryo‘l o‘tkazgichiga chiqish paytida muzlamada toyib ketib, yo‘l chetidagi beton to‘siqqa urilib, yonboshlab qolgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan tasvirlarda avtobusning pachaq bo‘lgani va bir necha derazalari singani ko‘rinadi. Voqea guvohlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar yo‘q, bir necha yo‘lovchi turli darajada tan jarohati olgan.

YHXX ma’lumotiga ko‘ra, hodisa yuzasidan Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Hozircha jabrlanganlar to‘g‘risida rasmiy axborot berilmagan.

Yo‘l harakati qoidalarini buzgan 40 ming haydovchi

O‘zbekistonda 2024 yil davomida yo‘l harakati qoidalarini buzgan 26 mingdan ortiq haydovchi jabrlanuvchilarga yengil tan jarohati yetkazgan yoki katta moddiy zarar keltirgani uchun jazolandi.

Oliy sud ma’lumotiga ko‘ra, jami 40 ming 119 haydovchiga nisbatan 39 ming 270 ta ish ko‘rib chiqilgan. Ularning 26 ming nafariga jarima yoki haydovchilik huquqidan mahrum qilish kabi ma’muriy jazolar qo‘llangan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda O‘zbekistonda 9364 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lib, ularda 2203 kishi halok bo‘lgan va 8901 kishi tan jarohati olgan.

Mahalliychilik qilgan talaba 10 sutkaga qamaldi

Toshkentliklarni haqorat qilgan videolavha tarqatgan 25 yoshli talaba qiz 10 sutkaga qamaldi. U ijtimoiy tarmoqlarda poytaxt aholisini uyatli so‘zlar bilan haqorat qilgan videoni joylashtirgan. Sud jarayonida u taksi haydovchisining mahalliychilik ohangidagi gapidan jahli chiqib, shu tarzda javob videosini tarqatganini aytib, qilmishiga pushaymonligini bildirgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, talaba qiz Instagramdagi akkaunti yopiq ekanini va videoni 5 daqiqada o‘chirganini aytgan.

Lekin video skrinshotlar orqali tarqab ketgan. Sud uni mayda bezorilikda aybli deb topib, Ma’muriy javobgarlik kodeksining 183-moddasiga asosan 10 sutka qamoq jazosi tayinladi.

Xonadonida sher bolasini saqlagan fuqaro

Buxoro viloyatining Romitan tumanida o‘z xonadonida yovvoyi sher bolasini noqonuniy saqlab kelgan fuqaro aniqlandi.

Ekologiya boshqarmasi, ichki ishlar bo‘limi va Milliy gvardiya xodimlari o‘tkazgan tekshiruv davomida fuqaroning tegishli ruxsatnomasiz yovvoyi hayvonni boqqani tasdiqlandi. Holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 92-moddasi 1-qismi asosida huquqbuzarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ish sudga yuborildi.

Sher bolasi vaqtinchalik hayvonot bog‘iga joylashtirildi. Sud qarori e’lon qilingach, hayvonning keyingi taqdiri haqida qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Shifokor qabuli elektron tizimga o‘tadi

O‘zbekistonda 2025 yildan shifokor qabuliga navbat to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi. Bu davlat dasturi doirasida tibbiyot tizimini bosqichma-bosqich transformatsiya qilish rejasining bir qismi hisoblanadi.

Oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokorlik va mahalla tibbiyot punktlarida birlamchi tibbiy yordamni samarali tashkil etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar markaziy shifoxonalarning maslahat-diagnostika bo‘limlari sifatida ishlaydi.

Stomatologiya xizmati autsorsing asosida xususiy sektorga beriladi. Markazlashgan laboratoriyalar tashkil qilinib, sanitariya-gigiyena nazorati kuchaytiriladi. Shuningdek, viloyat darajasidagi ixtisoslashtirilgan tibbiy muassasalar ko‘p tarmoqli klinikalarga aylantiriladi.

Atrof-muhit zarari uchun majburiy sug‘urta joriy etiladi

O‘zbekistonda korxonalar uchun atrof-muhitga yetkazilgan zararni majburiy sug‘urta qilish tizimi joriy etiladi. Prezident farmoniga ko‘ra, 1 avgustdan I va II toifadagi korxonalarni ekologik toza ishlab chiqarishga o‘tishga rag‘batlantiruvchi yangi tartib amalga kiritiladi.

Shuningdek, Ekologiya vazirligi 1 noyabrga qadar majburiy ekologik sug‘urta tizimini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqishi kerak.

Yangi tizimga ko‘ra, atrof-muhitga zarar yetkazgan korxonalar havo, suv yoki tuproqni ifloslantirgan hollarda, sug‘urta kompaniyalari oqibatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi. Tabiiy muhit xavfi yuqori korxonalar ko‘proq sug‘urta badali to‘laydi, bu esa toza texnologiyalar va modernizatsiyani rag‘batlantiradi.

Mavzuga oid