Jahon | 17:35 / 10.02.2025
2983
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa davlatlari Rossiya neftlari ortilgan tankerlarni tutib qolishni reja qilmoqda - Politico

Sanksiyalar ostidagi Rossiya neftining qariyb yarmi Fin ko‘rfazi orqali o‘tadi. Ekspertlarga ko‘ra, YeIning bunday qarori RFni javob choralarini ko‘rishga undashi mumkin.

Foto: AFP

Yevropa davlatlari Boltiq dengizi orqali Rossiya neftini tashiyotgan tankerlarni tutib qolish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Buning uchun yuridik asos tayyorlanyapti. Bu haqda Politico yevropalik diplomat va amaldorlarga tayanib xabar berdi.

Muhokama qilinayotgan takliflar orasida atrof-muhit yoki qaroqchilikka qarshi kurashish bahonasida kemalarni tortib olish uchun xalqaro huquqdan foydalanish ham bor. Boshqa bir holatda esa mamlakatlar kemalarni ko‘proq tutib qolish uchun o‘zlarining milliy qonunlariga tayangan holda mustaqil ish ko‘rishlari ham mumkin.

Estoniya tashqi ishlar vaziri Margus Tsaxkna so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalar ostidagi Rossiya neftining qariyb yarmi Fin ko‘rfazi orqali o‘tadi. Uning ta’kidlashicha, Boltiq dengizida tankerlar harakati tufayli suvosti kabellarining uzilishi va ekologik xatar yuzaga kelayotgan holatlar mavjud.

«Endi savol tug‘iladi, bu kemalar bilan nima qilishimiz mumkin? Biz butun dengizni bloklab qo‘ya olmaymiz, ammo katta qismini nazorat qilsa bo‘ladi. Ko‘plab imkoniyatlar mavjud», — deydi u.

Ekspert va mutaxassislarning aytishicha, ushbu rejalarni amalga oshirish oson bo‘lmaydi. Ularning hisoblashicha, bu Rossiyani javob choralarini ko‘rishga undaydi, ortiqcha moliyaviy xarajatlarni yuzaga keltiradi va logistikani qiyinlashtiradi.

Energetika va toza havo tadqiqotlari markazining Rossiya—Yevropa yo‘nalishi rahbari Ayzek Levining ma’lum qilishicha, 2024 yilda Boltiq portlari orqali soyadagi flotning 348 ta kemasi harakatlangan — bu Rossiya tomonidan sotilayotgan jami neft hajmining 40 foizi demak.

Mavzuga oid