Jahon | 15:32 / 10.02.2025
5519
3 daqiqa o‘qiladi

Uolts: AQSh Ukraina xavfsizligi kafolatlarini Yevropaga yuklaydi

Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari masalasi Yevropaga ishonib topshiriladi, Qo‘shma Shtatlar esa Kiyevga harbiy yordam uchun xarajatlarini qoplashi kerak, dedi Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi.

Mayk Uolts Foto: Elizabeth Frantz / Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining yuqori martabali rasmiylari kelasi hafta yevropalik amaldorlar bilan uchrashib, Ukrainadagi keng ko‘lamli urushni tugatish yo‘llarini muhokama qiladi. Bu haqda 9 fevral, yakshanba kuni AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uoltsga tayanib, Associated Press xabar berdi. Uoltsga ko‘ra, AQSh davlat kotibi Marko Rubio, mudofaa vaziri Pit Xegset, vitse-prezident Jyey Di Vens hamda AQShning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog Yevropaga safar qiladi.

Shu kuni Mayk Uolts NBC telekanaliga bergan intervyusida aynan Yevropa Ukrainaga urush tugaganidan keyin xavfsizlik kafolatlarini berishi kerakligini, AQSh esa Kiyevga harbiy yordam uchun sarflagan xarajatlarini qoplash niyatida ekanini aytdi. «Biz bu xarajatlarni qoplashimiz kerak va bu ukrainaliklar bilan nodir metallar, tabiiy resurslar, neft-gaz va bizning resurslarimizni sotib olish bo‘yicha hamkorlik bo‘ladi», dedi Tramp maslahatchisi.

AQSh prezidenti «urushni tugatish» va «barcha tomonlarni», jumladan Xitoy, Hindiston va Yaqin Sharqni muzokaralarga jalb etish niyatida, deya ta’kidladi Uolts. Shuningdek, u, agar Moskva muloqotdan bosh torsa, Tramp Rossiyaga qarshi «soliqlar, tariflar, sanksiyalar» joriy etishdan qo‘rqmasligini qo‘shimcha qildi.

AQSh Ukrainaga harbiy yordamni vaqtincha to‘xtatgan

AQShning yangi ma’muriyati bir necha kunga Ukrainaga harbiy yordam yetkazib berishni to‘xtatib qo‘ydi va keyin qayta tikladi. Bu haqda Reuters agentligiga to‘rt xabardor manba ma’lum qildi, deya xabar beradi agentlik 3 fevral kuni.

Yetkazib berish qachon to‘xtatilgani haqida aniq ma’lumot bermagan Reuters bu Donald Tramp ma’muriyati ichidagi kelishmovchiliklar tufayli sodir bo‘lganini yozadi. U 20 yanvar kuni lavozimga kirishgan. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, yetkazib berish «so‘nggi kunlarda» to‘xtatilgan va «dam olish kunlari», ya’ni 1-2 fevral kunlari qayta tiklangan.

Oq uy avvaliga Ukrainaga barcha yordamni to‘xtatmoqchi bo‘lgan, biroq keyin uning pozitsiyasi o‘zgargan, deya ta’kidlaydi Reuters. «Ma’muriyat ichida Qo‘shma Shtatlar Kiyevga o‘z zaxirasidagi qurol-yarog‘lar bilan qay darajada yordam berishni davom ettirishi kerakligi borasida kelisha olmayotgan guruhlar bor», deb yozadi agentlik va «bu qisqa pauza Tramp ma’muriyati ichidagi munozaralar shiddatining birinchi aniq belgisidir», deya xulosa qildi.

Oq uy ma’lumotga izoh berishdan bosh tortdi.

Mavzuga oid