Shavkat Mirziyoyev 10 fevral kuni atom energetikasi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar beradi prezident matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining o‘sib borayotgan ehtiyojini ta’minlash uchun mamlakatda energetikaning barcha manbalari ishga solinmoqda. An’anaviy generatsiyadan tashqari, so‘nggi yillarda qariyb 4 gigavattli muqobil quvvatlar ishga tushirilgan va «yashil» energiya ulushi 16 foizga yetgan.
«Kelgusi besh yilda yana 25 gigavattli qayta tiklanuvchi energiya manbalari barpo etiladi. Bularning hisobiga yiliga 64 milliard kilovatt soat «yashil» energiya olinadi. Umuman, 2030 yilga borib, yurtimizda jami generatsiyada «yashil energiya» ulushini 50 foizdan oshirish maqsad qilingan», — deyiladi xabarda.
Ayni paytda raqamli texnologiyalar, elektromobillar, elektr jihozlar, sun’iy intellekt, mayning kabi tarmoqlarning rivojlanishi energiyaga bo‘lgan talabni keskin oshirmoqda. Ta’kidlanishicha, shu bois ko‘plab davlatlar yangi turdagi energiya quvvatlariga o‘tish yo‘llarini izlayapti. Yer qa’ridan qazib olinadigan yoqilg‘ilar o‘z o‘rnini qayta tiklanuvchi manbalarga bo‘shatib beryapti. Bugunga kelib, dunyodagi jami generatsiyaning 42 foizi muqobil energiyadir.
«Uzoq yillik quvvatlarni barpo etishda atom energetikasi maqbul hisoblanadi. Hozirgi kunda dunyoda 375 gigavattli 417 ta atom reaktorlari ishlatilmoqda. Yana yangi stansiyalar qurilyapti, ko‘p davlatlar atom energetikasini o‘zining rivojlanish strategiyasiga kirityapti», — deya qayd etiladi xabarda.
Mamlakatda uran zaxirasi borligidan foydalanib, uzoq muddatga mo‘ljallangan quvvat tashkil etish rejalashtirilgan. Xususan, kichik quvvatli reaktorlar barpo etish loyihasi ishlab chiqilgan. 2024 yil 5 dekabrda Samarqand shahrida atom energiyasidan foydalanish masalalari bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazilgan edi.
Shuningdek, yig‘ilishda mutasaddilar tomonidan atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar bo‘yicha axborot berilgan.
Davlat rahbari bo‘lajak stansiya va tizimda ishlaydigan mutaxassislarni hozirdan tayyorlash, xavfsizlikni Xalqaro atom energiyasi agentligi talablari darajasida ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar bergan. Bunday texnologiyalar iqtisodiyot raqobatdoshligini oshirib, uzoq muddatli o‘sish sur’atlari uchun munosib zamin yaratishi ta’kidlangan.