Yoshlar parlamentiga rais va unga ikki o‘rinbosar saylandi
Senatda parlament yuqori palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Laylo Aslonova Yoshlar parlamenti raisi etib bir ovozdan saylandi.

Laylo Aslonova / Foto: Oliy Majlis Senati
Oliy Majlis Senatida parlament yuqori palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining majlisi bo‘lib o‘tdi. Uning ishida Tanzila Norboyeva ham ishtirok etdi, deb xabar beradi Senat matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, majlisda Laylo Aslonova Yoshlar parlamenti raisi etib bir ovozdan saylangan. Shuningdek, Ibrohimjon Jo‘raboyev hamda Azizbek Ochilboyev Yoshlar parlamenti raisi o‘rinbosarlari etib tasdiqlangan. Bundan tashqari, Yoshlar parlamentining komissiyalari raislari va ularning a’zolari ham saylangan.
Tashkiliy masaladan so‘ng Senat raisi Tanzila Norboyeva o‘z nutqida Yoshlar parlamenti o‘z faoliyatida e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga to‘xtalib o‘tgan.
Shuningdek, Yoshlar parlamenti yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilikning, bolalar va ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot tadbirlarida faol ishtirok etishi, xorijiy mamlakatlarning yoshlar parlamentlari bilan hamkorlik qilishi va o‘zaro tajriba almashishi lozimligiga ham urg‘u berilgan.
«Yoshlar parlamenti tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar va tadbirlarni keng jamoatchilikka yetkazishda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va aniq media-reja asosida ishni tashkil qilish hamda ularni yoshlar ko‘p foydalanadigan Internet, ijtimoiy tarmoqlarda muntazam yoritib borish yuzasidan tavsiyalar berildi», — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Yoshlar parlamenti g‘oyasi 2017–2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasida e’lon qilingan edi. Yoshlar parlamenti Senat huzurida tashkil etiladigan yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan jamoatchilik asosida tuziladigan maslahat organi hisoblanadi.
Mavzuga oid

15:22 / 09.09.2020
Yoshlar parlamenti kitobxonlik kunini belgilashni taklif qilmoqda

00:03 / 27.08.2020
«Ba'zi qonunlar o‘z vaqtida ayrim shaxslar manfaatiga moslab chiqarilgan» – Senat raisi Yoshlar parlamentida nutq so‘zladi

18:21 / 17.08.2020
«Yoshlar parlamenti shunchaki oddiy tuzilma emas» – Nurdinjon Ismoilov

20:38 / 30.07.2020