Xitoyning sharqidagi Chjyetszyan provinsiyasida yashovchi 80 yoshli Van Vanlin 700 dan ortiq bolaning “otasi”ga aylandi. Erkakning o‘zi umri davomida oila qurmagan, deb yozadi South China Morning Post.
Gap shundaki, erkak 1979 yildan buyon uysiz yoki turli sabablarga ko‘ra ko‘chada qolgan bolalarga yordam berib kelmoqda. Vanlin birinchi marta bunday bolani 34 yoshida uchratgan. O‘shanda 15 yoshli o‘smirni aldab ko‘mir konida ishlashga majbur qilishar, oqibatda bola uyiga qayta olmayotgan edi. Bir haftadan so‘ng, Van unga poyezd chiptasini olib berdi.
Bu voqea Vanlinning butun hayotini o‘zgartirib yubordi. Yoshligida u ham qiynalgan —qo‘shnisi uni nohaq o‘g‘rilikda ayblagandi. Vanni jinoyatni bo‘yniga olishga majburlab, so‘ngra uni olisdagi hududdagi fermaga yuborishgan. U yerda u 16 yil davomida ishlashga majbur bo‘lgan.
1978 yilda Vanlin ozodlikka chiqib, fabrikada ish topdi. Oradan bir yil o‘tib, qiyin ahvolga tushib qolgan bolalarga yordam berishni boshladi. Ularni o‘z kvartirasiga taklif qilar, maoshini esa bolalarni boqish va uylariga qaytarish uchun sarflardi. Buning evaziga erkak bolalardan uyga sog‘-salomat yetib borgani haqida xabar berishni so‘rardi, xolos.
Vanlin oilasi yo‘q o‘nlab bolalarni o‘z qaramog‘iga oldi. U 12 yoshli Yuy ismli bolani ham qutqarib qolgan. Van tufayli Yuy hayotda muvaffaqiyatga erishdi: u o‘zi ishlab topgan puliga oilasi uchun ikki qavatli uy qurdi.
2022 yilda Yuy Van yolg‘iz yashayotganidan xabar topdi. Shunda u qariyaga g‘amxo‘rlik qilish vaqti kelganini tushundi. Ijtimoiy tarmoqlarda Yuy Vanlinning hayoti haqida so‘zlab berdi — uning hikoyasi minglab foydalanuvchilarni ta’sirlantirdi. Ba’zilar uni “ulkan qalb egasi” deb atadi.
Vanlin bir paytlar o‘zi qutqargan 700 nafar bolaning xatlarini asrab kelmoqda.