Marselo futbolchilik faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi

Sport 18:12 2150

«Real» sobiq himoyachisi videorolikda futbolga bo‘lgan yo‘li va karerasining muhim daqiqalarini eslab o‘tdi. Lavhaning oxirida esa Marselo faoliyatini tugatishini ma’lum qildi.

«Futbolga bo‘lgan muhabbatimni otamdan oldim. U mendan professional futbolchi bo‘lishimni va bunga erishish uchun barcha imkonlarimni ishga solishimni xohlar edi.

18 yoshimda «Real» taklif bilan keldi, shu tarzda men bu yerga keldim. Hozirda «madridist» ekanimni faxrlanib ayta olaman. Bu yerda men oila qurdim. 16 mavsum, 25ta sovrin, 5 marta Chempionlar Ligasidagi g‘oliblik, shu jumladan birinchi marta sardor sifatida... Va «Bernabeu»dagi ko‘plab ajoyib oqshomlar. Bu ajoyib sarguzasht bo‘ldi.

Men har doim ikki Olimpiada medali va Konfederatsiyalar Kubogi g‘olibligi bilan ham faxrlanaman.

«Fluminens»ga qaytish mening klubga qilgan xizmatimni qaytarish, ularga faoliyatimni boshlanishidagi yordamga minnatdorlik bildirishim edi. Ularga uchta sovrin bilan, jumladan, Kopa Libertadores bilan g‘alaba qozonishlariga yordam berdim va kelajak avlodlar uchun meros qoldirdim.

Futbolchi sifatida yo‘lim shu yerda tugadi, lekin futbolga hali berishim kerak bo‘lgan narsalarim bor. Barchaga rahmat», – deydi Marselo videorolikda.

Eslatib o‘tamiz, Marselo o‘tgan yilning noyabr oyida «Fluminense» bosh murabbiyi bilan kelishmovchilik ortidan jamoasiz qolgandi.

Ko‘proq yangiliklar: